Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanada Falastinni tan oladi – Mark Karni
30 iyul kuni Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkilotining sentabr oyidagi yig‘ilishida Falastin davlatini tan olish rejasini ma’lum qildi. G‘azoda ocharchilik kuchayib borayotgan paytda amalga oshirilgan bu qadamlar Isroilga nisbatan bosimni oshirmoqda.
Foto: AFP
Kanada bu bilan Fransiya va Britaniyadan keyin Falastinni tan olishi kutilayotgan G7 ning uchinchi davlati bo‘ladi. «Kanada Isroil hukumati G‘azoda falokat yuz berishiga yo‘l qo‘ygani faktini qoralaydi», dedi Karni.
Karni tan olish qarori – qisman Falastin davlatini BMTda ifodalaydigan Falastin ma’muriyatining boshqaruvni isloh qilayotgani, 2026 yilda umumiy saylovlar o‘tkazishga tayyorligi haqidagi kafolatlarga asoslanganini aytdi. Unga ko‘ra, bu saylovlarda HAMAS «ishtirok etmasligi kerak».

Isroil va uning eng yaqin ittifoqchisi hisoblangan AQSh Karnining bayonotlariga raddiya berdi.
«Kanada hukumatining hozirgi pozitsiyasini o‘zgartirishi HAMASni mukofotlash va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish hamda garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga zarar yetkazadi», deyiladi Isroil tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Fransiya va Britaniyaning bayonotlaridan so‘ng shunga o‘xshash fikr bildirgandi.
Reutersʼning Oq uydagi ismi oshkor etilmagan rasmiysiga ko‘ra, prezident Donald Tramp ham Falastin davlatini tan olishni «HAMASni mukofotlash» deb hisoblashini aytgan. AQShning maxsus elchisi Stiv Uitkoff payshanba kuni G‘azo masalasida muzokaralar uchun Isroilga yo‘l oladi. Tramp bu hafta G‘azoda ko‘proq odamlarni oziqlantirish uchun markazlar tashkil etilishini aytgandi.
AQSh Milliy razvedkasining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Jonatan Panikoff Falastinni tan olish «Isroilni ikki davlatli yechimga qaytishga majbur qilish uchun bosimni oshirishga qaratilgan» dedi. Biroq u Kanada qarori «ramziy bo‘lishdan boshqa narsa emas va Isroil bilan uzoq yillik ittifoqchilik munosabatlarini zaiflashtirish xavfini tug‘diradi», deya qo‘shimcha qildi.
Falastin davlati 2012 yildan beri BMT Bosh Assambleyasining a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlati hisoblanadi va uni tashkilotning 193 a’zosidan uchdan ikki qismi tan olgan.
Isroilning eng yaqin ittifoqchilari bo‘lgan ayrim davlatlarning ushbu qarorlari G‘azoga oziq-ovqat va boshqa yordamni cheklash va u yerdagi keskin humanitar inqirozga nisbatan xalqaro g‘azab kuchayayotganini aks ettiradi. Global ocharchilik monitoringi G‘azoda eng og‘ir – ocharchilik ssenariysi yuz berayotganidan ogohlantirdi.
Mavzuga oid
20:52 / 25.12.2025
Falastinni parchalash: G‘arbiy sohil xaritasi qanday o‘zgaryapti?
10:53 / 24.12.2025
Greta Tunberg Londonda Falastinga bag‘ishlangan aksiyada qo‘lga olindi
17:58 / 23.12.2025
O‘zbekiston milliy jamoasi Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
15:41 / 20.12.2025