3 ming vagnerchi «Axmat»ga qo‘shildi. «Orkestr» butkul tarqatildimi?
Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining 3 ming nafar harbiysi «Axmat» maxsus kuchlari safiga qo‘shilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin davrida guruh komandirlaridan biri bo‘lgan «Ratibor» laqabli vagnerchi ham chechenlar bo‘linmasiga a’zo bo‘lgan. U bir vaqtlar chechenlarni mazax qilgandi.
«Mudofaa vazirligi kerakli vakansiyalarni ajratib bo‘ldi. «Vagner» komandirlaridan biri Ratibor va unga qo‘shilib 3 ming nafar sobiq vagnerchi afsonaviy «Axmat» maxsus kuchlari tarkibiga qo‘shiladi. Ratibor artilleriya zarbasi oqibatida yaralanib uzoq vaqt davolanishda edi. Ammo oyoqqa turishi bilan aynan «Axmat» maxsus kuchlari safida harbiy harakatlar zonasiga qaytishga qaror qildi», deb yozdi Qodirov Telegram-kanalida.
Xo‘sh, Rossiya harbiy rahbariyati va prezident Putinga qarshi isyon ko‘targan «Vagner»ning sobiq qo‘mondoni va unga bo‘ysunadigan vagnerchilar Qodirov ta’siridagi guruhga qo‘shilishi nimani anglatadi?
«Ratibor»ni Alauddinov ko‘ndirgan
Ma’lum bo‘lishicha, «Vagner» komandiri va amalda unga bo‘ysunuvchi 3 ming vagnerchini chechenlar guruhi safiga o‘tishga Ramzan Qodirovning «o‘ng qo‘li» sifatida tanilgan «Axmat» komandiri Apti Alauddinov ko‘ndirgan. Qodirov Alauddinov «Ratibor» bilan birga turib yuqoridagi kelishuv haqida gapirgan videoni e’lon qildi.
Qodirov «Axmat» safiga qo‘shilgan sobiq vagnerchilar tez orada harbiy vazifalarni bajarishga kirishishi haqida gapirgan. Checheniston rahbari «Vagner» yuqori samaradorlikka ega guruh bo‘lganini ham ta’kidlagan.
«Ratibor» kim o‘zi?
Shu o‘rinda «Axmat» safiga o‘tgan «Ratibor» chaqiruv nomli vagnerchi haqida ikki og‘iz. Asli ismi Aleksandr Kuznetsov bo‘lgan «Ratibor» «Vagner» yetakchilaridan bo‘lgan va guruhning Solnechnogorskdagi harakatlariga qo‘mondonlik qilgan.
2008 yilda u odam o‘g‘irlash va o‘g‘rilikda ayblanib qo‘lga olinadi va keyinroq qamaladi. 2013 yil ozodlikka chiqqan Kuznetsov bir yil o‘tib «Vagner»da rota boshlig‘iga aylanadi.
Qizig‘i, Prigojin o‘limidan avval Qodirov jamoasi va Aleksandr Kuznetsov o‘rtasida jiddiy mojaro yuzaga kelgandi. O‘shanda Qodirovning eng yaqin odamlaridan biri, Duma deputati Adam Delimxanov «Vagner» yetakchisi Prigojinga yakkama-yakka, erkakchasiga gaplashib olishni taklif qilgandi. «Vagner» ta’siridagi kanal jurnalisti esa endilikda «Axmat» safiga o‘tgan «Ratibor»ga Delimxanov haqida savol bergandi:
– Delimxanovning Prigojinga murojaatini ko‘rdingizmi?
– Kim u?
– Deputat.
– Bilasizmi, mening tik-tok tomosha qilishga vaqtim yo‘q.
Bu videoni Qodirov muxlislari uning jamoasi va «Axmat» batalyonini kamsitish deb qabul qilgandi. Chunki chechenlarning frontda olgan videolaridan kelib chiqib ukrainlar ularni «Tik-tok jangchilari» deyishardi.
Shu tariqa, o‘z vaqtida Ramzan Qodirov jamoasidagi harbiylarni mazax qilgan Kuznetsov endilikda «Axmat» safida jang qiladi. Aynan mana shu omil bu voqeaning eng e’tiborli jihati hisoblanadi. Mustaqil rus nashrlari 3 ming vagnerchining «Axmat»ga qo‘shilishini Prigojin asos solgan «Vagner»ning ortiq mavjud emasligidan dalolat deb talqin qilishmoqda.
Prigojin o‘lganidan keyin
Amalda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Baxmut uchun qonli janglardan keyin frontda ko‘rinish bergani ham yo‘q. Guruh o‘tgan yil yozdagi harbiy isyondan keyin amalda o‘ziga «hukm o‘qib bo‘lgandi». Avgust oyida Prigojin aviahalokatda vafot etgach, bu guruh amalda tarqalib ketdi.
Ammo guruh jangchilari katta tajribaga ega bo‘lgani sabab Rossiya Mudofaa vazirligi ulardan foydalanishi kutilgandi, chunki ruslarda shundog‘am kadrlar muammosi anchadan buyon kuzatilmoqda. Oktyabr oyida Ramzan Qodirov sobiq vagnerchilar «Axmat» batalyoni bilan birga harbiy mashg‘ulotlarni olib borayotgani aks etgan videolarni e’lon qilgandi.
O‘shandayoq voqealarni kuzatib borayotganlar vagnerchilarning «Axmat» bilan integratsiyalashuvi haqida gapira boshlagandi. O‘tgan yil 29 oktyabr kuni Qodirov 170 nafar sobiq vagnerchi «Axmat» safiga qabul qilinganini aytgandi.
Qodirov va Prigojin o‘rtasidagi mojaro
2023 yil iyun oyi boshida, «Vagner» isyonidan bir oycha avval guruh yetakchisi Yevgeniy Prigojin qurol-yarog‘ yetishmovchiligi haqida gapirgan odatiy videolaridan birida «Axmat» batalyoni nima ish bilan shug‘ullanayotganini bilmasligini aytgandi.
Keyin Qodirovning yaqin odamlari Delimxanov va Daudov Prigojinga murojaat qilib, uning o‘q-dori yetishmovchiligidan nolishi asossiz ekanini aytishdi. So‘ng Prigojin o‘zini blogerlardek tutayotganini aytib, erkakchasiga gaplashib olishni taklif qilishdi.
«Jyenya. Bizga qo‘yilgan vazifalar haqida sen bilishing shart emas. Bu haqda oliy bosh qo‘mondon, Checheniston rahbari, Rossiya Qahramoni Ramzan Axmatovich Qodirov biladi. Sen doim kimnidir otish kerakligi haqida gapirasan. Ulug‘ vatan urushi vaqtida bunday chiqishlar uchun o‘zingni otib tashlashardi, Jyenya. Har kunlik bunday chiqishlaring bilan nimaga erishayotganingi ham tushunmayman. Senga Rossiya Qahramoni unvoni berishayotganda odamlar orasida bunday vahimali kayfiyat uyg‘otasan deb o‘ylamagandim», degandi Daudov.
Daudov Prigojinga kimning hisobiga shaxsiy samolyoti va umuman, xususiy harbiy kompaniyasi borligini unutmaslikni maslahat bergan. U Prigojindan lokatsiya tashlashni so‘rab, istagan yerida erkakchasiga gaplashib olishni taklif qilgan.
Keyinroq Qodirovning yana bir odami, Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov videomurojaat e’lon qilib, Prigojinni senlab gapiradi va yuzma-yuz gaplashib olishni taklif qiladi.
Qodirovchilarning gapiga esa keyinchalik Prigojin bilan birga aviahalokatda halok bo‘lgan Dmitriy Utkin javob qaytaradi.
«Bunaqa muomala qilish qayerdan chiqdi, kim sizlarga uni senlab, Jyenya deb murojaat qilishga ruxsat berdi? Erkakchasiga gaplashishga doim tayyormiz. Axir bir-birimizni birinchi va ikkinchi chechen urushidan beri juda yaxshi bilamiz», deyiladi Utkinning qodirovchilarga javobida.
Rossiya bosh razvedka tashkilotining zaxiradagi podpolkovnigi bo‘lgan Utkin chechen urushida ishtirok etgan. Adam Delimxanov esa chechen dala qo‘mondoni Salmon Raduyevning haydovchisi bo‘lgan va birinchi chechen urushida Rossiyaga qarshi urushda ishtirok etgan. Ikkinchi chechen urushida Rossiya tomoniga o‘tib ketgan.
Rossiyadagi ikki eng qudratli guruh yetakchilari o‘rtasidagi bu dahanaki janglar keyinchalik Qodirov va Prigojin o‘rtasidagi telefon suhbati bilan yakunlanadi. Ko‘p o‘tmay Prigojin Rostovdan «adolat marshi» boshlab, Moskva tomon yo‘lga chiqadi. Lukashenko aralashuvi bilan isyon to‘xtatilgach, Prigojin Belarusga yo‘l oladi. 2023 yil 23 avgust kuni esa Prigojin Utkin va boshqa komandirlari bilan ketayotganda aviahalokatga uchrab halok bo‘ladi.
Mavzuga oid
15:10 / 12.11.2024
Zarema Musayevaga nisbatan yangi jinoiy ish ochildi
12:27 / 06.11.2024
«Memorial» Chechenistonda erkaklar ommaviy qo‘lga olinayotganini ma’lum qildi
18:15 / 02.11.2024
Ramzon Qodirov Ukraina jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qildi
09:50 / 31.10.2024