Hozircha gaz, keyin baribir muqobil energiya
“Energetika vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev issiqxonalarni gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Shu bilan birga, bosqichma-bosqich muqobil energiyaga o‘tish uchun harakatni boshlashimiz kerakligi ham tushuntirildi. Birdaniga muqobil energiyaga o‘tilmaydigan bo‘ldi. Hukumat vakillari bilan bu masalani birdaniga emas, bosqichma-bosqich hal qilishga kelishib oldik.
Shuningdek, uchrashuvda anchadan beri tayyor turgan, ammo imzolanmagan prezident qarori loyihasi masalasi ham ko‘tarildi. Ushbu hujjat loyihasida issiqxonalar faoliyati bilan bog‘liq tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflar ham aks ettiriladigan bo‘ldi. Energetika vazirligidan chiqib Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga keldik va prezident qarori loyihasini o‘qib chiqib, takliflarimizni yozib qoldirdik. Uchrashuv qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov rahbarligida o‘tkazildi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan uchrashgan tadbirkorlardan biri.
“Uchrashuvda faoliyatimizga daxldor barcha vazirlik va idoralarning, tijorat banklarining rahbarlari shaxsan ishtirok etishdi. Bosh vazir o‘rinbosari bizni qiynayotgan barcha muammolarni diqqat bilan eshitdi. Ularning yechimlari bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Xususan, energetika vaziriga kuch-qish mavsumida issiqxonalarni to‘liq gaz bilan ta’minlash haqida topshiriq berildi. Faqat gaz uchun qarzdorlik bo‘lmasligi so‘raldi. Oldindan to‘lov asosida ishlatishga ruxsat berildi. Qolgan masalalarga ham birma-bir yechim topilishi aytildi. Prezident qarori loyihasi qabul qilinsa boshqa muammolarimiz ham hal bo‘lishi kutilmoqda.
Uchrashuvda erishilgan eng katta natija shu bo‘ldi aslida. Energetika vazirligidan chiqishimiz bilan Samarqanddagi hamkasblarimiz gazchilar kelib issiqxonalarni qayta gaz tarmog‘iga ulab berishgani haqida xabar berishdi. Buxoroda gazga ulanishga ruxsat berilgani haqida xabar berganimizdan so‘ng tadbirkorlar qo‘y so‘yib bayramni boshlab yuborishdi”, deydi tahririyatimiz bilan aloqada bo‘lib turgan boshqa bir issiqxonachi.
Kun.uz manbasining aytishicha, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligidagi yig‘ilishda barchadan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar so‘rab olinganidan so‘ng besh nafar tadbirkor Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov bilan uchrashuvga taklif etilgan.
Gazdan uzilgan issiqxonalar
















