18:53 / 29.08.2018
37810

Ortiqxo‘jayev Bobur Hasanga O‘zbekistonga investitsiya kiritishda yordam berishga tayyorligini bildirdi

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Bobur Hasanga mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Hozirda AQSh fuqarosi bo‘lgan Bobur Hasanning O‘zbekistonga kirishiga ruxsat berilmagan. Ishbilarmonning Facebook’dagi o‘z sahifasida ma'lum qilishicha, 3 avgust kuni u Moskva orqali AQShdan Toshkentga uchib kelgan. Biroq, chegarachilar mamlakatga kirishga ruxsat berishmagan.

«Bunday kishilar ko‘p (O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan - tah.). Bankda hisob raqamini ochib, 10 ming dollar qo‘ysin. Men shaxsan kelib, barcha muammolarni hal qilaman. Agar bu yigitda haqiqatdan ham pul bo‘lsa, hamma narsani o‘zimiz hal qilamiz. Men u kim bilan uchrashganini va nima uchun bu amalga oshmaganini bilmayman», - deya aytib o‘tdi hokim Xalqaro press klub yig‘ilishida.

Foto: Xalqaro press-klub

Hasanning bildirishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotiga 50 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati uning loyihalariga qiziqish bildirgan, ammo 7-8 oy davomida viza bo‘yicha rad javobi berilgan.

Facebook’dagi videomurojaatida O‘zbekiston sobiq fuqarosi Qozog‘istonda o‘z loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.

Top