Jahon | 20:14 / 31.05.2026
2876
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada ozdiruvchi dori sotib olganlarning xarajatlari qoplab beriladi

2024 yilda o‘tkazilgan milliy epidemiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, Fransiya aholisining taxminan 18 foizi, ya’ni qariyb 10 million kishi semizlikdan aziyat chekmoqda.

Foto: Getty Images

Fransiyada 15 iyundan boshlab vazn kamaytirish uchun qo‘llaniladigan dori vositalari xarajatlarini qoplash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Rist ma’lum qildi.

Mamlakatda vazn kamaytirishga mo‘ljallangan Wegovy va Mounjaro kabi preparatlar xarajatlari qoplanadi. Shu tariqa Fransiya Yevropada bunday dori vositalari narxini davlat hisobidan to‘laydigan birinchi mamlakatga aylanadi.

Stefani Ristning ta’kidlashicha, rasman kompensatsiya darajasi 65 foizni tashkil etadi. Biroq bemorlarning aksariyatida gipertoniya yoki qandli diabet kabi yo‘ldosh kasalliklar bo‘lgani uchun amalda ularning xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.  

Wegovy preparati Novo Nordisk kompaniyasi tomonidan, Mounjaro esa Eli Lilly and Company tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular vazn kamaytirish uchun mo‘ljallangan yangi avlod preparatlari hisoblanadi.

Bu dorilarning yuqori narxi semirishdan davolanish imkoniyatini cheklab kelayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.  

2024 yilda o‘tkazilgan milliy epidemiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, Fransiya aholisining taxminan 18 foizi, ya’ni qariyb 10 million kishi semizlikdan aziyat chekmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida 16 yoshdan katta aholining taxminan 51 foizi ortiqcha vaznga ega.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid