Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yango ilovasi Yevropada 100 mln yevro jarimaga tortildi
“Yandeks”ning Yevropadagi shu’basi – Yango taksi ilovasi mijozlar va haydovchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Rossiyaga uzatgani uchun 100 mln yevro jarimaga tortildi. Ilova operatori ayblovni rad etib, ma’lumotlarni tegishli tartibda YeI hududida saqlayotgani va jarima ustidan sudga shikoyat kiritishini bildirdi.
Foto: LEHTIKUVA/VESA MOILANEN
Yevropadagi Yango taksi ilovasi operatori – Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasiga tegishli MLU kompaniyasi mijozlar va haydovchilarning ma’lumotlarini Rossiyaga bergani uchun 100 mln yevro jarimaga tortildi. Bu haqda Niderlandiya shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish boshqarmasi xabar berdi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyaning “Yandeks” guruhiga kiruvchi MLU kompaniyasi Norvegiya va Finlandiyadagi Yango foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini zarur xavfsizlik choralari ko‘rilmagan holda Rossiyaga uzatgan.
Boshqarma vakillari Norvegiya va Finlandiyadagi hamkasblari bilan birga 2023 yil oxiridan boshlab Yango faoliyatiga nisbatan surishtiruv o‘tkazgan. Surishtiruvda aniqlanishicha, Yango ilovasi ham mijozlar, ham taksi haydovchilari haqidagi “ko‘plab shaxsiy ma’lumotlar”ni Rossiyadagi serverlarda yig‘gan va saqlab kelgan.
Haydovchilik guvohnomalarining skanerlangan nusxalari, uy manzillari, aloqa ma’lumotlari, hisobraqamlar, aniq joylashuv, sayohat tarixi, rasmlar, chat mazmuni va ijtimoiy sug‘urta raqamlari kabi maxfiy ma’lumotlar shular jumlasidan.
“Rossiyadagi shaxsiy ma’lumotlar Yevropadagidek darajada himoyalanmagan. Bu esa rus hukumati ushbu ma’lumotlarga potensial ravishda kirish imkoniga ega bo‘lishi mumkinligini anglatadi, – dedi Niderlandiya shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish boshqarmasi rahbari Aleyd Volfsen. – Shuning uchun ham mijozlar va haydovchilarning maxfiy ma’lumotlari yanada ishonchli himoyalanishi kerak edi, ayniqsa Rossiyada mustaqil shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish organining yo‘qligini hisobga olsak. Biz bu to‘g‘ri amalga oshirilmaganini aniqladik va bu jiddiy muammo”.
Yevropa qoidalariga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar Yevropa Ittifoqidan tashqariga faqat teng darajadagi himoya ta’minlangan taqdirdagina uzatilishi mumkin.
MLU'ga solingan jarima miqdori asoschi kompaniyaning yillik aylanmasidan kelib chiqib hisoblangan bo‘lib, “Yandeks”ning 2024 yilgi daromadi 12 mlrd yevrodan oshgan.
Jarimadan tashqari, MLU kompaniyasiga Yango'ning Yevropadagi foydalanuvchilariga oid shaxsiy ma’lumotlarni Rossiyaga uzatishni darhol to‘xtatish buyurildi.
Kompaniya jarima ustidan sudda e’tiroz bildirish niyatida ekanini bildirdi. BLU rasmiylari kompaniya “Yevropa qonunchiligi talablariga muvofiq barcha zarur himoya choralarini ko‘rgani”ni va shaxsiy ma’lumotlarni YeI hududida shifrlangan holda saqlayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, ular Yango 2025 yildan boshlab Norvegiya va Finlandiyada faoliyat yuritmayotganini ham qayd etishgan.
Mavzuga oid
14:22 / 09.05.2026
Fashistlar rejasini barbod qilgan 101 o‘zbek
18:15 / 07.05.2026
O‘zbekiston milliy jamoasi Niderlandiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
08:07 / 05.05.2026
Niderlandiya poytaxtida go‘sht va avtomobillar reklamasi taqiqlandi
12:07 / 23.04.2026