Jahon | 15:12 / 01.11.2025
5561
9 daqiqa o‘qiladi

Afrikadagi dahshatli qotilliklar, Ukrainaga Tomahawk va kosmosda raqobatga kirishgan Xitoy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ukrainaga Tomahawk berilishi ehtimoli oshmoqda

Pentagon Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini berishiga ruxsat berdi. Yakuniy siyosiy qaror endi prezident Donald Tramp qo‘lida. Bu haqda masalaga yaqin uch nafar AQSh rasmiysiga tayanib CNN nashri xabar bermoqda.

Zelenskiy ancha vaqtdan buyon Rossiya hududining ichkarisidagi neft va energetika obektlarini urish uchun ushbu raketalarni so‘rab kelgan. Tomahawk raketalarining uchish masofasi taxminan 1 600 kmni tashkil etadi.

Yevropa Ittifoqidagi ittifoqchilar endi AQShda «bermaslik uchun sabab qolmadi» deb hisoblamoqda. Oq uy ham, Pentagon ham bu masalada izoh bermagan.

Manbalarga ko‘ra, Tramp raketalarni butunlay ro‘yxatdan o‘chirmagan — zarurat tug‘ilsa, ularni tezda Ukrainaga yetkazish rejasi ishlab chiqilgan.

Pentagon raketa zaxiralari borasida xavotir bildirmagan bo‘lsa-da, AQSh mudofaa rasmiylari hali ham Ukraina bu raketalardan qanday o‘q uzishi va boshqarishi masalasida aniq qarorga kelmagan.

Tomahawkʼlar odatda kema yoki suvosti kemalaridan uchiriladi, lekin Ukraina dengiz floti deyarli yo‘q qilingan. Shu bois ularni yer ustidan uchirishga to‘g‘ri keladi. AQSh dengiz piyodalari va armiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yerga o‘rnatiladigan uchirgichlar mavjud — ularni Ukrainaga berish variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Yevropalik amaldorlarning fikricha, agar AQSh uchirgichlarni bermasa ham, Ukraina o‘zi texnik yechim topa oladi. Bir rasmiy misol keltirdi: «ukrainalik muhandislar Britaniya bergan Storm Shadow raketalarini eskirgan sovet samolyotlariga moslashtirishga muvaffaq bo‘lgan edi — shunday yo‘l bu safar ham topiladi».

Tanzaniyadagi noroziliklar chog‘ida 700 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda

Tanzaniyada uch kun davom etgan saylov noroziliklari vaqtida taxminan 700 kishi halok bo‘lgan, bu haqda mamlakatdagi asosiy muxolif partiya Chadema ma’lum qildi.

Namoyishlar saylov kuni — muhim nomzodlar prezidentlik byulletenidan chiqarib tashlangani ortidan muxolifat ovozini bo‘g‘ishga qarshi norozilik sifatida boshlandi.

«Hozircha o‘limlar soni Darus-Salamda 350 atrofida, Mvanzada esa 200 dan oshiq. Mamlakatning boshqa hududlaridagi raqamlarni qo‘shsak, umumiy hisob 700 atrofida», — dedi Chadema muxolif partiyasi matbuot kotibi Jon Kitoka AFPʼga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, bu raqam yanada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki chorshanbadan boshlab tungi komendantlik soati joriy etilgan va o‘ldirishlar aynan shu paytda sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Mamlakatdagi xavfsizlik manbasi ham AFP'ga «500 dan ortiq, ehtimol 700–800 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin», degan. Amnesty International esa kamida 100 kishi o‘ldirilgani haqida ma’lumot olganini bildirdi.

Kitokaning so‘zlariga ko‘ra, partiya faollari ushbu ma’lumotlarni kasalxonalar va shifokor punktlariga borib, «jasadlarni sanash» yo‘li bilan to‘plagan. U hukumatni «namoyishchilarni o‘ldirishni to‘xtatishga» chaqirdi va erkin, adolatli saylovlarga zamin yaratish uchun o‘tish davri hukumati tuzilishini talab qildi:

«Politsiya zo‘ravonligini to‘xtating. Xalq irodasiga — adolatli saylovlarga hurmat bilan yondashing», dedi u.

Tanzaniyaliklar chorshanba kuni o‘tgan saylovda prezident Samia Suluhu Hassanning mamlakat ustidan nazoratini kuchaytirishini kutayotgan edi. Saylovdan oldin muxolif faollarga nisbatan repressiya kuchaydi, asosiy raqiblar esa musobaqadan chetlashtirildi.

Sudanda dahshatli qirg‘in

2025 yil oktyabr oyi oxirida Sudanda hukumat armiyasiga qarshi turgan «Tezkor harakat kuchlari» harbiylashgan guruhi Al-Fashir shahrini egallab oldi. Bir necha kun o‘tgach, huquq himoyachilari Al-Fashirning asosiy shifoxonasi hisoblangan Saudiya kasalxonasida bir necha yuz kishi o‘ldirilgani haqida xabar berdi.

«Sudan shifokorlar tarmog‘i» nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari kasalxonada bo‘lganlarning barchasini, jumladan, bemorlar va ularga hamrohlik qilgan odamlarni «sovuqqonlik bilan o‘ldirgan».

Bundan tashqari, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari olti nafar tibbiyot xodimini – to‘rt nafar shifokor, farmatsevt va hamshirani o‘g‘irlashda ayblangan. «Sudan shifokorlar tarmog‘i» ularni ozod qilish uchun 150 ming dollardan ortiq tovon puli talab etilayotganini ma’lum qildi. Tashkilot qurbonlar soni haqida aniq ma’lumotga ega emas – ammo shahar egallangach, o‘z tibbiyot muassasalari «qassobxonalarga aylangani»ni ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari qurolsiz kishilarni o‘ldirayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyyesusning aytishicha, Sudandagi tibbiyot muassasalariga 185 ta hujum qayd etilgan. Natijada 2023 yilda boshlangan fuqarolik urushi davrida 1204 kishi halok bo‘lgan va yana 416 kishi jarohatlangan.

Turkiyadagi yong‘in ishi bo‘yicha sud yakunlandi

Turkiyaning Bolu viloyatida Grand Kartal mehmonxonasida 78 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. 32 ayblanuvchidan 11 nafari, jumladan, mehmonxona egasi Xolit Ergyul umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Sud hay’ati xulosasiga ko‘ra, asosiy ayblanuvchilar — halok bo‘lgan 34 nafar bola uchun 34 ta umrbod qamoq jazosiga, shuningdek, fojianing boshqa qurbonlari uchun 44 ta muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ularga nisbatan hech qanday yengillik qo‘llanmadi.

Bundan tashqari, Bolu shahri meri o‘rinbosari va mahalliy o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari ham og‘ir jazo oldi.

Asosiy ayblovlar qatorida qasddan odam o‘ldirish, shu jumladan, bolani yoki o‘zini himoya qilish qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxsni o‘ldirish, shuningdek, javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan og‘ir shikast yetkazish kabi moddalar keltirilgan.

Sudlanuvchilarning advokatlari hukmdan norozi bo‘lib, o‘z mijozlarini oqlashni talab etishini ma’lum qildi.

Grand Kartal mehmonxonasidagi yong‘in shu yil 21 yanvarga o‘tar kechasi restoran qismida sodir bo‘ldi. O‘t o‘chiruvchilar chaqiruvdan 40-45 daqiqa o‘tib yetib kelgan, biroq bino konstruksiyasi yog‘och bo‘lgani uchun yong‘in juda tez tarqalgan. Oqibatda 78 kishi halok bo‘ldi, yana 133 kishi yaralangan edi.

Kosmosdagi raqobat

Xitoyning «Shenjou-21» kosmik kemasi va ekipaji 31 oktyabr kuni Long-March-2F raketasi yordamida uchirildi. Bu 2022 yilda qurib bitkazilgan Xitoyning doimiy yashovchi kosmik stansiyasiga yuborilgan yettinchi missiya hisoblanadi.

Xitoyning «Shenjou-21» dasturi doirasidagi missiyalar odatda uch kishilik ekipajlarni o‘z ichiga oladi, ular olti oy davomida kosmosda bo‘ladi. Xitoyda tajribali astronavtlar tobora yoshlar bilan almashtirilmoqda. Xususan, oxirgi kemada birinchi marta uchayotgan 32 va 39 yoshli astronavtlar bor.

«Shenjou-21» ekipajiga, shuningdek, to‘rtta qora sichqon hamrohlik qilmoqda. Xitoy kosmik stansiyasiga yuborilgan birinchi mayda sutemizuvchilar – Yer orbitasida ko‘payish jarayonini o‘rganish bo‘yicha tajribalar uchun ishlatiladi.

Xitoyning tezkor yutuqlari Vashingtonni tashvishga solgan. AQSh hozir Oyga astronavt yuborish bo‘yicha Xitoydan oldin yetib borishga urinmoqda. Har ikki davlat ham fazoviy tadqiqotlarda o‘z ittifoqlarini shakllantirmoqda:

  • AQSh Oy tadqiqotlari bo‘yicha Artemis bitimlarini ilgari surmoqda;
  • Xitoy va Rossiya esa Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi tashabbusiga rahbarlik qilmoqda.

Mavzuga oid