O‘zbekiston | 13:10 / 19.09.2023
25081
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada to‘y korteji uyushtirgan 16 yigit 15 sutkaga qamaldi

Yozyovon tumanida to‘y korteji uyushtirib, jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan 16 nafar yigit 15 sutkaga qamaldi.

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida to‘y kortejida qatnashgan 16 nafar qoidabuzarlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabarida «bir guruh yigitlar to‘y korteji uyushtirib, yo‘l harakati qoidalarini buzgani» aytilgan.

Aniqlik kiritilishicha, tumanning «Mustaqillik» ko‘chasida 10 dan ortiq avtomashinalarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay harakatlangan yigitlar boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga xalal bergan va jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan.

«Qonunga bo‘ysunmasdan, guruh bo‘lib harakatlanib, qoidalarni buzdik. Qilgan ishimizdan pushaymonmiz. Boshqa qaytarilmaydi», deydi unda qatnashganlardan biri.

Sud jami 16 nafar yigitning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Mashinalar jarima maydoniga qo‘yildi.

Mavzuga oid