O‘zbekiston | 12:52 / 22.05.2021
8888
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ijod maktablari soni 33taga yetkaziladi

21 may kuni AOKAda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tartiblar haqida ma'lumotlar berildi.

Agentlikning ijod maktablari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Said Ashirov joriy o‘quv yilida ijod va ixtisoslashgan maktablarga qabul jarayonlari va o‘qish jarayonlarida yuz beradigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi. Qayd etilishicha, mazkur maktablarga 7-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinadi.

“2017 yilda ijod maktablari tashkil etilgan paytda o‘quvchilar soni 30 nafardan edi. Hukumat qarori bilan endilikda o‘quvchilar soni 20 nafarga tushirildi. Bu yangi sinflar tashkil etilishiga sabab bo‘ladi. Sinflardan 10 nafardan o‘quvchilar olinib, alohida yangi sinflar tashkil qilinadi. Hujjatlarni qabul qilish ham bu yildan sinov tariqasida onlayn tarzda yo‘lga qo‘yiladi va ijod maktablarining o‘zida ham hujjat qabul qilish markazlari tashkil etiladi”, deya ta'kidladi boshqarma boshlig‘i.

Hozirda respublikada 9ta ijod va ixtisoslashgan maktablar bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu maktablar sonini 33taga yetkazish rejalashtirilgan. Ularda ijodning boshqa yo‘nalishlarida ham ta'lim berish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘quvchi o‘z xohishidan kelib chiqib boshqa hududdagi ijod maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Ijod maktablarining 8tasida uzoq hududdan kelib o‘qiydigan bolalar uchun yotoqxonalar mavjud.

 Ma'lumot uchun, ijod maktablari respublikaning 9ta hududida bosqichma-bosqich tashkil etilgan bo‘lib, ular:

  • Nukus shahrida Ibroyim Yusupov nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi xorijiy tillar hamda ona tili va adabiyot fanini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Xiva shahrida Muhammad Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi;
  • Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi .

 Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijod maktablariga qabul uchun imtihon kunlari va tartibi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid