Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘mirda isitiladigan issiqxonalar samaraliroqmi?
Gazdan uzilayotgan issiqxonalar egalarining shikoyatlari ortidan Energetika vazirligi ko‘mirga mo‘ljallangan issiqxonaga press-tur uyushtirib, bu boradagi tadbirkorlarning e’tirozlariga javob berdi.
Foto: Kun.uz
Gazda ishlaydigan issiqxonalar yoppasiga gazdan uzilgach, bir nechta tadbirkorlar Kun.uz'ga muqobil energiya – ko‘mirga o‘tish qiyinligi, gazsiz xonavayron bo‘lishi haqida gapirib bergandi. Hatto bir qancha tadbirkorlar noroziligini bildirib, Vazirlar Mahkamasi oldiga yig‘ildi.
Energetika vazirligi mas’ullari agar issiqxonalarga gaz berilsa, aholiga gaz past bosimda yetib borishini ta’kidlab, ko‘mirda ishlaydigan issiqxona misolida muqobil energiyaga o‘tish qiyin emasligini tushuntirishga urinmoqda.
Issiqxonachilar nimadan norozi?
Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar atrof-muhit havosini ifloslantirishi sababli aholi noroziligini keltirib chiqaradi. Qolaversa, ancha katta hajmli, bir necha o‘nlab gektarlik issiqxonalarni ko‘mir bilan isitish texnik jihatdan imkonsizligini aytishyapti.
Boz ustiga, gazda ishlashga moslashgan qozonlarni ko‘mirda ishlaydiganiga almashtirish ham arzonga tushmaydi, ma’lum bir vaqt talab qiladi. Ular katta investitsiya bilan issiqxona qurayotganida mas’ullar tabiiy gazdan muammo bo‘lmasligini aytib ishontirishgan.
Issiqxonachilar bankdan kreditlari borligi, gazdan uzilgach, zudlik bilan issiqxonasini ko‘mir bilan isitishga o‘ta olmasligi, bunga pul ham, vaqt ham yo‘qligi – o‘simliklar o‘lib, tonnalab hosildan ayrilib qolishini, ayrimlari shu bilan bankrot bo‘lib, bu sohadan chiqib ketishi, oqibatda eksport susayishini aytishyapti.
25 oktyabr kuni Toshkent, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan tadbirkorlar Vazirlar Mahkamasi oldiga to‘planib, holatdan noroziligini bildirdi. Energetika vazirligi tadbirkorlarning murojaatlari eshitilib, tushuntirish berilganini ma’lum qildi.
Rasmiylar nima deydi?
Energetika vazirligi OAV vakillarini Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxonaga press-turga taklif etdi. Unda mas’ullar ko‘mirda ishlaydigan issiqxona nisbatan samaradorligi haqida tushuntirishga urindi.

Press-tur davomida Kun.uz muxbiri issiqxonachilarni gazdan uzish ularning hosilini nobud qilishi, boz ustiga ular ogohlantirilmaganini aytgani yuzasidan Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Akmal Eshonqulovga murojaat qildi.
Uning aytishicha, tadbirkorlar shartnoma shartlarini bajarishga majbur, kuz-qish mavsumida oddiy aholiga gaz berish birlamchi maqsad sanaladi.
“Tadbirkorlarning birinchi talabi – barqarorlik, ertaga gaz o‘chib qoladimi, pasayib ketadimi degan fikr bo‘lmasligi kerak. Shu holat bizda bor. O‘zbekiston aholisi har yili 700 mingga ko‘paymoqda. Resurslarga talab oshyapti, bizning asosiy maqsadimiz – vakolatli organ sifatida tadbirkorlarga har xil variantlarni taklif qilish, “gaz yoqma, yil davomida faqat ko‘mir yoq” demayapmiz.
Tadbirkor bilan ta’minotchi korxona o‘rtasidagi eng muhim yuridik hujjat – shartnoma, o‘sha shartnomaga ko‘ra, har bir tadbirkor (issiqxona bo‘ladimi, g‘isht, sement zavodimi) 3 oylik zaxirasi bo‘lishi kerak. 2.7 bandida tadbirkorga 1 gektar yerga issiqxona qurish uchun texnologik shart qo‘yiladi. Texnik shartning o‘zida ham ta’minotchining qishda gaz yetkazib berolmasligi yozilgan bo‘ladi. Zaxira yoqilg‘isi bo‘lishini nazarda tutish aytiladi. Bu ogohlantirish – texnik shart. Gaz ta’minotchisi gaz kafolatini bermaydi, hamma texnologik jarayonlardan tadbirkor ogohlantirilgan bo‘ladi.
Gaz uzildimi, tadbirkor avtomatik ravishda muqobil yoqilg‘iga o‘tib ketishi kerak. Misol uchun, biror texnogen avariya bo‘lsa yoki biror joyda gaz trubasi yorilsa, nima bo‘ladi? Tadbirkor – tavakkalchilik asosida o‘zining mablag‘ini tikib daromad olishni ko‘zlagan shaxs. Endi shuncha tavakkal qilib, millionlab dollarni tikib, bitta gazga bog‘lanib qolish noto‘g‘ri narsa-ku.
Bu rezonansdagi bir jihat shuki, agar tadbirkor gazdan boshqa zaxirasi bo‘lmasa, demak u shartnomadagi shartni bajarmagan. Gazga bog‘lanib qolish mumkin emas. Yuridik hujjat qo‘lida turibdi-da, gazdan uzsang xonavayron bo‘laman, hosilim o‘ladi, deyish noto‘g‘ri narsa. Bizga asos – shartnoma.
Biz ham tadbirkorni gazdan uzishdan manfaatdor emasmiz. Qish mavsumiga o‘tdik, tizimga birdaniga bosim tushdi. Bu paytda qolgan iste’molchilarning gazini pasaytirib, xonadonlarga gaz berishga to‘g‘ri keladi. Qishda aholi xonadonlarida yozga nisbatan 5-7 barobar ko‘p gaz yoqiladi”, – dedi u.
Ko‘mirda ishlayotgan issiqxonalar gazda ishlayotganlarga nisbatan samaradormi?
Jurnalistlarga ko‘rsatilgan ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxona 2017 yilda qurilgan, 7 gektar maydonda joylashgan. Unda pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri yetishtiriladi.
Issiqxona 2019 yilda ko‘mirda ishlashga o‘tgan. Hosilning 60 foizi Rossiyaga eksport qilinadi, mahalliy bozorlarga eksportdan qolgan qismi olib chiqiladi.
Korxona ish boshqaruvchisi Abdushukur Umarovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mirda ishlash gazga qaraganda taxminan 20-30 foizga arzonroqqa tushadi.
Tadbirkor o‘zbek ko‘mirining kaloriyasi past bo‘lib, tez yonib ketgani sababli, asosan Qozondan ko‘mir olib kelib ishlatadi. Issiqxona uchun yiliga 7 oy ko‘mirdan foydalaniladi, umumiy hisobda 1200 tonna yoqilg‘i sarf qilinadi.
Ko‘mirdan chiqadigan tutunga mahalliy aholi e’tiroz bildirmaydimi mazmunidagi savolimizga tadbirkor shunday javob berdi:
“Ekologiya nuqtayi nazaridan olganda, tabiiy gaz yoqilganda ko‘mir yonganidagi kabi yuqori haroratda azot oksidi ajralib chiqadi. Faqat ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish uchun tozalovchi qo‘shimcha uskunalar talab etiladi, ya’ni bu uskunalar atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi”.
2019 yilda gazdan ko‘mirga o‘tgan tadbirkorning aytishicha, birdaniga ko‘mirga o‘tish uchun faqat qozonlarni almashtirish kerak. Uning fikriga ko‘ra, bu unchalik katta xarajatni ham taqozo etmaydi.
Abdushukur Umarov gazning pasayib ketishi va gazdan uzilish xavfi tufayli ko‘mirga o‘tganini aytadi.
“Gaz bilan ishlasak, to‘lovni oldindan qilib qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Ko‘mirda unaqa emas, ko‘mirni realizatsiyaga olib, 1 hafta – 10 kun o‘tgandan keyin pulini to‘lab bersangiz bo‘ladi. Ko‘mir bilan ishlaganda biroz pul tejaladi. Buning ustiga ko‘mir va gaz qozonlarini o‘rnatish xarajatlari ham deyarli bir xil. Unga sarflanadigan ishchi kuchi ham bir xil: gazga qarashga ham odam kerak, ko‘mirni yoqishga ham”, – deydi u.
Vazirlik mas’uli Akmal Eshonqulovning qo‘shimcha qilishicha, faqat gaz bo‘lgan joyda issiqxona rivojlanadi, degan fikr noto‘g‘ri.
“Gazga ketadigan xarajatni kamaytirgan holda tadbirkor shuncha hosil olyapti. Hosil o‘rtacha gidroponikaning o‘zida yiliga 150 tonna. Hatto gazdan ko‘ra, ko‘mir ko‘proq samarador: gazni o‘chirsangiz issiqlik birdaniga to‘xtaydi, ko‘mirda issiqlik bir muddat saqlanib turadi”, – deydi u.

“O‘zneftgazinspeksiya” yig‘ma tahlil boshqarma boshlig‘i Boburbek Nabiyevga ko‘ra, tabiiy gazga muqobil bo‘lgan ko‘mirdan foydalanayotgan tadbirkorlar iqtisodiy samaraga erishib, energiya resursi xarajatlari kamayayotgani ko‘rinmoqda.
“Respublikada tabiiy gazga bo‘ladigan ehtiyoj ijtimoiy soha va strategik ahamiyatga ega obektlarning tabiiy gazga talabi oshgani hisobiga tadbirkorlarda gaz taqchilligi yuzaga keladi. 1067ta issiqxona tabiiy gazga bog‘lanib qolgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi qarori bilan tabiiy gazdan foydalanish qoidalari tasdiqlangan, shu qoidalarning 10-bandida kuz-qish mavsumida havo keskin soviganda tabiiy gaz yetkazib berish ustuvor qilib belgilangan ijtimoiy soha obektlariga birinchi navbatda gaz yetkazib berilishi belgilangan. Tadbirkorlik sub’yektlarida esa bu vaqtda 3 oyga yetadigan zaxira shakllangan bo‘lishi kerak”.
Qo‘shimcha qilish lozim, Energetika vazirligida issiqxonachi tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda gazdan uzilgan issiqxonalarni tarmoqqa ulash haqida topshiriq berildi. Ayni paytda, bu muammo sabab ko‘pchilik bo‘lib Toshkentga borish g‘oyasini ilgari surgan tadbirkorlar IIBga chaqirilgan.
Mavzuga oid
22:17 / 13.12.2025
“Qishloq xo‘jaligining taqdiri va kelajagi – butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir”. Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi
09:07 / 11.12.2025
Qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilish yangi jamg‘arma orqali amalga oshiriladi
12:50 / 10.12.2025
Quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 3-o‘ringa chiqdi
12:49 / 10.12.2025