Sport | 11:58
4458
9 daqiqa o‘qiladi

«Real» autsayderga yutqazdi, «Barsa» chempionlikka yaqinlashdi

«Real» qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi va amalda chempionlik kurashidan chiqdi. «Barsa» va «Atletiko» o‘yinida hakamlik mojarosi.

Foto: Quality Sport Images/Getty Images

«Real» amalda chempionlik kurashidan chiqdi

«Malyorka» – «Real» 2:1
Gollar:
Morlanes, 41 (1:0). Eder Militao, 88 (1:1). Murichi, 90+1 (2:1)
«Malyorka»: Roman, Maskarel, Valent, Moxika, Maffeo, Darder, Morlanes (Lopes, 70), Koshta (Virxili, 70), Pablo Torre (Jozef, 70), Muriki, Luvumbu (Sanches, 81)
«Real»: Lunin, Ryudiger, Hausen (Eder Militau, 59), Karreras, Aleksandr-Arnold, Kamavinga (Bellinghem, 59), Tshuameni, Arda Guler (Pitarch, 72), Manuel Anhel (Vinisius Junior, 59), Mbappe, Dias (Mastantuono, 76)
Ogohlantirishlar: Roman, 66. Valent, 84. Luvumbu, 90. Maffeo, 90 – Hausen, 47. Mastantuono, 90

«Real» chempionlik poygasining hal qiluvchi pallasida qoqildi. 30-turda madridliklar klubi chempionatning 18-o‘rindagi jamoasi bo‘lib turgan «Malyorka» maydonida sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchradi (1:2).

O‘tgan turda qizil olgani uchun Valverde diskvalifikatsiyaga uchragandi, natijada «Kastilya» jamoasi sardori Manuel Moran boshlang‘ich tarkibda debyut qilish imkoniga ega bo‘ldi. Jamoa yetakchilaridan biri Kilian Mbappe 21 fevraldan buyon ilk bor la liga uchrashuvida ilk daqiqalardan harakat qildi. Shuningdek, Karreras va Kamavinga safga qaytgandi. Qolaversa, Militao, Asensio va Bellinghem zaxira o‘rindig‘idan joy olishdi.

Ammo jarohatdan endi qaytgan futbolchilar hali formasini tiklashga ulgurmagani ma’lum bo‘ldi. Mbappe birinchi bo‘limda ikki bor darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Mezbonlar darvozaboni Ardaning ham xavfli zarbasini bartaraf etdi.

41-daqiqada esa hisob ochildi. Eduardo Kamavinga mezbonlar yarimhimoyachisi Manu Morlanesni qo‘riqlamadi va u Luninni osonlik bilan dog‘da qoldirdi.

Mbappe vaziyatni o‘nglashga harakat qildi, ammo Roman uning navbatdagi xavfli zarbasini ham qaytardi. 60-daqiqada Arbeloa Vinisius, Bellinghem va Militaoni, biroz o‘tib Pitarch va Mastantuononi maydonga tashladi.

Tarkib kuchaytirilganiga qaramay, o‘yin oxirigacha yaqqol golli vaziyatlar yaratilmadi. Faqat 88-daqiqada standart vaziyat ish berdi: Trent to‘pni burchakdan oshirdi, Militao bosh bilan aniq zarba berdi.

Ammo madridliklar klubi bu oqshom bir ochko ham qo‘lga kirita olmadi. Qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida Trent Jozefni o‘tkazib yubordi, u esa jarima maydoni ichida ochilgan Murikini golli pas bilan ta’minladi. 31 yoshli kosovolik hujumchi jamoasiga g‘alaba olib keldi va to‘purarlar poygasida 19 gol bilan ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. 23 gol bilan ushbu ro‘yxatni boshqarayotgan Kilian Mbappega esa bu oqshom gol urish nasib etmadi.

«Barsa» «Atletiko»ni taslim etdi

«Atletiko» – «Barselona» 1:2
Gollar:
Simeone, 39 (1:0). Reshford, 42 (1:1). Levandovski, 87 (1:2)
«Atletiko»: Musso, Langle (Taufik Seydu, 68), Le Norman, Gonsales, Molina, Koke (Rudjyeri, 46), Vargas, Almada, Simeone (Ximenes, 61), Grizmann (Morsilio, 61), Baena (Syorlot, 61)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, Arauxo (Bernal, 40, Kunde, 62), Pedri, E. Garsiya (Gavi, 78), Fermin Lopes (Torres, 46), Reshford (Levandovski, 79), Yamal, Olmo
Ogohlantirishlar: Gonsales, 22. Koke, 45. Molina, 45. Musso, 50. Langle, 53. Taufik Seydu, 90 – Fermin Lopes, 45. Martin, 50
Chetlatish: Gonsales, 45

«Atletiko» bilan o‘yin boshlanishiga bir necha soat qolganida «Barselona» «Malyorka»dan ajoyib sovg‘a oldi. «Real» ushbu autsayderdan mag‘lubiyatga uchragach, kataloniyaliklar o‘z uchrashuvida g‘alaba qozonish orqali eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqni 7 ochkoga yetkazib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yakunda ham shunday bo‘lib chiqdi.

Lekin «Barsa» uchun o‘yin oson kechmasligi oldindan ma’lum edi. Birinchidan, jamoaning ko‘plab futbolchilari terma jamoalar yig‘iniga ketgan va bazaga qaytganiga ko‘p vaqt bo‘lmagandi. Jamoa yetakchilaridan biri Rafinya esa Braziliyadan jarohat bilan qaytdi, u endi kamida bir oy maydonga tusha olmaydi. Qolaversa, De Yong ham hali safga qaytmagan, Kunde va Balde esa endigina tiklandi va 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emas. Qolaversa, «Atletiko» doim kataloniyaliklar uchun qiyin raqib bo‘lib kelgan – yaqinda Ispaniya kubogida uchralgan yirik mag‘lubiyatni (0:4) hech kim unutgani yo‘q.

O‘z navbatida, «Atletiko»da ham yo‘qotishlar bor edi. Oblak, Barrios, Pubil va Mendosa jarohatlangan, Kardozo va Liorente esa diskvalifikatsiyaga uchragan. Simeone jamoa baribir chempionlik poygasida emasligi, kuchli to‘rtlikni tark etmasligi, shuningdek, oldinda YeChL chorakfinali ham kutayotganidan kelib chiqib (aynan kataloniyaliklarga qarshi o‘yinlar), Ximenes, Gansko, Rudjyeri, Lukman, Alvares va Syorlot kabi asosiy tarkib futbolchilarini zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.

Dastlabki 10 daqiqani jamoalar razvedka ishlariga sarflashdi. Keyin esa aralash tarkibda tushganiga qaramay, madridliklar tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi. Grizmanning o‘zida ikki bor qulay imkoniyat yuzaga keldi, ammo uning dastlabki zarbasi to‘g‘ri darvozabonga bordi, keyingisida darvozabon hududida turib to‘g‘ri zarba berolmadi. Bunga Yamal o‘z fintlari va o‘ziga xos paslari bilan javob qaytardi. U ikki marta Fermin Lopesni qulay vaziyatga chiqardi, ammo mehmonlar hujumchisiga aniqlik yetishmadi. Laminning o‘zi gol urishi mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi.

40-daqiqada esa Juliano Simeone markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi. Bu safar ham «Barsa» ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ydi va argentinalik futbolchi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, Garsiyaga hech qanday imkon qoldirmadi.

Ammo «Metropolitano»da yig‘ilgan muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, uch daqiqa o‘tib Reshford Olmoning nozik uzatmasini golga aylantirdi.

Keyin esa Ispaniya uchun odatga aylangan hakamlik tomoshasi yuzaga keldi. Avvaliga arbitr uch daqiqa mobaynida ikki jamoa futbolchilarini ajratish bilan shug‘ullandi, keyin esa hakamlar brigadasi besh daqiqa mobaynida Niko Gonsalesning qo‘pollik darajasini aniqlashga urindi.

Argentinalik lateral Yamalni qarshi olishga ulgurmagandi va uni jarima maydoni yaqinida yiqitgandi. Hakam avvaliga sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalangandi, ammo videotakrordan keyin kartochkaning rangi qizilga o‘zgardi va «Atletiko» ikkinchi bo‘limda ozchilik bo‘lib harakat qiladigan bo‘ldi.

Ammo ikkinchi bo‘limda tarkiblar soni tenglashishi ham mumkin edi – Jyerar Martin to‘pni uzoqlashtirishga urinib, Vargasning to‘pig‘iga butsasining ostki qismi bilan zarba berib yubordi va hakam darhol qizil kartochka ko‘rsatdi. Ammo vaziyatga yana VAR aralashdi, yakunda futbolchi dastlab to‘pga o‘ynagan deb topildi va qizil bekor qilindi.

Qolgan vaqt mobaynida katalonlar tejamkor rejimga o‘tishdi va o‘z vaziyatini kutishdi. Vaziyatlar birinchi bo‘limdagidek ko‘p bo‘lmasa-da kuzatilib turdi. Yamal jarima maydoni tashqarisidan aylanma zarba yo‘lladi, tanaffusda Fermin o‘rniga tushgan Ferran Torres esa qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Ammo «Barselona» baribir o‘z maqsadiga erishdi – zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan faxriy hujumchi Levandovski kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘ldi va darozabondan qaytgan to‘p uning yelkasiga tekkan holda baribir darvoza to‘riga kirib ketdi.

Irodali g‘alabaga erishgan ko‘k-anorranglilar endi «Real» bilan oradagi farqni 7 ochkoga yetkazdi. Katta ehtimol bilan, Ispaniya chempionligi masalasi amalda hal bo‘ldi. Diyego Simeone esa hafta o‘rtasida revansh olishga harakat qiladi.

p

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid