O‘zbekiston | 21:01 / 01.02.2020
27556
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuraturada katta yig‘ilish: yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish masalasi ko‘tarildi

Qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyati vakillari ishtirokida o‘tgan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilish yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish masalasiga bag‘ishlandi.

1 fevral kuni Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘oriladigan ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishi ahvoli hamda sohada qonuniylikni ta'minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Prezident administratsiyasi mas'ul xodimlari, komissiya a'zolari, Senat va Qonunchilik palatasi vakillari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi, sohaga aloqador boshqa vazirlik va idoralar rahbar va mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Joylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman-shahar hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar organlari va soliq idoralari boshliqlari, sohaga aloqador vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari rahbarlari qatnashishdi.

Komissiya yig‘ilishida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan ma'ruza qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda yer maydonlaridan foydalanish tizimini isloh qilishga oid 30dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yildan yilga ortib bormoqda. Bu maqsad uchun 2017 yilda 463 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2018 yilda 559 mlrd., 2019 yilda esa 673 mlrd. so‘mni   tashkil etgan.

Ekin maydonlari samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu davrda respublika bo‘yicha 170 ming gektardan ortiq maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etildi, natijada holati yomonlashgan 303 ming gektar yerning unumdorligi oshirildi.

Past hosilli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish, ular o‘rnida yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. O‘tgan uch yilda hosildorligi past bo‘lgan 293 ming gektar ana shunday maydonlarning 257 ming gektarida daromadbop turli ekinlar yetishtirildi, 35 ming gektarida intensiv bog‘ va yangi tokzorlar barpo etildi. Ko‘rilgan choralar natijasida birgina 2019 yilda 48 ming gektar yaroqsiz yer maydonlari muomalaga kiritildi.

Qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini ajratish va undan foydalanishda kuzatilayotgan ayrim kamchilik va nuqsonlar, sohadagi korrupsiya holatlari, ba'zi mutasaddilar sodir etayotgan qing‘ir ishlar sohadagi islohotlarga soya solmoqda. Shu sababli yer maydonlarini ajratish va undan foydalanishdagi tizimli kamchiliklar, tegishli idoralarda mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotgani, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotgani yig‘ilishda tanqidiy muhokama etildi.

Ma'ruzada, so‘nggi yillarda sug‘oriladigan yer maydonlari Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Jizzax, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida kamaygani, Andijon, Toshkent, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida yer holati yomonlashgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yerga talab keskin ortib borayotgan hozirgi davr, zaxiraga olingan har qarich maydonni uning haqiqiy egasiga topshirishni talab etadi.
Zaxiraga olingan yer maydonlarini ajratishning ochiq va shaffof tizimi hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa turli suiiste'molchiliklarga, ekin maydonlarining egasiz qolib, hatto yo‘qotilishiga olib kelayotganligi aniq misollar bilan ko‘rsatildi.

Masalan, Yangiyo‘l tumanida 2016 yil may oyida zaxiraga olingan 64 ball bonitetli 1,5 gektar unumdor ekin maydoni hech kimga ajratib berilmagan. Oqibatda ushbu maydonni 10 nafar fuqaro egallab, uy-joylar qurib olgan. Ushbu unumdor ekin maydoni qishloq xo‘jaligi yerlari toifasidan asossiz chiqarilib, noqonuniy qurilgan uy - joylarga kadastr hujjatlari tayyorlab berilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Suvli bog‘ va daraxtzorlarga talabgorlar yetarli bo‘lsada, Andijon, Xorazm, Namangan, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida bog‘ va daraxtzorlar zaxirada qolayotgani tanqid ostiga olindi.

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov

«Komissiya yig‘ilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisi K.Kamilov, Bosh vazir maslahatchisi A.Vaxabov, Qurilish vaziri B.Zokirov, Adliya vaziri R.Davletovlar yer ajratishda qonuniylikni ta'minlashga qaratilgan  vazifalar borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi raisi A.Abdullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlarining tushuntirish va izohlari eshitildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Oliy sud raisi Kozimjon Komilov
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishida qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilingan.

Mavzuga oid