Sport | 09:26 / 20.07.2021
7537
3 daqiqa o‘qiladi

Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioga yo‘l oldi

23 iyuldan Yaponiya poytaxti Tokioda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Musobaqalarda O‘zbekiston olimpiya jamoasi 71ta yo‘llanma bilan qatnashadi. Boks, dzyudo, taekvondo va akademik eshkak eshish sport turlaridagi vakillarimiz allaqachon kunchiqar yurtga yetib borishgandi. 19 iyul kuni esa boshqa sport turlaridagi olimpiadachilar va delegatsiya rahbariyati charter-reys orqali Tokioga uchib ketishdi.

Sportchilar Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida to‘planib, avtobuslarda aeroport tomon yo‘l olishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida olimpiadachilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov ishtirok etishdi va sportchilarga omad tilashdi. Tadbirni onlayn tarzda bokschi, dzyudochi, taekvondochilar ham kuzatishdi.

Abdulla Aripov olimpiyachilarga barcha imkoniyatlar yaratib berilganini ta'kidladi:

«Mana 5 yil kutilgan Olimpiada boshlanish arafasida. Turnirga tayyorlanish uchun moddiy-texnik tomondan barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Natijalar ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Vatan sizni g‘alabalar bilan kutadi.

 

Sportchilarimiz Riodagi olimpiadada juda muvaffaqiyatli qatnashishgandi. Shuning uchun raqiblar bu gal bizga avvalgidan jiddiyroq munosabatda bo‘lishadi. 9 avgust kuni mana shu yerda sizlarni xursandchilik, yorug‘ yuz bilan kutib olish nasib qilsin».

Delegatsiya tarkibidagi eng yosh sportchi — 18 yoshli qilichboz Zaynab Dayibekova Tribuna.uz muxbiriga bergan intervyusida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

«Hissiyotlar o‘zgacha Vatanimiz sharafi uchun kurashishga harakat qilamiz.

So‘nggi tayyorgarlikni Dukentda o‘tkazdik. Raqiblarning janglari yozilgan videolarni ko‘rib, ularni tahlil qildik».

Tennischi Denis Istomin esa ehtimoliy raqiblari haqida gapirib o‘tdi:

«Riodagi Olimpiadadan so‘ng o‘tgan 5 yil ichida tennis o‘zgardi. Yosh va umidli tennischilar bor. Bu safargi musobaqada Rojye Federer va Rafael Nadal yo‘q. Novak Jokovich — g‘oliblikka asosiy da'vogar. Lekin tennisda hamma narsa bo‘lishi mumkin, ayniqsa, olimpiadada. Yosh sportchilar o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Muhimi — o‘ziga bo‘lgan ishonch».

A'zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido

Mavzuga oid