O‘zbekiston | 15:48 / 09.10.2021
15161
3 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi

Bosh prokuratura tashabbusi bilan kiritilgan qonun loyihasida voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish yoshi ham o‘zgarishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Shutterstock

Bugun, 9 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida «Bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan kiritilgan.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish yoshini o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yoshga ko‘tarish, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar, xususan, Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari sanksiyalarini kuchaytirish nazarda tutilyapti.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalarida bolalarning jinsiy hayotiga tajovuz uchun javobgarlik belgilangan.

Xususan, 128-modda o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun eng kami uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlaridan tortib, eng ko‘pi uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo choralari mavjud. Kodeksning 129-moddasida esa o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir qilganlik uchun eng kami uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari, eng og‘iri besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, umumiy tarzda jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirgan, jinoyat sodir etgunga qadar 13 yoshga to‘lgan shaxslar ham javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Shuningdek, loyihaga voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida to‘rt soatdan oshmasligini belgilash, voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda voyaga yetmagan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra psixolog ishtirok etishini ta'minlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Mavzuga oid