Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yamalda – yubiley, «Bavariya»da – rekord, Shomurodovda – dubl. Kun o‘yinlari
«Arsenal» chempionlik poygasida qoqildi, «Liverpul» YeChL uchun kurashmoqda, «Barselona» «Real» bilan oradagi farqni 9 ochkoga yetkazdi.
Foto: Reuters
Angliya: «Arsenal»da rejadan tashqari mag‘lubiyat
«Arsenal» – «Bornmut» 1:2
Gollar: Krupi, 17 (0:1). Yokeresh, 35 – penalti (1:1). Skott, 74 (1:2)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Lyuis-Skelli, Uayt (Moskera, 76), Subimendi (Gabriel Jyezus, 76), Rays, Havers (Eze, 54), Martinelli (Douman, 54), Madueke (Trossar, 54), Yokeresh
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Hill, Tryuffer, Ximenes (Smit, 90), Skott, Kristi (Adams, 70), Taverne, Krupi (Tot, 85), Rayan (Bruks, 70), Evanilson (Enes Yunal, 90)
Ogohlantirishlar: Yokeresh, 80 – Tryuffer, 77. Krupi, 79. Hill, 90
Liga kubogi finalidagi mag‘lubiyat, Chempioship vakili «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda yutqazib, Angliya kubogini tark etish, YeChLda «Sporting»ga qarshi o‘yindagi qiyin g‘alaba – bular chuqur inqirozni anglatmaydi, ammo «Arsenal» barcha o‘yinlarda qiynalayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, aprel – Mikel Arteta uchun eng muammoli oy hisoblanadi.
«Bornmut»ga qarshi o‘yin boshida Tryufferning uzatmasidan keyin to‘p rikoshet orqali Krupining oyog‘iga borishi va hisob ochilishidan keyin bu o‘yinda ham londonliklarga oson bo‘lmasligi oydinlashdi.
Birinchi bo‘limning o‘zida to‘p jarima maydoni ichida qo‘l bilan o‘ynalgani uchun belgilangan penaltini Yokeresh aniq ijro etdi va hisobni tenglashtirdi.

Odatda ushbu shvetsiyalik hujumchi gol urgan o‘yinlarda «kanonirlar» g‘alabani o‘ziniki qiladi. Ammo bu safar emas. Arteta ikkinchi bo‘limda zaxiradan futbolchilarni tashlash orqali hujum chizig‘ini kuchaytirishga urindi, ammo g‘alaba golini urish mehmonlar yarimhimoyachisi Skottga nasib etdi. «Bornmut» mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi (+5=7), bu esa klub uchun rekord hisoblanadi. Barcha turnirlar doirasida so‘nggi to‘rt o‘yinda uchinchi bor yutqazgan (jamoaning undan oldingi 49 o‘yindagi jami mag‘lubiyatlari soni uchta edi) Arteta shogirdlari esa APL chempionlik poygasidagi vaziyatni o‘zi uchun qiyinlashtirib qo‘ydi: bugun «Siti» «Chelsi» bilan o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oradagi farq 6 ochkogacha qisqaradi («shaharliklar»da yana bitta zaxira o‘yini bor).
«Liverpul» – «Fulhem» 2:0
Gollar: Ngumoha, 36 (1:0). Saloh, 40 (2:0)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Roberson, Frimpong (Gomes, 69), Soboslai, Jons (Gravenberh, 46), Virs (Makallister, 68), Ngumoha (Isak, 69), Saloh (Nioni, 90), Gakpo
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Robinson (Sessenon, 69), Kastan, Berge, Ivobi, King (Lukich, 46), Bobb (Smit-Rou, 46), Uilson (Ximenes, 80), Rodrigu Munis (Chukvueze, 80)
O‘tgan hafta o‘rtasida YeChL chorakfinalida «PSJ»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirilgan Saloh shanba kuni boshlang‘ich tarkibga qaytdi. Misrlik hujumchi ishonchni oqladi va birinchi bo‘lim oxirida chiroyli gol bilan hisobdagi farqni oshirdi. Undan oldinroq esa Slotning rotatsiyasi doirasida ilk daqiqalardan maydonda harakat qilgan 17 yoshli Rio Ngumoha hisobni ochgandi.
Salohning goli ham ushbu yosh vingerning sa’y-harakatlari evaziga yuzaga keldi. Ushbu futbolchi allaqachon «Liverpul» tarixiga kirdi. 17 yosh-u 225 kunligida u mersisaydliklarning «Enfild»da kechgan APL o‘yinida gol urgan eng yosh futbolchisiga aylanib, 2012 yildan buyon Rahim Sterlingga tegishli bo‘lib turgan rekordni o‘ziniki qildi.
Qizillar jamoasi ikkinchi bo‘limda ustunlikni saqlab qoldi va bu g‘alabadan keyin YeChLga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rinni mustahkamladi. Endi jamoa hafta o‘rtasida «PSJ»ga qarshi javob o‘yinida kamida shunday hisobda g‘alaba qozonishi talab etiladi.

Ispaniya: Ferran porladi
«Barselona» – «Espanyol» 4:1
Gollar: Torres, 9 (1:0). Torres, 25 (2:0). Pol Losano, 56 (2:1). Yamal, 87 (3:1). Reshford, 89 (4:1)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin (Kasado, 46), Balde (Joau Kanselu, 64), Arauxo, Pedri, E. Garsiya, Fermin Lopes (de Yong, 84), Gavi (Reshford, 64), Yamal, Torres (Olmo, 74)
«Espanyol»: Dmitrovich, Kalero, Kabrera, Romero, Al Hiloliy Gonsales de Sarate, Pol Losano (Pikel, 80), Dolan (Fernandes, 46), Ngonge (Sanches, 64), Eksposito (Terrats, 71), Kike Garsiya (Pere Milya, 71)
Ogohlantirishlar: Gavi, 32. E. Garsiya, 45. Kasado, 49 – Al Hiloliy 32. Eksposito, 34. Ngonge, 45. Pol Losano, 58. Kalero, 83. Gonsales de Sarate, 90
Yamal navbatdagi rekordni yangiladi – 18 yosh-u 272 kunligida la liga doirasida «Barselona» safida 100 o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchiga aylandi. Va aynan yubilyar futbolchi kataloniyaliklarga hisobni ochishda yordam berdi. U burchakdan to‘p uzatganida darvozabon unga yeta olmadi va 31 yanvardan buyon gol ura olmagan Ferran Torres bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Ushbu forvard bo‘lim o‘rtalarida dublni rasmiylashtirdi – bu safar ham unga Yamal shvedka uslubida uzatma berdi.
Lamin shanba oqshomida joriy mavsumda assistentlik ballarini 10 tadan oshirgan ilk futbolchiga aylandi (11). Ferran esa ikkinchi bo‘limda het-trik muallifi bo‘lishi ham mumkin edi, ammo uchinchi gol mikroskopik ofsayd holati tufayli bekor qilindi.

Bu gol bekor qilinishidan zum o‘tmay Losano chiroyli zarbasi bilan hisobni qisqartirib, o‘yinga intriga qaytardi.
Ammo mehmonlarning bundan ortig‘iga kuchi yetmadi, Yamal esa o‘yin oxirida darvozabonning to‘pga chiqishdagi xatosidan foydalanib, amalda o‘yin taqdirini hal qiluvchi golni urdi. Bir necha daqiqa o‘tib Frenki de Yongning himoyachilar ortiga uzatmasiga yetib borgan Reshford hisobni yiriklashtirdi.
«Real» oqshomida kechgan o‘yinda «Jirona» bilan durang o‘ynagandi va endi «Barsa» ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni 9 ochkoga yetkazmoqda. Hansi Flik qatorasiga ikkinchi mavsumda chempionlikka erishishga yaqin.
«Sevilya» – «Atletiko» 2:1
Gollar: Adams, 10 – penalti (1:0). Bonyar, 35 (1:1). Gudel, 45+2 (2:1)
«Sevilya»: Vlaxodimos, Salas, Gudel, Kastrin, Oso, X. Sanches (Suaso, 90+4), Agume, Manu Bueno (Sou, 70), Rub. Vargas (A. Sanches, 78), Romero (Peke Fernandes, 70), Adams (Mendi, 90+4)
«Atletiko»: Musso, Pubil, Martines, Dias (Monserrate, 86), Bonyar, Mendosa (Morsilio, 71), O. Vargas, Baena, Almada, Belaid (Lukman, 71), Syorlot
Ogohlantirishlar: Manu Bueno, 36. X. Sanches, 67. Gudel, 88. Peke Fernandes, 90 – Dias, 44. Baena, 75. Grizmann, 75. Morsilio, 90
Chempionlik poygasini allaqachon tark etgan va kuchli beshlikni ham tark etmasligi aniq bo‘lgan «Atletiko» esa asosiy e’tiborni YeChL o‘yinlariga qaratmoqda (hafta o‘rtasida «Barsa»ga qarshi javob o‘yini bo‘lib o‘tadi) va «Ramon Sanches Pisxuan»dagi o‘yinda Diyego Simeone ikkinchi tarkibni tushirdi. Mehmonlar penaltidan tezkor gol o‘tkazib yuborishdi, ammo «matraschilar» boshlang‘ich tarkibida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan yoshlar jonbozlik ko‘rsatishdi. La ligadagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazgan 21 yoshli Xulio Dias birinchi bo‘lim o‘rtalarida Almadaning uzatmasiga yetib bordi va to‘pni jarima maydoniga oshirdi, pasni qabul qilgan 20 yoshli debyutant Bonyar esa asosiy jamoadagi ilk golini nishonladi.
Lekin bo‘lim oxirida madridliklar mudofaasi qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Gudel burchak zarbasidan keyin mezbonlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Ligada qolish uchun kurashayotgan «Sevilya» ikkinchi bo‘limda xotirjamlik bilan hisobni saqlash uchun o‘ynadi va yakunda o‘z maqsadiga erishdi. Matraschilar esa mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, to‘rtinchi o‘rinda mustahkam joylashgan – beshinchi o‘rindagi «Betis» bilan oradagi farq 12 ochkoni tashkil etmoqda.

Germaniya: «Bavariya»da asriy rekord
«Sankt-Pauli» – «Bavariya» 0:5
Gollar: Musiala, 9 (0:1). Goretska, 53 (0:2). Olise, 54 (0:3). Jyekson, 65 (0:4). Rafael Gerreyru, 88 (0:5)
«Sankt-Pauli»: Vasil, Val, Mets, Ando, Fudzita (Metkalf, 66), Rasmussen, Ritska (Oppi, 77), Pirka, Sinani, Pereyra Laj (Xara, 88), Untondji (Kars, 77)
«Bavariya»: Noyyer, Kim Min Je, Ito (Ta, 67), Bishof, Laymer (Stanishich, 58), Kimmih (Deyvis, 59), Goretska, Rafael Gerreyru, Musiala (Sapoko Ndiay, 84), Olise (Dias, 59), Jyekson
Ogohlantirishlar: Fudzita, 52 - Laymer, 19. Olise, 52
«Bavariya» ham ichki chempionatni amalda hal qilib bo‘lgan va YeChLga kuch saqlash uchun aralash tarkibni o‘ynatmoqda. Lekin jamoaning bunday tarkibi ham ligadagi boshqa jamoalardan bir bosh baland. Keyn, Dias, Upamekano kabi asosiy tarkib futbolchilari zaxirada qoldirilgan o‘yinda ham myunxenliklar yirik hisobda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishdi.
«Sankt-Pauli»ga qarshi o‘yin arafasida «Bavariya» gollar nisbati bo‘yicha 100:25 ko‘rsatkichiga ega edi. O‘yin debyutidayoq Musiala hisobni ochdi va bu bilan Germaniya chempionatida ko‘p gol urish bo‘yicha o‘tgan asrdagi rekord takrorlandi (1971/72 yillar mavsumida «Bavariya»ning o‘zi 101 gol bilan boshqalar uchun yetib bo‘lmas marrani o‘rnatgandi). Jamoa o‘zining bu natijasini Xosep Gvardiola, Yupp Haynkes va Hansi Flik davrida ham takrorlay olmagandi.
Vensan Kompani shogirdlari esa bu rekordni yangilashdi – Goretska ikkinchi bo‘lim boshida to‘pni to‘xtatmay darvozaga yo‘llash orqali urgan gol tarixga kirdi. O‘yin yakunigacha Olise, Jyekson va Rafael Gerreyru yana bittadan gol urishdi va jami gollar sonini 105 taga yetkazib qo‘yishdi. Mavsum yakuniga yana besh tur borligidan kelib chiqilsa, jamoa aql bovar qilmas natija qayd etishiga shubha yo‘q.
Bu yirik g‘alabadan keyin «Bavariya» 76 ochko bilan Bundesliga turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin ta’qibchisi «Borussiya»ni 12 ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda.

Turkiya: Shomurodov to‘purarlar poygasida
«Istanbul B» – «Genchlerbirligi» 3:0
Gollar: Shomurodov, 9, 40; Bertug‘, 42.
«Istanbul Boshoqshehir»: Muhammad, O‘mer Ali (Bulut, 59), Duarte, Opoku, Operi (Karatas, 60), Kemen, Umut (Kaluzinski, 68), Yusuf, Shomurodov (Zelke, 81), Brnich, Bertug‘ (Krespo, 59).
«Istanbul Boshoqshehir» Turkiya Superligasi 29-turi doirasida «Genchlerbirligi» ustidan yirik hisobda g‘alabaga erishdi. Shu kuni mezbonlarning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov golsiz seriyasini yakunladi (u so‘nggi besh o‘yinda maydonni golsiz yakunlagandi) va 9 va 40-daqiqalarda dubl qayd etdi. Endi uning ligadagi gollari soni 18 tani tashkil etmoqda va 22 gol bilan to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayotgan «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachuni ta’qib etmoqda.
Shomurodov shu kuni 81-daqiqada zaxiraga olindi, jamoa safidagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Abbos Fayzullayev esa jarohati sabab o‘yinni o‘tkazib yubordi.
Yirik g‘alabadan keyin «Boshoqshehir» ochkolari sonini 47 taga yetkazib, turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi.
Mavzuga oid
14:08 / 13.04.2026
«Siti» «Chelsi»ni yirik hisobda yengdi
12:01 / 09.04.2026
YeChL. «Barsa» va «Liverpul» birinchi o‘yinlarida yutqazdi
07:51 / 08.04.2026
«Real» Madridda yutqazdi, «Arsenal» g‘alaba bilan qaytdi. Kun o‘yinlari
11:58 / 05.04.2026