O‘zbekiston | 20:45 / 07.10.2020
20945
5 daqiqa o‘qiladi

«Qachongacha budjet mablag‘lari, xalq rizqi talon-toroj qilinadi?» – Tanzila Norboyeva Qumqo‘rg‘onda qulab tushgan ko‘prik haqida

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 6 oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan Senati kengashining sayyor majlisi Qumqo‘rg‘onda 6,5 mlrd so‘mga qurilgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay qulab tushgan ko‘prik masalasiga to‘xtalgan. U mazkur hodisani budjet mablag‘lari, xalq rizqini talon-toroj qilish deb atagan.

«Mamlakatimizda qurilish sohasini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish bo‘yicha respublika komissiyasining qarori bor. Tizimda-ochiqlik, shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rila boshlandi –mana endi qadam qo‘yyapmiz. Bu kamchilik-xatolar endi kechirilmaydi.

Bu kabi muammolar qurilish sifatini tushib ketishiga ham olib kelmoqda. Mana yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Ko‘ganli mahallasida 2017 yilda 6.5 mlrd so‘mga qurilgan ko‘prik, 2 yil o‘tmasdan vayron bo‘lganini hammamiz bildik.

Shuningdek, aholi o‘sha hududdagi yo‘l qurilishi sifatidan ham norozi. Bu loyihaga ham 5.5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan ekan. Bunday holatlarni yana ko‘plab hududlarda kuzatish mumkin», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi mamlakat miqyosida qilinayotgan qurilishlarning nazorati sustligi, qurilayotgan inshootlarning sifati bo‘yicha aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e'tirozlar bayon etilayotgani, biroq mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan ularga o‘z vaqtida munosabat bildirilmayotganini tanqid qilgan.

«Nima sababdan qurilish sohasida ko‘plab qonunbuzilish holatlari sodir bo‘lsa ham ularni sabablari, ularga yaratilayotgan “sharoitlar” chuqur o‘rganilmayapti. Qachongacha budjet mablag‘lari, xalq rizqi talon-toroj qilinadi?!

Faqat qurib-qurib ketaverish emas, uni tekshirish ham, nazorat qilish ham kerak. Odamlarda e'tiroz, savollar ko‘p. Lekin tegishli idoralar tomonidan munosabat bildirilishi mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Agar aybdor bo‘lsa, “aybdormiz, shuni yaxshi ishlamagan edik, tegishli chora ko‘ramiz” degan gapni aytish ham mardlik. Qachon odamlar bilan gaplashishni o‘rganamiz. Faqatgina vazirlik hokimlik bilan, hokimlik vazirlik bilan gaplashish bilan ish bitadi. Biz odamlar uchun ishlayapmiz-ku, odamlarni savollariga javob berish uchun ishlayapmiz», deya ta'kidlagan u.

Majlisda masofadan turib qatnashgan qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov Qumqo‘rg‘ondagi ko‘prik sifatiga vazirlik javob berolmasligini, chunki u avtoyo‘l tizimidagi inspeksiya ro‘yxatidan o‘tganini ma'lum qildi.

«Chindan ham Toshkent viloyati bo‘yicha qurilish sohasida juda ko‘p qoloqliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, bu yilgi qurilish dasturiga 180 ta obekt kiritilgan bo‘lsa, bugungi kun holatiga bor yo‘g‘i 11 ta obekt qabul qilingan. Iyun oyi bilan bugunni taqqoslaydigan bo‘lsak, mingga yaqin obektga nazorat chora-tadbiri ko‘rildi.

Bu yil qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hukumatning 3 ta qarori chiqdi. Toshkent viloyatida qurilish tizimi shu yilning oxirigacha shaffoflik tizimiga to‘liq o‘tkaziladi. 1 yanvardan boshlab qurilish sohasidagi nazorat ochiq tizimga o‘tkaziladi.

Qumqo‘rg‘ondagi ko‘prik avtoyo‘l tizimidagi inspeksiya ro‘yxatidan o‘tgan ekan, bizdan o‘tgan emas. Lekin albatta biz ham bu ish bo‘yicha e'tiroz bildiramiz», deb aytgan vazir o‘rinbosari.

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Ko‘ganli mahallasida 6,5 milliard so‘mga qurib bitkazilgan ko‘prik hech qancha vaqt xizmat ko‘rsatmay qulab tushgani haqida xabar bergan edik. Aholi shu mahalladagi yangi yo‘l qurilishi ham xuddi shunday sifatsiz bajarilib, yaroqsiz holga kelib qolishidan xavotirda ekanini bildirgan edi.

Qulab tushgan ko‘prik masalasida Surxondaryo viloyati prokuraturasi ham rasmiy munosabatini bildirib, ayni paytda Transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid