Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Matbuot erkinligi indeksi: O‘zbekistondagi vaziyat “juda jiddiy”ligicha qolmoqda
“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga 100 balldan 35,24 ball berdi, bu – o‘tgan yilgidan biroz kamroq ko‘rsatkich. Joriy yilda mamlakatning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy indikatorlardagi ballari kamaygan. O‘zbekiston yangi reytingda bir pog‘onaga ko‘tarilib 147-o‘rinni egallash bilan, erkin jurnalistikaga “juda jiddiy” to‘siqlar qo‘yilgan davlatlar qatorida qolmoqda.
Foto: Kun.uz
Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti 2026 yil uchun Matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi.
Unda O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 147-o‘rinda qayd etilgan va matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy” davlatlar qatorida qolmoqda.
O‘zbekistonning indeksdagi o‘rni o‘tgan yilgidan 1 pog‘onaga ko‘tarilgan, ammo reyting ballarida pasayish bor.
Xalqaro kuzatuvchilar 2025 yilda O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni 100 balldan 35,24 ballga baholagan bo‘lsa, joriy yilda 34,95 ball berilgan.

Yangilangan indeksning iqtisodiy va xavfsizlik indikatorlari bo‘yicha O‘zbekistonning ballari yaxshilangan bo‘lsa, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy indikatorlardagi ballari kamaygan. Taqqoslash uchun, 2025 yilgi indeksda O‘zbekistonning ballari beshala indikator bo‘yicha ham pasayishni ko‘rsatgan edi.
Matbuot erkinligi indeksi – O‘zbekiston davlati o‘zi uchun muhim deb hisoblovchi xalqaro reytinglar qatoriga kiradi. Unda 180 ta mamlakatdagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “yaxshi”, “qoniqarli”, “muammoli”, “murakkab” va “juda jiddiy” toifalarga ajratib kelinadi.
O‘zbekiston uzoq yillar vaziyat “juda jiddiy” mamlakatlar qatorida bo‘lib kelgan, 2016-2017 yillardan boshlangan islohotlar natijasida 2019 yilga kelib “murakkab” vaziyatli davlatlar qatoriga qo‘shilgan, ammo 2024 yilga kelib “juda jiddiy” toifaga qaytgan edi.

2026 yilgi indeksda Markaziy Osiyodan Qirg‘iziston 146-o‘rinda, O‘zbekiston 147-o‘rinda, Qozog‘iston 149-o‘rinda, Tojikiston 155-o‘rinda, Turkmaniston 173-o‘rinda qayd etilgan.
Tahlilchilar faqat 7 ta davlatni matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat “yaxshi” deb hisoblamoqda, bular quyidagilar: Norvegiya, Niderlandiya, Estoniya, Daniya, Shvetsiya, Finlandiya, Irlandiya.
180 ta mamlakatdan 100 tasida oxirgi bir yilda matbuot erkinligi darajasi tushgan. “Chegara bilmas muxbirlar”ga ko‘ra, dunyo miqyosida matbuotga siyosiy bosimlar kuchayyapti, avtokratik tendensiyalar o‘sib boryapti, media bozori moliyaviy jihatdan sezilarli zaiflashmoqda.
Mavzuga oid
17:20 / 01.04.2026
Abdurahmon Tashanovga qarshi ma’muriy ish sudda tugatildi
15:49 / 21.01.2026
“Ishonch yo‘qligi sabab ulardan qahramon yasashdi” – faollar Taftish.uz ishi haqida
17:48 / 27.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: “Ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz”
19:07 / 24.10.2025