O‘zbekiston | 11:28 / 04.01.2022
3428
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda o‘zbek tilini ommalashtirish bilan shug‘ullanuvchi Alisher Navoiy xalqaro instituti tashkil etiladi

Xorijiy davlatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash bilan shug‘ullanuvchi Alisher Navoiy xalqaro instituti tashkil etiladi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, xorijiy davlatlarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarni keng ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan, Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Bunda, madaniy va milliy an’analarni xorijiy mamlakatlarda targ‘ib etish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganiladi va takliflar tayyorlanadi.

Shuningdek, Yevropa davlatlarida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlab ijodiy kechalarni tashkil etish, ularda buyuk mutafakkirning g‘azallarini o‘zbek tilida o‘qish mo‘ljallangan.

Bunda, Yevropa davlatlarida ijod va badiiy adabiyotga qiziquvchi yozuvchilar, shoirlar, tahlilchilar va boshqa doiralar vakillari mavjudligi o‘rganiladi, ular bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi, Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlab tashkil etiladigan ijodiy kechalarni o‘tkazish bo‘yicha barcha kompleks masalalar hal qilinadi.

Mavzuga oid