Jamiyat | 14:22
1402
12 daqiqa o‘qiladi

Fashistlar rejasini barbod qilgan 101 o‘zbek

Har yili 5 mayda Niderlandiya xalqi Bevrijdingsdag - natsistlar bosqinidan ozodlik milliy kunini bayram qiladi. Ammo bu quvonchli sana ortida Ikkinchi jahon urushining yurakni larzaga soladigan eng ta’sirli, fojiali va buyuk hikoyalaridan biri yashiringan. Bu -101 nafar o‘zbekistonlik askar haqidagi hikoya.

Foto: ARCHIEF EEMLAND

Bu hikoya o‘nlab yillar davomida noma’lumlik tamg‘asi va natsistlar yoqib yuborgan arxivlar kullari ostida qolib ketgan. Bu insonlar 1945 yil 5 maygacha jisman yetib kela olmadilar, biroq ularning ruhiy qudrati 1941 yilning o‘zidayoq Uchinchi reyx mashinasi ustidan buyuk g‘alabaga erishgandi.

Fojia miqyosi va xotira qadrini to‘la anglash uchun Ikkinchi jahon urushi davridagi Niderlandiyaga qaytish darkor. 1940 yil 10 may kuni natsistlar Germaniyasi neytral Hollandiyaga bostirib kirdi. Bir necha kundan so‘ng mamlakat taslim bo‘ldi. Niderlandiya besh yildan so‘ng, 1945 yil 5 may kuni fashistlar bosqinidan ozod bo‘ldi.

Shu kuni Niderlandiya yerlaridagi qamoqxona va konslagerlar darvozalari ochildi. Shunday dahshatli maskanlardan biri Amersfort konslageri (Kamp Amersfoort) edi. Aynan mana shu lager va mamlakatning ozod bo‘lishi natsistlarning eng sharmandali mafkuraviy mag‘lubiyati izlarini yo‘q qilish rejasini barbod qildi.

1941 yil kuzida, Smolensk jangi vaqtida “qizil armiyachilar” katta yo‘qotishlarga uchradi. Ular orasida o‘zbekistonlik askarlar ham bor edi. Ular oxirgi o‘qlari qolguncha jang qilishdi. O‘q-dorisiz, yordamsiz qolgan askarlar oxir-oqibat qurshovda qolib, asir olinishdi.
 

MUSEUM FLEHITE

Nemislar “Samarqand esheloni” deb atalgan (ular orasida o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqirdlar bo‘lgan) minglab asirlar ichidan tashqi ko‘rinishi alohida ajralib turuvchi 101 kishini tanlab oldi.

Uchinchi reyxning bosh targ‘ibotchisi Yozef Gebbelsning miyasida chirkin va g‘ayrinsoniy reja paydo bo‘ldi. Bosib olingan Niderlandiyada qarshilik harakati kuchayib borayotgan, natsistlar “birodar xalq” deb hisoblagan hollandlar SS safiga kirish va Hitlerni qo‘llab-quvvatlashga shoshishmayotgandi.

Gebbels 101 nafar o‘zbek askarini Amersfort konslageriga olib kelishni buyurdi. Uning maqsadi oddiy va dahshatli edi: azoblangan bu odamlarni hollandlarga namoyish qilish, ularni Untermenschen (chala odamlar), "yovvoyi osiyoliklar galasi" sifatida ko‘rsatish, niderlandiyaliklarga "Kimlarga qarshi urushayotganimizni ko‘rib qo‘yinglar! Agar bizga qo‘shilmasangiz, bu yovvoyilar Yevropani egallab olishadi", deyish edi.

1941 yil 27 sentabrda Amersfort vokzaliga poyezd keldi. Guvohlar, jumladan, Henk Brukhauzen shunday xotirlaydi: juldur kiyimdagi odamlar shahar ko‘chalari bo‘ylab olib yurilgan. Ular shu darajada holsiz ediki, oyoqlarida bazo‘r turishardi. Yo‘lda yiqilib qolganlarni sheriklari opichlab olib ketishardi.

Natsistlar hollandlar bu “yovvoyilar”ga nafrat bilan qarashadi deb o‘ylashgandi. Ammo aksi bo‘lib chiqdi. Mahalliy aholi asirlarning ahvolini ko‘rib yig‘idan o‘zlarini tiya olmadi. Odamlar ularga olma va non uzatishga urinishdi, biroq eseschilar hollandlarni ayovsiz do‘pposlab, ularning qo‘llaridagi yeguliklarni yerga tashlashga majbur qilishdi.

Amersfort konslagerida 101 nafar o‘zbekistonlik uchun hayvonlar uchun yaratiladigan sharoitdan ham og‘irroq muhit yaratildi. Ular ochiq osmon ostida, tikanli simlar bilan o‘ralgan maydonga joylashtirildi. Ularni ataylab va izchil ravishda ochlik bilan qiynashdi. Natsistlar ularning ochlik va umidsizlikdan insoniylik qiyofalarini yo‘qotishlarini, hayvonga aylanishlarini kutishardi.

Nihoyat “sinov kuni” keldi. Lagerga nemislarning suratga olish guruhi yetib keldi. Rejissyorlarning g‘oyasiga ko‘ra, bir necha kundan buyon ovqatlanmagan asirlar o‘rtasiga non uloqtirilishi, ochlikdan aqldan ozayozgan “chala odamlar” bir bo‘lak non uchun bir-birlarini bosib-yanchib, o‘ldirib tashlashlari kerak edi.

Nemis ofitseri (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra novvoy) tirjaygancha hozirgina pishgan, shirin is taratayotgan nonni maydon o‘rtasiga uloqtirdi.

Qonli jangni tomosha qilish istagidagi natsistlarning butun vujudi ko‘zga aylandi.

Ammo konslagerda o‘lik sukunat hukm surayotgandi.

Birorta ham o‘zbek nonga tashlanmadi. Hech kim ovozini ham chiqarmadi, bir-birini urib-turtmadi. Asirlar orasidan eng yosh askar oldinga chiqib, tuproqli yerda yotgan nonni asta kaftiga oldi. O‘zbekona odatga ko‘ra, uni uch marta o‘pib, peshonasiga tekkizdi.

So‘ngra barcha asirlar bir davra bo‘lib, chordona qurib o‘tirishdi. Yosh askar nonni eng yoshi ulug‘ askarga uzatdi. U esa nondan bir ushoq olib, yonidagi sherigiga uzatdi. Non shu tarzda butun davra bo‘ylab qo‘lma-qo‘l bo‘ldi va 101 kishining har biriga bir ushoqdan tegdi.

Ular o‘zlariga tekkan ushoqni shoshmasdan, xotirjamlik bilan chaynab yeyishdi. Keyin esa Yaratganga shukrona aytib, qisqa du o qilishdi va o‘rinlaridan turishdi.

Suratga olish guruhi turgan joyida qotib qolgandi. SS ofitserlari biroz kalovlanib turgach, g‘azabga minishdi. Ularning rejasi chilparchin bo‘lgandi. Kameralar “hayvonlar” o‘rniga yuksak madaniyat, oqibat va yengilmas matonatga ega insonlarni muhrlagandi. “Buyuk” film olish rejasi yo‘qqa chiqdi. Gebbelsning targ‘iboti o‘zbeklarning asriy an’ana va qadriyatlari oldida ojiz qoldi.

Bu sharmandalik uchun natsistlar shafqatsiz qasos olishdi. Asirlarni chalajon qilib kaltaklashdi, og‘ir ishlarni qildirishdi. 1941-1942 yillar qishidan yengil yozgi kiyimda, tomsiz va ovqatsiz 77 kishi chiqa oldi, 24 kishi kasallik va ochlikdan vafot etdi.
 

NATIONAL ARCHIVES OF THE NETHERLANDS

Bahorga kelib, bu insonlarni ruhan sindirib bo‘lmasligini tushungan lager rahbariyati ularni yo‘q qilishga qaror qildi. 1942 yilning 9 aprel kuni 77 nafar askarni boshqa joyga ko‘chirish bahonasida lagerdan olib chiqib ketishdi. Ular lager yaqinidagi Kudrist (Koedriest) o‘rmoniga olib kelindi.

O‘limga olib ketilayotganini tushungan, eti suyagiga yopishgan, biroq ruhan taslim bo‘lmagan o‘zbek jangchilari boshlarini tik ko‘tarib mag‘rur holda qadam tashlashdi. Otuvga buyruq berilishi oldidan ular bir-birlarining qo‘llarini mahkam ushlashdi va baralla ovozda o‘zbek tilida vatan haqidagi qo‘shiqni kuylay boshlashdi. Shu onda pulemyotlar ovozi yangradi. 77 nafar qahramon yerga yiqildi, lekin ularning ruhi g‘olibligicha qoldi.

Uzoq yillar davomida bu qahramonlik to‘g‘risida deyarli hech kim bilmadi. Nima uchun?

Chunki 1945 yil bahorida mag‘lubiyat yaqinlashayotganini sezgan Amersfort konslageri rahbariyati barcha arxivlar va asirlar ro‘yxatini yoqib yo‘q qildi. 101 nafar o‘zbekistonlikning ism-sharifi ham kulga aylandi. Fashistlar o‘z sharmandaliklari va bu askarlarning matonati to‘g‘risidagi xotiralarni o‘chirib tashlashga urinishdi. Hozirga qadar ulardan ikki nafarining ism-sharifi ma’lum ekanligi aytiladi: Hotam Qodirov va Zoir Murotov.

Bu yerda 5 may sanasi hal qiluvchi tarixiy ahamiyatga ega.

Agar 1945 yil 5 may kuni Niderlandiya ozod qilinmaganida, natsistlar nafaqat qog‘oz arxivlarni, balki barcha tirik guvohlarni ham jismonan yo‘q qilishga ulgurgan bo‘lardi. Ammo aynan shu kuni kelgan ozodlik Amersfort shahri aholisini (asirlarning shaharga olib kelinganini ko‘rgan Henk Brukhauzen kabilarni) va boshqa millatlarga mansub tirik qolgan mahbuslarni saqlab qoldi. Ular bir burda non uchun o‘zini sotmagan mag‘rur osiyoliklar haqidagi hikoyani bir-birlariga yetkazib kelishdi. Aynan 5 may kuni millatning ozod qilinishi hollandlar ongida bu xotirani saqlab qoldi.

Urushdan chuqur jarohat olgan hollandlar ozodlikka erishgan kunidayoq o‘z erkinligi uchun jonini fido qilganlarni hech qachon unutmaslikka ont ichdilar. Ozodlik kuni (5 may) har doim Xotira kuni (4 may) bilan ketma-ket nishonlanadi. Aynan shu an’ana tufayli Amersfort yaqinida — “Sharaf maydoni” (Rusthof) memoriali bunyod etilgan. Bu yerga 865 nafar sovet askarining qoldiqlari, jumladan, o‘zbekistonliklarning nomsiz qabrlari ehtiyotkorlik bilan ko‘chirilgan.

5 mayga bag‘ishlangan bahoriy xotira tadbirlari davomida bu tarix asta-sekin yuz ko‘rsata boshladi. 1990-yillar oxirida yosh holland jurnalisti Remko Reyding bu yerga kelib, Niderlandiya markazida yuzlab ismi noma’lum sovet askarlari yotganidan hayratda qoladi.

Mahalliy aholidan 101 o‘zbek haqidagi uzuq-yuluq afsonani eshitgan Reyding 20 yildan ortiq umrini ushbu voqeani o‘rganishga bag‘ishladi. U Rossiya va O‘zbekistonga bordi, arxivlarni ko‘rdi, bedarak yo‘qolgan askarlarning yaqinlari bilan uchrashdi.

Har yili Ozodlik kunida yuzlab hollandlar ko‘p yillik an’anaga ko‘ra Kudrist memoriali va “Sharaf maydoni”da yig‘ilishadi. Ular 101 nafar o‘zbekistonlik xotirasiga shamlar yoqishadi. Bu kunlarda dunyo bo‘ylab filmlar namoyish etiladi, ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. 2025 yil may oyida Lyosden shahrida “Soviet War Cemetery Experience” muzeyi ochilgan bo‘lib, u yerda O‘zbekiston hukumati qo‘llab-quvvatlovi ostida bu qahramonlarga bag‘ishlangan 101 ta ramziy qabr toshidan iborat yodgorlik barpo etilgan.

Holland zaminiga ozodlik kelganiga 80 yildan oshdi, Kudrist o‘rmonida 77 nafar yengilmas insonning qo‘shig‘i to‘xtaganiga esa 84 yil bo‘ldi.

101 nafar o‘zbekistonlik tarixi — bu shunchaki urush epizodi emas. Bu insonni insonligicha saqlab qoladigan qadriyatlar haqidagi buyuk hikoyadir. Natsistlar odam ochlik va qo‘rquv oqibatida hayvonga aylanishini isbotlamoqchi bo‘lishgandi. Ammo quyoshli O‘zbekistonda tug‘ilgan 101 askar uylaridan minglab kilometrlar olisda, konslagerdagi og‘ir sharoit va qahraton sovuqda buning aksini isbotlashdi. Ular madaniyat, ahillik, insoniylik hech qanday ochlik, qiynoq yoki qurollar sindira olmaydigan poydevor ekanini ko‘rsatishdi.
 

Dunyo AA

Bu askarlar jonajon vatanlariga, onalari yoki ayollari bag‘riga qaytishmadi. Ammo ular tarixda o‘chmas iz qoldirishdi. Niderlandiyada jaranglagan ozodlik qo‘ng‘iroqlari sadosi o‘sha 101 nafar o‘zbekistonlik teng taqsimlangan bir bo‘lak non ustida o‘qigan duoning ham aks-sadosidir.

5 may — bu haqiqat ovoz topgan kun. Ozodlik ularni Vatanga qaytarmadi, ammo ularning nomini abadiy qildi. Bugun Niderlandiya da erkinlik qo‘ng‘iroqlari jaranglaganda, u ovozda 101 o‘zbekistonlikning o‘sha muqaddas duosining aks-sadosi ham bor.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid