Jahon | 18:27 / 19.05.2026
7004
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tarixchilari Qirg‘izistondagi darsliklardan “Rossiya mustamlakasi” iborasini olib tashlashni so‘radi

Moskvada o‘tgan yig‘ilishda Rossiya tarixchilari qirg‘izistonlik hamkasblaridan qirg‘iz darsliklarida Rossiya imperiyasi va SSSRga nisbatan “mustamlakachilik” atamasini ishlatishdan voz kechishni so‘radi. Ular muqobil sifatida “ma’muriy boshqaruv” atamasini qo‘llashni taklif qilgan. Bunga javoban Qirg‘iziston FA Tarix instituti direktori Rossiyaning siyosati barcha belgilariga ko‘ra mustamlakachilik bo‘lganini aytdi.

Foto: Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati

18 may kuni Moskva shahrida Rossiya–Qirg‘iziston ekspert-maslahatlashuv kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda rossiyalik va qirg‘izistonlik tarixchilar ishtirok etdi.

Bu kengash 2025 yilda ikki davlat o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumi asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi – ikki mamlakatning umumiy tarixini darsliklarda ochib berish yo‘nalishidagi harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

Yig‘ilish tashkilotchisi – Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati xabariga ko‘ra, hozirda tomonlar bir-birlaridagi maktab tarix darsliklarini o‘rganib chiqish jarayonini yakunlagan. Endi tarixiy jarayonlar bo‘yicha darsliklardagi pozitsiyalarni bir-biriga yaqinlashtirish borasida muhokamalar ketmoqda.

“Hozir xalqlarning tarixiy xotirasini qayta shakllantirish bo‘yicha global qarama-qarshilik, global kurash ketyapti. O‘ylaymanki, tarix bo‘yicha Rossiya–Qirg‘iziston ekspert-maslahatlashuv kengashining bugungi yig‘ilishi – ana shu kurashning bir qismi. Biz birga bo‘lishimiz kerak. Bizda umumiy pozitsiyalar bo‘lishi lozim. Umumiy bo‘lmasa, pozitsiyalarimizni yaqinlashtirishimiz zarur. Birgalikda umumiy yondashuvlar ishlab chiqiladigan bunday muhim uchrashuvga bizni taklif qilganingiz uchun shaxsan o‘zim va delegatsiya nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildiraman”, – degan Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, kengashning qirg‘izlar tomonidan koordinatori Ablabek Asankanov.

Yig‘ilishda Rossiya tomoni o‘z tarix darsliklariga qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovni kiritishini ma’lum qilgan.

“Bugun biz har qanaqa masalalarni, shu jumladan unchalik yoqimli bo‘lmagan mavzularni ham muhokama qildik, chunki ba’zi tarixiy baholar haqiqatan ham farq qiladi. Lekin eng asosiysi, bizning qirg‘iz do‘stlarimiz va yelkadoshlarimiz 1990-yillarda ko‘p ma’nili narsalar yo‘qotilganini tushunib turishibdi”, – degan RF prezidentining gumanitar sohadagi davlat siyosati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati raisi o‘rinbosari Nikolay Ovsiyenko.

Nikolay Ovsiyenko, RF prezidentining gumanitar sohadagi davlat siyosati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati raisi o‘rinbosari / Foto: Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati

“Kommersant’”ning yozishicha, yig‘ilishda Rossiya tarixchilari qirg‘izistonlik hamkasblaridan qirg‘iz darsliklarida Rossiya imperiyasi va SSSRga nisbatan “mustamlakachilik” atamasini ishlatishdan voz kechishni so‘ragan.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Andrey Bikov qirg‘iz darsliklarida Rossiya imperiyasi va SSSR davriga nisbatan “mustamlakachilik” atamasi ishlatilganini “modaga berilish” deb atagan. Uning xavotiriga ko‘ra, bu atama “salbiy ma’noga egaligi” tufayli “yosh avlod”ning “hissiyotlari”ga ta’sir qiladi.

“Agar "mustamlakachilik"ni yoki "mustamlaka siyosati"ni "ma’muriy boshqaruv" va "ma’muriy boshqaruv choralari" deb almashtirsak, turgan gapki, ayrim narsalar darrov o‘z rangini o‘zgartiradi”, – degan Bikov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni Qirg‘izistonga “darslikni qanday qilib to‘g‘ri yozish”ni o‘rgatishga urinayotgani yo‘q. U har ikkala mamlakat tarix darsliklaridagi “qandaydir bahsli iboralarni olib tashlash”ga chaqirar ekan, “bu ikkala mamlakatning ham suvereniteti yoki milliy manfaatlariga zarar keltirmaydi, aksincha, YeOII va KXShT doirasidagi umumiy manfaatlarni qo‘llab-quvvatlashi”ga ishontirmoqchi bo‘lgan.

Ablabek Asankanov, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori / Foto:  Yevgeniy Razumniy, Kommersant’

“Andrey Yurevich, men ochig‘ini aytaman: siz bizning oldimizga "mustamlaka" so‘zidan voz kechishdek o‘ta qiyin vazifani qo‘ymoqdasiz. Bu judayam murakkab”, – deya javob bergan qirg‘iz delegatsiyasi rahbari Ablabek Asankanov.

Asankanov mustamlakachilikning “uchta asosiy belgisi”ni sanab o‘tgan. Uning ta’biricha, bu belgilar – mustaqillikning yo‘qligi, mamlakat tabiiy boyliklari va mehnat resurslaridan foydalanilishi hamda mustamlakachi davlatning manfaatlarida olib borilgan ko‘chirish siyosatidan iborat.

Qirg‘izistonlik tarixchi “bularning hammasi ro‘y bergani”ni aytgan, shu bilan birga, bu masalalarning barchasini “muhokama qilish kerakligi”ni qayd etgan.

Shundan keyin rossiyalik tarixchilar “mustamlakachilik ("kolonializm") so‘zi rus va ingliz tillarida mutlaqo boshqa-boshqa ma’nolarga ega” deya, qirg‘izistonlik hamkasblarini ishontirishga uringan.

Xususan, RF prezidenti administratsiyasi xodimi Vladislav Kononovning iddaosiga ko‘ra, Britaniya va Rossiya mustamlakachiligini “o‘zaro taqqoslab bo‘lmaydi”, chunki “ular mutlaqo boshqa-boshqa narsalar”.

“Ijtimoiy munosabatlarga lupa orqali nazar tashlasangiz, u yerda qanaqa bo‘lgan-u, bu yerda qanaqa bo‘lgan – farqi katta”, – degan Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori Alikbek Alikberov.

Alikbek Alikberov, RFA Sharqshunoslik instituti direktori / Foto: Rossiya harbiy-siyosiy jamiyati

Alikberov AQShda ishlab chiqilgan mashhur sun’iy intellekt chatbotini “burjuylarning ChatGPsi, Amerikaning agenti” deb atab, undan qaysi davlatlar mustamlakachilar ekanini so‘rashni taklif qildi. Uning fikricha, ChatGPT beradigan ro‘yxatda Rossiya bo‘lmaydi.

“Buning sababi biz yaxshi bo‘lganimiz uchun emas. Agar bizda ham Shimoliy Muz okeani emas, iliq dengizlarga chiqish imkoni bo‘lganida, ishonchim komil, biz ham ehtimol o‘z koloniyalarimizni yaratgan bo‘lardik – shunday bo‘lganida, yomon bo‘lmas edi. Lekin agar siz bizni kolonial imperiya bo‘lgan, o‘zingizni esa koloniya bo‘lgan deb hisoblasangiz, u holda biz Turk hoqonligi masalasini qo‘yamiz va sizlar bizni koloniya qilgansizlar, deymiz. Lekin bunaqa yondashuvda, ancha ichkariga kirib ketamiz”, – degan Rossiya FA Sharqshunoslik instituti direktori.

Yakunda tomonlar muloqotni davom ettirish va “umumiy tarixning asosiy jihatlari”ni ajratib olib, ular bo‘yicha nuqtayi nazarlarni “yaqinlashtirish”ga kelishib olgan.

Avvalroq Rossiya maorif vaziri Sergey Kravsov Duma majlisidagi chiqishida MDHga a’zo ayrim davlatlarning tarix darsliklarida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat borligidan shikoyat qilgan edi. Vazir MDH davlatlaridagi hamkasblari bilan “yagona tarixiy o‘tmishni talqin qilish bo‘yicha yondashuvlarni kelishish ustida” ishlayotganini aytgandi.

O‘shanda Kun.uz xabar berganidek, Rossiya imperiyasi Toshkentni bosib olganining 160 yilligi munosabati bilan o‘zbekistonlik tarixchilar o‘tkazgan ilmiy anjuman Kravsovning bayonoti bilan qariyb bir vaqtga to‘g‘ri kelgan edi. Anjumanda 1865 yilda Toshkentning egallanishi uzoq vaqt davomida bosqinchilar manfaati nuqtayi nazaridan yoritib kelingani ta’kidlangandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid