Jahon | 21:25 / 29.01.2026
15275
8 daqiqa o‘qiladi

«Ulkan armada». Tramp Eron sohillariga yuborgan harbiy kuchlar haqida nimalar ma’lum?

U qanchalik katta? Va u nima qila oladi?

Foto: EPA

26 yanvar kuni Yaqin Sharqda AQShning «Abraham Lincoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi aviatashuvchilar guruhi joylashtirildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi rasmiy bayonotida ushbu guruh «mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun» keltirilgani ma’lum qilingan.

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp avvaliga Axios uchun bergan intervyusida Eron sohillariga «katta armada» yuborganini aytdi. 28 yanvar kuni esa Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida u to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidga o‘tib, agar yadroviy kelishuv tuzishga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, Tehronga zarbalar berilishini aytdi.

«Bu ulkan „Abraham Lincoln“ aviatashuvchisi boshchiligida Venesuelaga yuborilgan flotga qaraganda ancha kattaroq», – dedi AQSh prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy kemalar o‘z missiyasini bajarishga tayyor – «zarurat tug‘ilsa, kuch ishlatish orqali ham».

«Umid qilamanki, Eron tezda muzokaralar stoliga o‘tiradi hamda adolatli va teng huquqli bitim tuzishga rozi bo‘ladi – hech qanday yadro qurolisiz – bu barcha tomonlar uchun yaxshi bo‘ladi», – degan Tramp.

U Tehronni kelishuv imzolashga chaqirib, «vaqt tugab borayotgani» va keyingi hujum 2025 yil iyun oyida «Tungi to‘qmoq» operatsiyasi doirasida berilgan zarbalardan kuchliroq bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. O‘shanda AQSh kemalari va samolyotlaridan Eron yadroviy obektlari bombalangandi.

«Abraham Lincoln» aviatashuvchisi bir haftadan ortiq vaqt suzib Janubi-Sharqiy Osiyodan Eron sohillari yaqiniga yetib keldi. Xabar qilishlaricha, undan tashqari «McFaul» va «Mitscher» esminetslari ham Yaqin Sharqda turibdi.

AQSh aviatashuvchilari guruhi hozirda aynan qayerdaligi ma’lum emas. FlightRadar24 xizmati 26 yanvar kuni Osprey konvertoplanining O‘mon sohillari yaqinida Hind okeani ichkarisidan quruqlik tomon qilgan parvozini qayd etgan. Bunday konvertoplanlar esa aviatashuvchi bortida olib yuriladi. Okeanda Osprey ilk bor aniqlangan nuqtadan Eron sohillariga qadar masofa taxminan 800 kilometrni tashkil etadi.

Malayziyaning Port-Klang shahrida turgan «Abraham Lincoln» palubasidagi harbiy aviatsiya. 2024 yil 26 noyabr
Fazry Ismail / AFP / Scanpix / LETA

«Abraham Lincoln»ga 90 ta samolyot va vertolyot, jumladan, F-35 Lightning II va F/A-18 Super Hornet qiruvchilarini joylashtirish mumkin. Esminetslar bortida esa yuzlab raketalar, jumladan, quruqlikdagi nishonlarga aniq zarba berishga mo‘ljallangan Tomahawk rusumli o‘nlab raketalarni olib yurish mumkin.

BBC Verify faktcheking xizmati 18 yanvar kuni Britaniyaning «Leykenxit» bazasidan amerikaliklarning F-15 qiruvchi samolyotlari uchib ketganini tasdiqlagan. Keyin bu samolyotlar – yoki ulardan kamida bittasi – Krit ustida paydo bo‘lgan. Bu marshrut odatda qiruvchi samolyotlarga uzoq parvozlarda hamrohlik qiluvchi yonilg‘i quyuvchi samolyot transponderini kuzatish orqali aniqlangan.

FlightRadar24 xizmatining ushbu skrinshotida to‘rtta yonilg‘i quyish samolyoti va bitta F-15 qiruvchisining Britaniya va Kritdagi baza o‘rtasidagi marshrutlarini ko‘rish mumkin.

Yaqin Sharq mintaqasida AQSh sakkizta muntazam harbiy bazaga va o‘nlab vaqtinchalik bazalarga ega. Ulardan eng yirigi – Qatardagi Al-Udayd aviatsiya va flot bazasidir. Bu yerdagi shaxsiy tarkib a’zolari soni 40-50 ming kishiga baholanadi.

Agar Qo‘shma Shtatlar Eron bo‘ylab zarba berishga qaror qiladigan bo‘lsa, ularning asosiy kuchi aynan aviatashuvchi guruh bo‘ladi, deya qayd etadi BBC. Zarbalar strategik bombardimonchi samolyotlar tomonidan ham berilishi mumkin, ularni mintaqaga olib kelib joylashtirish shart emas. Bunday samolyotlar okeanortidagi doimiy bazalaridan havoga ko‘tarilib, yo‘lda yonilg‘i quyish orqali manzilga yetib borishi mumkin.

Javobgarlik hududi Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Sharqiy Afrikani qamrab oladigan AQSh Markaziy qo‘mondonligi 26 yanvar kuni butun mintaqa bo‘ylab aviatsiya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi haqida e’lon bergan. Mashg‘ulotlar aynan qachon boshlanib, qachon yakunlanishiga aniqlik kiritilmagan.

Tramp Eronga zarba berish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilgan-qilmagani noma’lum. U yanvar oyi boshida ham ushbu mamlakatdagi hukumatga qarshi namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilganiga javoban harbiy kuch qo‘llash bilan tahdid qilgandi, ammo keyinroq bu fikridan qaytdi.

Agar AQSh baribir zarba beradigan bo‘lsa, Eron «eng qat’iy tarzda» javob berishga tayyor, deya ma’lum qilgan mamlakat rasmiylari. Eronning javob zarbasi nishonlari AQShning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi sanalgan Isroil, shuningdek, Yaqin Sharqdagi Amerika bazalari bo‘lishi mumkin. 2025 yil iyunida Tehron AQShning zarbalariga javoban Qatardagi Al-Udayd bazasini o‘qqa tutgandi. Bu haqda oldindan ogohlantirish berilgani uchun baza evakuatsiya qilingan, Qatar havo hujumidan mudofaa kuchlari raketalarni to‘xtatib qolgandi.

«Abraham Lincoln» («Nimits» tipidagi atom aviatashuvchisi) Kaliforniya shtati, San-Diyego shahridagi Nort-Aylend harbiy-dengiz aviabazasida. 2025 yil avgust
Mike Blake / Reuters / Scanpix / LETA

Yadroviy kelishuv

2015 yilda Eronning bir qator davlatlar bilan kelishuvi (Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi – JCPOA) tasdiqlangan, unda Eron yadro dasturini tugatish ko‘zda tutilgan edi.

2018 yilda, o‘zining birinchi prezidentlik davrida Donald Tramp razvedkaning Eron yadroviy dasturini rivojlantirish davom etayotgani haqidagi ma’lumotlariga asoslanib, AQShni kelishuvdan olib chiqdi. Shundan beri Tehronning Vashington bilan muzokaralari muvaffaqiyatsiz bo‘lib qolmoqda. Bu muzokaralar doirasida AQSh Erondan yadro qurolini ishlab chiqishdan butunlay voz kechishni talab qiladi.

2025 yil iyunida AQSh harbiy-havo kuchlari ittifoqchilar bilan birgalikda Eron yadroviy dasturining uchta asosiy obekti – Natanz, Fordo va Isfahondagi obektlarga yirik zarbalar berdi. Shundan keyin Tramp Tehronning yadroviy imkoniyatlari «butunlay va uzil-kesil yo‘q qilingani»ni e’lon qiladi.

G‘arb nashrlari manbalarga tayanib yozishicha, Amerika zarbalari faqat Eron ishlanmalarini bir necha oyga ortga surgan, Tehron esa boyitilgan uran zaxiralarining katta qismini ko‘chirishga va yashirishga muvaffaq bo‘lgan.

Eron endi mamlakatdagi birorta ham obektda uranni boyitish bilan shug‘ullanmayotganini ta’kidlaydi.

Tramp Tehron o‘z yadroviy dasturini tiklashga urinsa, Eronga yangi zarbalar bilan tahdid qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid