O‘zbekiston | 23:26 / 01.02.2020
9515
4 daqiqa o‘qiladi

Yer qonunchiligiga doir jinoyat sodir etgan mansabdorlarning 40 foizi – kadastr xodimlari

2018-2019 yillarda 295 nafar mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularning 119 nafari yoki 40 foizini yer kadastri xodimlari tashkil etadi.

Bu haqda 1 yanvar kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Misol uchun, Buloqboshi tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaro U.ga 4 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olganda jinoyat ustida ushlangan.

Muborak tuman bo‘limi mutaxassisi fuqaro E.ga issiqxona qurish uchun yer ajratishni va'da qilib, 14 ming AQSh dollari olgani uchun sud hukmi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, aniqlanishicha, faqat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi «Yermulkkadastr» korxonasi xodimlari ham bunday suiste'molchiliklarga berilgan.

Masalan, Andijon shahar «Yermulkkadastr» rahbari fuqaro Q.ga 4 sotix yer ajratishni va'da qilib, 10 ming AQSh dollari olgani uchun sud hukmi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oltiariq tuman «Yermulkkadastr» mutaxassisi fuqaro N.ga 5 gektar yerni bog‘ tashkil etish uchun ajratib berish evaziga 22 ming AQSh dollari va 28 mln. so‘m olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.

Yig‘ilishda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'ruza qildi. Ma'ruzada ekin yerlarini asrash, holatini yaxshilab borishga yer nazoratiga mas'ul idoralar tomonidan yetarli e'tibor berilmagani oqibatda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy bino va inshootlar qurish, ekin maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tkazilayotgan xatlovlarda, respublika bo‘yicha 3900 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 6 ming gektar maydonga noqonuniy qurilishlar qilingani, 11 ming gektar yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanib kelingani aniqlandi.

Ishchi guruhlar tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan xatlovda qariyb 23 ming gektar maydondagi 142 mingdan ortiq bino va inshootlarning biron-bir hujjati mavjud emasligi, 1450 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 855 gektar yerda obektlar noqonuniy qurilgani aniqlangan.

Xatlov jarayonida ayrim mutasaddilar yo‘l qo‘ygan jiddiy qonun buzilishi holatlari ham aniqlangan.

Misol uchun, Yangiyo‘l tuman «Yermulkkadastr» xodimlari yer ajratilgani haqida hokimning qalbaki qarorini tayyorlash, qurilmagan uyni go‘yoki qurilgan deb qalbaki kadastr hujjatini tuzish orqali 12 nafar fuqaroga 7  gektar yerni berib yuborgan.

2019 yil 17 dekabr kuni Zangiota tuman hokimligi umumiy bo‘limi mudiri va fuqaro S. 30 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga fuqaro X.dan 120 ming AQSh dollari olganda qo‘lga olingan.

Bu holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid