Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik yengil atletikachilar mukofot puli olmagani haqidagi xabar rad etildi
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi «Ozodlik» radiosining o‘zbek xizmati tomonidan 20 iyul kuni e'lon qilingan «Tokioga yo‘l olgan o‘zbek yengil atletikachilari prezident va'da qilgan mukofot pulini kutmoqda» sarlavhali maqola yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
«O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq, Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan sportchiga 100 million so‘m, uning murabbiysiga esa 50 million so‘m bir martalik rag‘batlantirish puli berilishi belgilangan.
Ushbu hujjatga asosan, 17 sport turi bo‘yicha 71 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan milliy terma jamoa vakillaridan 64 nafariga 100 million so‘mdan hamda ularning murabbiylariga 50 million so‘mdan bir martalik rag‘batlantirish puli taqdim etildi.
«Ozodlik» maqolasida ilgari surilgan «Olimpiya qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan rag‘bat puli berilmayapti», mazmunidagi da'vo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Birinchidan, Tokio olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi yengil atletikachilardan 7 nafari Olimpiya o‘yinlarida qatnashish normativlarini bajargani va litsenziyalarni qo‘lga kiritgani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan rasman 1 iyul kuni tasdiqlangan. Joriy yilning 4 iyuldan 5 iyulga o‘tar kechasi yengil atletikachilar Olimpiya o‘yinlariga yakuniy tayyorgarlik bosqichini amalga oshirish, o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Milliy Olimpiya qo‘mitasiga murojaat qilib, litsenziyalarni qo‘lga kiritgan sportchilar bugungi kunda Tokioda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini inobatga olib va pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sportchilar sog‘lig‘ini saqlash uchun turli ommaviy tadbirlarga jalb qilmaslik, muhim mashg‘ulotlardan chalg‘itmaslik maqsadida ularga hamda murabbiylariga beriladigan bir martalik mukofot pullarini Olimpiya o‘yinlaridan qaytgach, tantanali ravishda topshirishni iltimos qilgan.
Shunday bo‘lishiga qaramay, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini rag‘batlantirish maqsadida olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan tegishli sportchilar qatori yengil atletikachilardan Svetlana Radzivil Milliy olimpiya qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million so‘mdan jami 200 million so‘m, murabbiysi Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan 50 million so‘m, Safina Sa'dullayeva Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan 100 million so‘m, Suxrob Xo‘jayev Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million so‘m, Darya Reznichenko Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 million so‘m pul mukofotlari bilan (plastik kartalariga pul tushirish orqali) taqdirlangan.
Ayni paytda qolgan yengil atletikachilar va ularning murabbiylariga ushbu mablag‘larni berish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizda sportchi va trenerlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salomatligini yanada mustahkamlashning noyob tizimi yaratilgan. Xususan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30-oktyabrdagi 878-son qarori bilan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga belgilangan miqdorda umrbod oylik to‘lovlar to‘lash hamda ularning salomatligini sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi belgilab qo‘yilgan.
Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 25 iyundagi PQ-5160-son qaroriga asosan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medali uchun 50 ming AQSh dollari berilishi ham ko‘zda tutilgan», deyiladi munosabatda.
23 iyuldan Yaponiya poytaxti Tokioda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Musobaqalarda O‘zbekiston olimpiya jamoasi 71ta yo‘llanma bilan qatnashadi. Boks, dzyudo, taekvondo va akademik eshkak eshish sport turlarida ishtirok etuvchi o‘zbekistonlik sportchilar avvalroq kunchiqar yurtga yetib borishgandi. 19 iyul kuni esa boshqa sport turlaridagi olimpiadachilar va delegatsiya rahbariyati charter-reys orqali Tokioga uchib ketishdi.
O‘zbekistondan quyidagi yengil atletikachilar Olimpiadaga yo‘l olgan:
- Balandlikka sakrash, ayollar: Svetlana Radzivil
- Balandlikka sakrash, ayollar: Safina Sa'dullayeva
- Bosqon uloqtirish, erkaklar: Suhrob Xo‘jayev
- Uzunlikka sakrash, ayollar: Darya Reznichenko
- Uch hatlab sakrash, ayollar: Roksana Xudoyorova
- Uch hatlab sakrash, erkaklar: Ruslan Kurbanov
- Ko‘pkurash, ayollar, Yekaterina Voronina.
Mavzuga oid
19:51 / 03.09.2021
Yaponiya bosh vaziri iste'foga chiqadi. Sabablardan biri - Tokio Olimpiadasi
17:26 / 13.08.2021
Olimpiada sovrindorlari murabbiylari va barcha ishtirokchilarga ham pul mukofoti beriladi
16:22 / 13.08.2021
Prezident xorijdan legioner sportchi olib kelish tajribasi o‘zini oqlamayotganini aytdi
12:32 / 12.08.2021