20:16 / 22.02.2022
46479

«Fanlar akademiyasi allaqachon qariyalar uyiga aylangan» - professor ilmiy jamoatchilikka murojaat qildi

Foto: KUN.UZ

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev o‘zbek olimlari va ilmiy jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. Professor o‘z murojaatida yosh olimlar orasida maqolalar yozishda son ketidan quvish va plagiat (ko‘chirmakashlik) avj olgani, ilmning barcha yo‘nalishlarida to‘lib yotgan muammolarni prezidentga dadil olib chiqmayotgan Fanlar akademiyasi, mahalliy hokimliklarning siyosiy ilmsizlik ila qilayotgan ishlari haqida ochiq gapirgan. Ibodullayev, o‘z murojaatida ilm kishilarini mahallada yurishga majburlash to‘g‘ri emasligini, yurt ravnaq topishi uchun hamma o‘z ishini qilishi kerakligini ta’kidlagan.

«Keling, haqiqatga tik qaraylik! O‘zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda. Ilmga kirib kelayotgan yosh olimlar orasida plagiatlik avj oldi. Scopus’da maqola chiqarish xuddi Sho‘rolar davrida qanday bo‘lmasin paxta planini bajarish kabi bo‘lib bormoqda. Ilmiy Kengashda rektorlar kafedra mudirlariga ochiqdan ochiq «Ko‘proq maqola yozinglar va bizning institut Top-1000talikka kirishi kerak”, deb qayta-qayta ta’kidlashmoqda. Natijada deyarli 80–90 foiz ilmiy maqola havodan olib yozib tashlanmoqda, ayniqsa tibbiyotda ana shunday achinarli ahvol.

Ilm qila oladigan xodim ham, qila olmaydigani ham dissertatsiya yoqlashga undalmoqda. Mana 30 yildirki, hech kim kafedralar moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida qayg‘urmaydi yoki yolg‘ondan qayg‘uradi. Demoqchimanki, 30 yildan buyon bizga va’dalar beriladi, biroq kafedra va ilmiy laboratoriya anjomlari eskirgandan eskirib boryapti. To‘g‘ri, ba’zi kafedralarga yangi uskunalar keltirilgan, biroq bundaylar barmoq bilan sanarli.

Yana qaytarib aytaman: ilm-fanda plagiatlik ochiqchasiga avj oldi va eng achinarlisi bundan hech qaysi ustoz va shogird uyalmayapti. Plagiatlik oddiy holga aylanib qolmoqda», – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori.

Shuningdek, Zarifboy Ibodullayev kemiruvchilarning Sardoba suv ombori to‘g‘oniga ta’sirini aniqlash uchun Fanlar akademiyasi mutaxassislarining «ilmiy safar»ga yuborilishi sharmandali holat ekanini aytgan.

«Avvaliga buni hazil deb o‘yladim. Keyin bilsam, rostdan ham Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti mutaxassislari Sardoba suv omboriga «ilmiy safar»ga yuborilgan. Fanlar akademiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, safarning maqsadi yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatining Sardoba suv ombori to‘g‘oniga ta’sirini aniqlash bo‘lgan.... Ilmiy xulosani yana o‘qiymiz.... «To‘g‘on yonbag‘rining 3 bo‘limida oddiy ko‘rsichqonning ochilib qolgan in yo‘llari topildi.... To‘g‘onning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etildi. Shuningdek, tulki ini topildi...»

Hurmatli olimlar! O‘zbekiston taqdiri va uning kelajagini hokimlar yoki siyosatchilar emas, ilm-fan belgilab berishini bizdan yaxshi biladiganlar bo‘lmasa kerak. Ko‘rib turganingizdek, davlatni talon-toroj qilgan, yurtga milliardlab talafotlar keltirgan va oddiy xalqni uy-joydan mahrum qilgan bu siyosatchilar o‘zlarining jirkanch kirdikorlarini yopdi-yopdi qilish maqsadida Fanlar akademiyasi xodimlarini tulki va ko‘rsichqon inini izlab topishga yuborishgan. Bu voqeani men misli ko‘rilmagan bedodlik va sharmandalik deb hisoblayman. Bundaylar uchun na olimning, na ilm-fanning qadri bor», — deydi u.

Professor Fanlar akademiyasi ilmning barcha yo‘nalishlarida to‘lib yotgan muammolarni dadil Prezident Administratsiyasiga olib chiqish o‘rniga uxlab yotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, u hukumat a’zolari oldiga nega hozirgi kunda olimlar yetishib chiqmayotgani haqidagi savolni qo‘ygan.

«Biz olimlar tokaygacha indamay kelamiz? Barcha yo‘nalish olimlari uchun ishlar tiqilib yotibdi-ku! Ularni nega dadil-dadil Prezident Ma’muriyatiga (Administratsiya) olib chiqmaymiz? Fanlar akademiyasi nega uxlab yotibdi? Fanlar akademiyasi mening fikrimcha, allaqachon qariyalar uyiga aylangan! Birorta olamshumul yangi kashfiyot yo‘q! O‘zbek olimlari nega bu ahvolga tushib qoldi? Qani Yahyo G‘ulomovlar? Qani Ibrohim Mo‘minovlar? …Qani Po‘lat Qirg‘izboyevich Habibullayevlar? Axir bunday insonlar sizlar yomonlaydigan sovet O‘zbekistonida yetishib chiqqan edi-ku! Ular oldida Rossiya, Ukraina, Belarus olimlari bosh egib turardi-ku, uzoq xorij davlatlari yuksak ehtirom bilan kutib olishardi-ku ularni! Hali men ba’zilarini sanadim xolos. Bu o‘zbek olimlari yurt nomini haqiqatan ham dunyoga tanitgan va ilm qilib, o‘zi ham mashhur bo‘lgan O‘zbekiston ilm-fani yulduzlari edi-ku? Nega bunday olimlar hozir yetishib chiqmayapti? Bu savolni men, huv tepada o‘tirgan hukumat a’zolariga beryapman. Qani, javob bering! Nega o‘zbek ilm-fanini xarob holatga keltirdingiz?! Nega?!» – deydi u.

Professor Ibodullayev, yana o‘z murojaatida laganbardorlik qilayotgan mahalliy hokimliklarning ayrim ishlari siyosiy ilmsizlik ekanini aytgan. Shuningdek, u professor va talabalarni mahallada yurishga majburlash to‘g‘ri emasligini, yurt ravnaq topishi uchun hamma o‘z ishini qilishi kerakligini ta’kidlagan.

«Nega shunday muqaddas yurt taqdirini bir hovuch laganbardor, korrupsioner va xalq oldida bir pullik obro‘yi yo‘q ba’zi hokim va vazirlarga topshirib qo‘ydik? Viloyat hokimi qaysidir tuman aholisi unga yoqmagani uchun ushbu tumanni xaritadan o‘chirib tashlayman desa, yana biri o‘zi haqida she’r ayttirsa, yana biri prezidentga yoqish uchun bir muddat temir vagonga kirib yashasa, boshqa biri o‘qituvchilarni butun yurtga kalaka qilsa, boshqa biri piyoda yursang, Dubayga yuboraman desa va h.k. Qani siyosiy ilm? Qani fahm-farosat? Qani mantiq? Hamma yoqni yolg‘on bosdi-ku! Uyalmaysizlarmi?

Ba’zi vazirlar ta’lim jarayonini zudlik bilan to‘xtatib, minglab talabalarni viloyatlarga – odamlarning bo‘yni va qorin aylanasini o‘lchashga yuborsa, professorlar OTMda o‘tirib dars o‘tish va laboratoriyada ilm bilan shug‘ullanish o‘rniga mahallama-mahalla yurishga majburlansa. Bu bema’nilikning keti bormi? Qani menga ayting-chi? Bunday ishlarda mantiq bormi? Bunaqada ilm-fan mahalla darajasiga tushib qolmaydimi? Axir har kim o‘z ishini qilishi kerak emasmi?

Marhamat qilib javob bering! O‘zbekiston faqat mahalladan iborat emas-ku axir! Ilm-fan degan narsa ham bor-ku axir! Barcha soha olimlari uchun yechimini kutib yotgan va o‘sha muammolar yechilmasa, yurt ravnaqi haqida gapirmasa ham bo‘ladigan achchiq-achchiq haqiqatlar bor. Iltimos! Hurmatli olimlar! Siyosatga qul bo‘lmaylik, yurt ravnaqi uchun xizmat qilaylik! Bor haqiqatni prezidentga yetkazaylik. Biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketmayapmizmi?» — deya murojaatini yakunlaydi professor Zarifboy Ibodullayev.   

Hozircha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, shuningdek boshqa mas’ul tashkilotlar professorning murojaatida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha izoh bermadi. 

Top