Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali va Guliston davlat universitetining qishloq xo‘jaligi hamda muhandislik-texnika yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
  • ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;
  • ixtisoslik sohalari bo‘yicha ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish hamda ta’lim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
  • soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;
  • talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.
  • biriktirilgan texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, metodik qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) institut Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga institut diplomi beriladi;
v) institutda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhandislik, ishlab chiqarish, matematika, informatika, yashil energetika, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;