O‘zbekiston | 19:56 / 31.08.2022
48591
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident 2026 yilgacha qilinadigan 5 ta asosiy vazifani sanadi

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston qanday bo‘lishi haqida gapirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida butun xalqni ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

«Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi», dedi prezident.

Davlat rahbari bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi jadal amalga oshirayotganini ta’kidladi.

«Yangi O‘zbekiston:

– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;

– odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan; 

– hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan;

– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir. 

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi», dedi prezident.

Prezident ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi. 

Birinchi yo‘nalish – ta’lim

“Men doim aytganman va yana qaytaraman, biz uchun birinchi o‘rinda ta’lim, ta’lim va yana ta’lim turadi. Farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, maktab bitiruvchilar zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan va dunyoqarashi keng shaxslar bo‘lishi lozim.

“Buning uchun, maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Ushbu tizim avval ilg‘or xorijiy mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, keyingina hayotga tadbiq etiladi”, – dedi davlat rahbari.

Ikkinchi yo‘nalish – sud

“Sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish bo‘lmaydi”, – ta’kidladi Mirziyoyev.

“Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim. Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi”, – dedi prezident.

Uchinchi yo‘nalish – tadbirkorlik

“Xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

Biz aholi va tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettiramiz. Bunda hech kimga alohida imtiyozlar berilmaydi, sog‘lom raqobat muhiti uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

To‘rtinchi yo‘nalish – tibbiyot

“To‘rtinchidan, sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiramiz.

Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovini oshirib, uni odamlarga yanada yaqinlashtiramiz.

Maqsadimiz – xalqimiz sog‘lom hayot kechirishi va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirishga erishish”, – dedi davlat rahbari.

Beshinchi yo‘nalish – ichimlik suvi

“Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi. Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Albatta, bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman.

Asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz bo‘lgan – yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yo‘lda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur o‘ylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz.

Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizga chin dildan ta’zim qilaman.

Siz, aziz yurtdoshlarimni O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxt-u saodat, fayzu baraka tilayman.

Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid