O‘zbekiston | 13:55 / 29.09.2022
42277
18 daqiqa o‘qiladi

Chirib borayotgan maktabgacha ta’lim bolalarning umriga zomin bo‘lmayaptimi?

«Eng yomon tomoni - maktabgacha ta’limda bo‘layotgan «o‘yin»larni, tizimning chirib bo‘lganini vazirlik ham, hududiy boshqarmalari ham yaxshigina biladi. Ammo mudiralarning katta-katta «tanka»lari sabab hamma ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib olgan. Oxir-oqibat, ta’limiy jarayon o‘ldirilmoqda».

So‘nggi 3 oyda 5 ta MTTda turli sabablar bilan bolalar o‘limi qayd etildi. Farg‘onada 4 yoshli bola suvda cho‘kib, Shahrisabzda 8 yoshli qizaloq badaniga shisha siniqlari kirishi tufayli ko‘p qon yo‘qotib, Namanganda 5 yoshli bola tilini chaynab hayotdan ko‘z yumdi. Bundan tashqari, yaqinda Farg‘ona va Navoiy viloyatlaridagi bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi ham qayd etildi. Umuman, bu kabi noxushliklarning paydar-pay sodir bo‘layotgani xavotirga solmoqda.

Bu, albatta, maktabgacha ta’lim tizimida muammolar borligidan darak beradi.

Kun.uz birmuncha avval Maktabgacha ta’lim vazirligida ishlagan, sohadan boxabar bir mutaxassis bilan suhbatlashdi.  

Maftuna Sharipovaning (qahramonimiz shaxsini ochiqlashni istamadi, shu sababli ism-familiyasi o‘zgartirib berilmoqda — D.Sh.) aytishicha, bog‘chalarda bu kabi holatlar oldin ham yuz bergan. Uning yuzaga kelishi esa ancha yildan beri shakllanib kelayotgan muammolar bilan bog‘liq.

Soha nomutaxassislarga to‘lgan

Ko‘p hollarda bog‘chalarda, Maktabgacha ta’lim vazirligining viloyat va tuman boshqarmalarida nomutaxassislar o‘tiradi. Xo‘p, buni qo‘ya turaylik, birgina bog‘cha direktorligini olsak ham shu ahvol. Masalan, hozir maktablarda maxsus sertifikatga ega bo‘lgan kadrgina maktab direktorligiga tayinlanyapti. Maktabgacha ta’limda esa bunday tizim yo‘q. Kim qancha yoki nima berishiga qarab, xodimlar ishga olinadi. Mudiralar esa umuman bu sohadagi mutaxassislar ham bo‘lmaydi. Sohani tushunmaganidan keyin ta’lim jarayonini qanday qilib nazorat qilsin?!

Yaqqol bir misolni keltiraman: tarbiyachilar bolalar ishtirokida biror yaxshi tadbir qilishsa, ijobiy natija bo‘lishini tushuntiramiz. Ammo ular bu ishlardan o‘zlarini olib qochishadi. Sababini so‘raganimizda, bu kabi tadbirlardan faqat kamchilik topilishini aytishmoqda. «Shuncha mehnat qilibsan, barakalla», — deb emas, «bo‘lmabdi, o‘xshamabdi», — deb do‘q qilisharkan. Chunki bog‘chalarda mutaxassislar ishlamaydi, ular pedagogika nimaligini, undagi metodikalar qanday bo‘lishini tushunmaydi.

Tarbiyachilar juda katta bosim bilan ishlaydi

Tarbiyachilarga juda ham qiyin. 30 nafar bolaga qarash, ularning ota-onasi bilan gaplashish, xat-hujjatlarni yozishning o‘zi bo‘lmaydi. Umuman olganda, bog‘chadagi tarbiyachilarimiz juda katta bosim bilan ishlaydi. Vaholanki, tarbiyachining yordamchisi bor, lekin u pol artish, idish-tovoq yuvish yoki ko‘cha supurishdan ortmaydi. Uning tarbiyachiga yordami tegmaydi. Aslida, maktabgacha ta’lim muassasalari yetarli darajada tozalovchi xodimlar va farroshlarga ega bo‘lishi kerak. Lekin bizning mudiralar bunday qilmaydi. «O‘lik shtat» shakllantirib, 3 nafar xodim ishlashi kerak bo‘lgan joyga, 1 nafar odamni qo‘yadi-da, qolganlarning pulini o‘zi yeb yuraveradi.

Xorij tajribasiga tayansak, u yerdagi bog‘chalarda 15 nafar bolaga 1 nafar tarbiyachi va unga 2 nafar yordamchi beriladi. Tasavvur qilyapsizmi?! Bolalar soni biznikidan ancha kam, lekin ularga qarash uchun 3 nafar mutaxassis ajratilmoqda.

Boz ustiga, hozirgi bolalar xotirjam ham emas, aksariyati juda agressiv. Buning ildizi oilaga borib taqaladi. Bizning jamiyatimizda nosog‘lom oilalar talaygina, shuning hisobiga shu oila farzandlarining ruhiy holati ham sog‘lom emas. Bunday ruhiyatdagi bolalarni eplash esa osonmas.

Bog‘chalar shunchalik xarobligidan tarbiyachilarning ishlayotganiga rahmat aytamiz

Ana endi ta’minot masalasiga ham to‘xtalsak. 2020 yilda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 802-sonli qarorida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash bo‘yicha bir qancha bandlar belgilangan. Ammo unda qayd etilgan jihozlar bog‘chalarga berilmaydi, bu narsalar joylarga umuman yetib bormagan. Ko‘rgazma uchun Toshkent shahrida bir-ikkita yangi bog‘cha qurib yoki bir-ikkitasini yangi jihozlar bilan ta’minlab qo‘yishadi, xolos. O‘zbekiston faqat poytaxtdan iborat emas-ku?

Qishloq bog‘chalariga kirib borishsa, hozir aytilayotgan narsalarining yuzdan biri ham yo‘q. Zafarobod, Paxtakor tumanining chekka joylaridagi bog‘chalarni ko‘rib, eski zamonlarga tushib qolgandek bo‘ldim. Bog‘chalar shunchalik xarobligidan tarbiyachilarning ishlayotganiga rahmat aytamiz. Yarim stavka ishlab 500 ming so‘m, to‘lig‘ida esa 1,5 mln so‘m olishadi. Afsuski, shu maosh ham hujjat, qog‘oz chiqarishga sarflanadi.

Albatta, bunda metodistlarimiz va tarbiyachilarning ham aybi bor. Chunki ular har chorakda eskirgan jihozlar uchun talabnoma shakllantirib berishi kerak. Keyin bu qog‘ozni mudiraga, mudira tuman bo‘limiga, tuman esa viloyat boshqarmasiga yuborib, shu zaylda kerakli narsalar bilan ta’minlanishi kerak. Tarbiyachilar talabnoma shakllantirilgan vaqtda mudira bu kabi narsalarni olish tarbiyachilarning bo‘ynida ekanini uqtiradi.

Oqibatda esa talabnoma shakllantirilmaydi, bog‘chalarimiz xaroba ahvolda yotaveradi.

Tizimning o‘zida quyidan rag‘batlantirish yo‘q

Ko‘p jihatlarni biz oylik maoshga olib borib taqaymiz, aslida esa unga bog‘liq bo‘lmagan jihatlar ham bor. Masalan, har yili oktyabrga yaqin ustoz va murabbiylar davlat mukofotlari bilan taqdirlanishadi. Qaror chiqishi bilan biz «ro‘yxatda maktabgacha ta’limdan qaysi tarbiyachilar bor ekan?» — deb izlashga tushamiz. Bu yilgi ro‘yxatni ko‘rdik, O‘zbekiston bo‘yicha metodist va 5 nafar tarbiyachini qo‘shishgan, xolos. Doimgidek o‘sha «eski tos — eski hammom». 

Tizimning o‘zida quyidan rag‘batlantirish yo‘qligi ham undagi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shu yildan boshlab maktabgacha ta’lim tarbiyachilarini ham toifalar (mutaxassis, birinchi, ikkinchi va oliy toifali)ga bo‘lish boshlandi. Bu tartibni joriy qilishgani uchun juda minnatdormiz, hech bo‘lmasa tarbiyachilar harakat qilishni boshlaydi. Boisi, oldin 40 yil ishlasa ham o‘sha bir xil oylik bilan yuraverardi, endi toifa olgan sari oylik maosh ham ko‘tarilib boraveradi.

Ammo bu toifani olishning o‘ziga yarasha parametrlari mavjud, buning uchun tarbiyachilarning maqolasi chiqqan, ishlari ommalashgan bo‘lishi kerak. Shu sababli ko‘plab tarbiyachilarimizga ishlarini ommalashtirish kerakligini, shu bilan yuzaga chiqib, rag‘batlantirilishini uqtiraman. «Yo‘q, kerakmas, turgan-bitgani xarajat», — deyishadi. Ularning aytishlariga ko‘ra, biror ishni ko‘rsatish uchun mudiralar: «tuman boshqarma boshliqlariga yoki metodistlariga nimadir berish kerak», — der ekan, bog‘cha tarbiyachilarining oyligi kam bo‘lsa, ularning bunga ortiqcha puli yo‘q, axir.

Bundan tashqari, tarbiyachilarning ishi ommalashmayotganining yana bir sababi bor. Har chorakda bog‘chalarda mudira va metodist 10 nafardan tarbiyachilarning mashg‘ulotini kuzatishi, keyin pedagogika kengashi yig‘ilishida bolalar bilan yaxshi shug‘ullanayotganlarning ishi ko‘rsatilishi kerak. So‘ng mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli tarbiyachi qolganlar bilan tajriba almashishi, ularga seminar o‘tib berishi lozim. Ishlarida kamchilik aniqlanganlarga esa metodik ko‘mak berish zarur bo‘ladi. Lekin bizda ikkalasi ham amalga oshirilmaydi. Bog‘chalarni 100 foiz qilib oladigan bo‘lsak, boringki, atigi 10–15 foizida pedagogika kengashlari haqiqatan ishlaydi. Ammo qolganida hamma narsa qog‘ozda yuritiladi.

Mudira tashkiliy ishlari ko‘pligi sabab ko‘chada bo‘ladi, mashg‘ulot kuzatmaydi. Metodist esa xat-hujjatdan ortmaydi, bog‘chadagi mashg‘ulotni kuzatmaganidan keyin ichkaridagi muammoni qayerdan bilsin? Bu holatda esa mudiralarga «sevimli» bo‘lib qolgan tarbiyachilar mukofot pulini olib yuraveradi.

Shuningdek, mudiralar stolidan qo‘rqqani uchun ham o‘zidan kuchli, yaxshi mutaxassislarni, tarbiyachilarni ko‘tarishni istamaydi. Ko‘pchiligi boshqa yaxshi mutaxassislar kelib, o‘rnini egallab olishidan cho‘chiydi. Shu sababli tarbiyachining ishini hech kimga ko‘rsatmaydi. Tizimda mana shunday nosog‘lom raqobat ham bor.

Bog‘chaga ovqat yetkazib beruvchi kompaniyalar mudiralar bilan til biriktirib ishlamoqda

Butun respublika bo‘yicha bog‘chalarning bir qismiga autsorsing joriy etilgan. Autsorsing — shartnoma asosida tashqi manba xizmatidan, ya’ni autsorser kompaniya xizmatidan foydalanish hisoblanadi. Hozirda O‘zbekiston bog‘chalarining ovqatlantirish tizimi shu usul orqali amalga oshirilyapti.

Biz ham bu tizimni o‘rgandik, bir qancha bog‘cha tarbiyachilari bilan ataylab suhbatlashdik. Bunda birjada g‘olib bo‘lgan kompaniyalar tumandagi qanchadir bog‘cha uchun oziq-ovqat yetkazib berish mas’uliyatini oladi. Boshida juda xursand bo‘ldik, endilikda tashimachilik bo‘lmas ekan, bolalarga ovqatlar yetarli va sifatli darajada keladi, degandik. Buning ustiga, firmalar rivojlanishi uchun birinchi yili 5 ta bog‘chani, keyingi yilda yana 5 tasini olsa, 10 ta bog‘chamizning ahvolini talabga javob beradigan qilib qo‘yadi, deb o‘ylagan edik.

Xalqaro tajribada ham bu usuldan foydalaniladi, ularda aynan ovqatlantirish tizimi bog‘chalarga bog‘lab qo‘yilmagan. Ammo hammasi ham o‘ylaganimizdek kechmayapti. To‘g‘ri, boshida harakatlar yaxshi bo‘ldi, lekin hozirga kelib aksiga duch kelyapmiz. Masalan, yaqindagina Jizzaxdagi bog‘chalardan so‘rab, surishtirdik. Autsorsingga o‘tgan bog‘chalarimiz oldingi o‘sha mudiralar ovqat pishirtiradigan davrdan-da, battar ahvolda ekan.

Aslida esa bu tizim inson omili, ya’ni mudiralar ishtirokini olib tashlash uchun yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq bog‘chaga ovqat yetkazib beruvchi kompaniyalar mudiralar bilan til biriktirib ishlamoqda. Agar bu hol davom etadigan bo‘lsa, unda yangilik qilishning nima keragi bor?! Eski va hozirgi ahvolda ham bolalarning rizqi kesilyapti-ku?!

Mudiralar ishtirokida o‘tadigan ovqatlantirish tizimi esa ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak. Buni bir misol bilan tushuntiraman. Bir necha kun oldin bir tanishim somsaxona ochmoqchi bo‘lib, tajriba olish uchun somsachilar bilan ishladi. Hamma joylarni to‘g‘rilab, tandir sotib olib ham qo‘ygan edi. Ozgina vaqt o‘tgandan keyin bilsam, somsaxona emas, novvoyxona ochishibdi. «Nimaga somsaxona qilmadingiz?» — deb so‘rasam, «yo‘q, bu juda xato ish ekan», — dedi. Bilsak, somsaxonachilarning 70 foizi mudiralardan arzonga go‘sht olarkan.

Ko‘ryapsizmi, ikkala tizimda ham baribir inson omili bor. Fikrimcha, bu yog‘i vijdonga borib taqaladi. Boshqachasiga kurashish qiyin bo‘lsa kerak

Eng qizig‘i, Maktabgacha ta’lim vazirligida shularni nazorat qilish bilan shug‘ullanadigan sog‘lom ovqatlantirishni tashkil qilish shu’basi yoki boshqarmasi bor. Unda bir qancha auditorlar ham ishlaydi. Ular bog‘chalarga borib tekshiradigan vaqtida hamma narsa risoladagidek bo‘lib qoladi. Borishganda, «Ha, yaxshimi? Yaxshi» qabilida qaytib kelaverishadi.

Oilaviy bog‘chalarda ta’limiy jarayon yo‘q

O‘zbekistonda xususiy bog‘chalar ko‘p emas, chunki ular barcha xarajatlarni: kommunal to‘lovlarni, tarbiyachilar oyligini o‘zlari qoplashadi. Shuning uchun ham u yerga bolani berish narxi qimmatroq. Qishloq hududida yashovchilar esa bu xarajatlarni ko‘tarolmaydi.

Shuning uchun chekka hududlarda oilaviy bog‘chalar ko‘proq ochilmoqda. Ularga davlat subsidiyasi ajratilgani uchun narxlar uncha ham qimmat emas, mahalliy aholi bemalol to‘lay olishi mumkin. Ammo shu oilaviy bog‘chalarni ham uncha oqlamadim. Chunki bir-ikkitasiga kirib ko‘rdim, uncha ham talabga javob bermaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yakka tadbirkor bog‘cha ochyapti-da, u yerda tarbiyachi emas, nomutaxassis ham tarbiyachi, ham oshpaz, ham tozalovchi vazifasini bajarib ertalabdan kechgacha bolalarga qarayapti. «Mana bolaga banan beryapman, yogurt beryapman», — deyapti. Xullas, u yerlarda ta’limiy jarayon yo‘q. Biroq bir tarafdan oilaviy bog‘chalarning bo‘lgani yaxshi, chunki davlat hamma bolalarni ham maktabgacha ta’limga qamrab ololmaydi.

Kasal bolani qabul qilish 2 ta xavfni yuzaga keltiradi

Tarbiyachilarning filtr degan daftari bor, unga bolalarning harorati o‘lchanib, yozib borilishi kerak. Bu jarayonda hamshiralar ham qatnashishi zarur. Ammo ular qatnashmaydi-da, filtr daftariga bolaning harorati 36,6 deb yozib qo‘yaverishadi. Mana shu yerda ikkita xavf paydo bo‘ladi. Birinchidan, bog‘chaga kasal bola kirishi va bu kasallikni atrofidagi tarbiyalanuvchilarga yuqtirishi mumkin.

Ikkinchidan, tarbiyachi o‘sha bola bilan ovora bo‘lib qolganida boshqa tarbiyalanuvchilar bilan ekstremal holatlar yuzaga kelishi mumkin. Chunki tarbiyachining o‘zi ishlayotgan bo‘ladi, yuqorida aytganimdek, uning yordamchisi maishiy ishlar bilan band bo‘lib qoladi, bolalar esa qarovsiz qolib ketadi.

Aslida kasal bolani olib qolish juda noto‘g‘ri. Ammo bolalar davomati pasaysa, mudira tarbiyachini urishib beradi, shuning uchun, bog‘chadagilar kasal bolani ham olib qolaveradi. Bunday holatlar yo‘q emas.

Bog‘chaga ro‘yxatdan tashqari bolalarni qabul qilish holati

Bola kasal bo‘lgach, ota-onalar oilaviy poliklinikalarda ularga «kasallik varaqasi» ochtirib keladi. Bunday vaqtda oilalar bog‘chalarga bola puli to‘lamaslikka haqqi bor. Mudiralar esa bunday bo‘lishini istamaydi. Chunki ko‘p hollarda bog‘chada ro‘yxatda yo‘q bolalarni qabul qilish holatlari ham uchraydi.

Deylik, bir bog‘chaning bir guruhida 40 nafar bola bor, lekin ro‘yxatda 30 nafar deb berilgan. Qolgan 10 nafar bola uchun ota-onasi pul to‘lab yuraveradi, ammo shunga qaramay, bog‘chaga 30 nafar bola uchun ovqat keladi. Yuqoridagi 10 taning pulini esa mudiralar olib yuradi.

Afsuski, bu o‘yinlarga tarbiyachilar kirib qoladi, ular jurnalida yozilmagan bolaga qaramasligini ham aytadi, ammo mudiralar shu yerda pulning bir qismini tarbiyachilarga berib, ularning «og‘zini yopish»ga urinadi. Eng og‘riqli nuqtalardan biri shudir.

Bilasizmi, eng yomon tomoni — maktabgacha ta’limda bo‘layotgan o‘yinlarni, tizimning chirib ketayotganini vazirlik ham, hududiy boshqarmalar ham yaxshigina biladi. Ammo mudiralarning katta-katta «tanka»lari sabab hammaning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘lib olgan. Oxir-oqibat ta’limiy jarayon o‘ldirilmoqda.

Tizim korrupsiyaga botib ketgan

Yaqinda bir mudiralar bilan suhbatlashib qoldim. Hammasi: «oyning boshida bir kirib-chiqishimiz kerak», — deb bot-bot ta’kidladi. Tushunmay, nima qilishmoqchiligini so‘rab bilsam, ular tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘ining oldiga kirib, ma’lum miqdorda pul tashlab chiqisharkan. Qancha summa berilishini bilolmadim, menimcha, bu bog‘chaning qanchalik katta yoki kichikligiga bog‘liq bo‘ladi. Yana aytishlaricha, pul berilmasa, o‘sha oyda pul bermagan bog‘chalarga tekshiruv yuborilarkan.

OTMda o‘qiyotgan hech qaysi talaba tarbiyachi bo‘lishni istamaydi

Hozirgi vaqtda maktabgacha ta’lim berish uchun o‘qiyotgan talaba qizlarni ikki toifaga ajrataman. Qimmat, yaxshi kiyimlarni kiygan qizlar odatda mudiralarning yoki bog‘chada rahbar lavozimida ishlayotganlarning qizi bo‘lib chiqadi. Qolgani boshqa o‘qishlarga kirolmay, balli pastligi uchun shu oliygohga kelib qolgan bo‘ladi. OTMda o‘qiyotgan hech qaysi talaba tarbiyachi bo‘lishni istamaydi. Chunki bu sohadagilarning oyligi past bo‘lishini, ertaga qanday sharoitda ishlashini juda yaxshi biladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsam, bularning hammasi bir-biriga zanjirdek bog‘liq. Maktabgacha ta’lim tizimi sirtidan go‘zal, xat-hujjatlari joyida bo‘lib ko‘rinadi, ammo bolalarning qanday ta’lim olayotgani, nima yeb-ichayotgani, maktabga qanday tayyorlanayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid