4 nafar sudya qaysi qilmishi uchun jazolandi?

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, 22 may kuni bo‘lib o‘tgan Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy malaka hay'atining qo‘shma majlisida to‘rt nafar sudyani vakolati muddati davriga qayta tayinlash haqida qaror qabul qilindi. Xususan, Davlatmirza Komilov va Mahamatibrohim To‘lanov Namangan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari, To‘lqin To‘raqulov Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi, Azizaxon Najmiddinova Andijon viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi etib tayinlangan.

Bundan tashqari, o‘n yil muddatga sudyalikka tayinlangan Jo‘rabek Xudoynazarov navbatdagi besh yil davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudining raisi sifatida faoliyatini davom ettirishi ma'lum qilingan.

Yig‘ilishda olti nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ham ko‘rib chiqilib, muhokamalar yakuni bo‘yicha to‘rt nafar sudyaning intizomiy javobgarlikka tortilishiga rozilik berilgan bo‘lsa, yana ikki nafariga intizomiy jazo tayinlash rad etilgan. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda intizomiy jazo choralari kengash roziligidan so‘ng tegishli malaka hay'atlari tomonidan qo‘llanishi eslatiladi.

Biroq intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning na lavozimi va na shaxsiga oid ma'lumotlar keltirilgan. Shuningdek, bayonotda ular qaysi qonunga zid xatti-harakatlari uchun intizomiy jazoga loyiq ko‘rilganiga ham, intizomiy jazo olgan sudyalarni kutayotgan huquqiy oqibatlar haqida ham lom-mim deyilmaydi.

«Shaxslarning ochiqlanishi sudyalarga qo‘shimcha bosim bo‘ladi»

Kun.uz muxbiri intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsi va ushbuga loyiq ko‘rilgan qilmishiga doir savollar bilan Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarovga murojaat qildi. U tahririyatning savollariga javoban bu ma'lumotlarni ochiqlash maqsadga muvofiq emasligini ta'kidladi.

«Intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalarning shaxsini ochiqlamaslik maqsadga muvofiq. Chunki, ular faoliyatini davom ettiradi-da, shaxsi ochiqlanishi jamoatchilik tomonidan ularga qo‘shimcha bosim paydo qilish ehtimolini oshiradi. Bu hol ish sifatiga ta'sir qilishi aniq. Sudyaning ishi esa inson taqdiri bilan bog‘liq. Qolaversa, sudyada daxlsizlik huquqi ham bor.

Odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonunchilikni buzgani va sud ishini tashkillashtirishda beparvoligi uchun intizomiy jazoga loyiq topilganlarning ikki nafari fuqarolik, bir nafari iqtisodiy, yana bir nafari jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hisoblanadi», – deydi Tursunali Akbarov.