O‘zbekiston | 12:04 / 08.10.2020
6799
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi dor yo‘llarini qurgan investorlarga har bir 500 metr yo‘l uchun 1 milliard so‘mgacha subsidiya ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Turizm sohasining alohida sub'yektlari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni qisman kompensatsiya qilish va xo‘jalik sub'yektlarining epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xarajatlarini qoplashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, davlat subsidiyasi yuridik shaxslarga yangi dor yo‘llarini qurish va jihozlash xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.

Shu bilan birga, davlat subsidiyasi yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini 2023 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga 500 metrdan kam bo‘lmaslik sharti bilan yangi dor yo‘llarini qurish va jihozlash bo‘yicha dastlabki 50ta loyihaga ajratiladi.

Turizm qo‘mitasi respublika bo‘yicha qurilgan yangi dor yo‘llarining hisobini yuritadi va o‘zining rasmiy veb-saytida e'lon qilib boradi.

Davlat subsidiyasi bir marta ajratiladi hamda uning miqdori har 500 metr yo‘l uchun 1 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Investor davlat subsidiyasi ajratilishi uchun Turizm qo‘mitasiga davlat subsidiyasi olish to‘g‘risidagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Bunda, arizalarni qabul qilish 2023 yil 15 dekabrga qadar yoki Turizm qo‘mitasi tomonidan rasmiy veb-saytda yangi dor yo‘llarining soni 50taga yetganligi e'lon qilingan kungacha, ularni ko‘rib chiqish esa 2023 yil 31 dekabrga qadar yoki Turizm qo‘mitasi tomonidan rasmiy veb-saytda yangi dor yo‘llarining soni 50taga yetganligi e'lon qilingan kundan boshlab 10 kun mobaynida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid