O‘zbekiston | 19:15 / 25.07.2021
38670
5 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyalar – qashshoqlik sababi. Kun.uz'da navbatdagi multfilm

Biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsangiz, albatta, yaxshisini olishga urinasiz. Tanlov bo‘lsa, albatta. Tanlov bo‘lmasa... borini olasiz. Sifatlimi, sifatsizmi, arzonmi, qimmatmi – ahamiyatsiz, tanlash huquqingizni poymol qilishgani sababli sizda boshqa variant yo‘q.

Sizni ana shunday ilojsiz holatga tushirayotganlar – davlatning qo‘llovi bilan biror tovar yoki xizmatlar bozorida boshqalardan ko‘ra ustun mavqeni qo‘lga kiritgan korxonalar, ya’ni monopolistlardir.

Rivojlanayotgan davlatlarda monopolistlarning monopolistligi, odatda, davlat ularga bergan alohida imtiyozlar bilan bog‘liq. Demakki, zararli monopoliyalar haqida gap ketganda, faqat monopolist emas, unga shu sharoitni yaratib berayotganlarni ham unutmaslik kerak.

Davlatning qo‘lloviga ega monopolistlar o‘zining barcha raqobatchilarini turli usullar bilan birin-ketin bartaraf etadi va ma’lum sohani ma’lum hududda o‘ziniki qilib oladi. Keyin esa o‘zi ishlab chiqarayotgan yoki sotayotgan mahsulotga istagan narxini qo‘ya oladi. Chunki... raqobatchisi yo‘q-da.

Ammo bu hammasi emas – monopolist o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotini sifatli qilib chiqarishga urinmaydi, axir, baribir uning mahsulotini sotib olishadi-da. Mahsulotga kam xarajat qilib qimmatroq sotish – har bir tadbirkorning istagi. Bu – tabiiy. Ammo bu istak xalqning zarariga xizmat qilmasligi, aksincha, mamlakat gullab-yashnashining omiliga aylanishi uchun RAQOBAT kerak.

Sog‘lom raqobat muhiti tadbirkorlarni imkon qadar yaxshiroq mahsulot ishlab chiqarib, uni bozor narxida sotishga undaydi, aniqroq aytsak, shunga majbur qiladi.

Erkin raqobatga asoslangan, barcha uchun o‘yin qoidalari teng, yangi o‘yinchilarning kirib kelishiga cheklovlar qo‘yilmagan haqiqiy bozor muhitida sotuvchilar doimiy izlanishda, harakatda bo‘lishga majbur. Natijada bu bozorda mahsulotlar va xizmatlar sifati doim yaxshilanib boraveradi. Bu degani – rivojlanish degani.

Monopol holat esa har qanday harakatning kushandasi – axir nega kerak harakat qilib, izlanib, xaridorning ko‘nglini ovlab? Axir, mahsulot shundoq ham sotilyapti-ku!

Raqobat sharoitida ishlayotgan korxona ishlab topgan har bir so‘mini qadrlaydi va o‘zining keyingi rejalariga kiritadi. Chunki bu so‘m – urinishlar, tadbirlar, rejalar mahsuli. Monopolist esa qo‘shimcha daromadini urinishlarsiz, tadbirlarsiz, rejalarsiz, monopol holatidan foydalanib qo‘lga kiritgani bois uni keyingi rejalariga kiritishga shoshilmaydi, axir, bularsiz ham mo‘may foyda kelib turibdi-da! Shuning uchun u topgan qo‘shimcha daromadini... nima desak ekan, havoga uchiradi.

Monopolist monopolistligidan foydalanib topgan qo‘shimcha daromad nima o‘zi? Xalqning cho‘ntagidagi pul! Demak, iste’molchi monopolistga beradigan ortiqcha pul rivojlanishga xizmat qilmaydi.

Raqobat sharoitida ishlab topilgan daromad – yaxshi daromad. Chunki bunda iste’molchi pulini rozi bo‘lib beradi. Monopol holatdan foydalanib topilgan pul esa, odamlarni majburlash orqali topilgani uchun, ya’ni norozi qilib topilgani uchun – yomon daromad.

Gap odamlarning tanlash huquqini cheklash haqida borarkan, shuni ham aytish kerakki, bunday cheklashlarni monopollashmagan bozorlarda ham yetarlicha ko‘rish mumkin. Oddiy misol – import uchun bojlar.

Boj to‘siqlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash bahonasida, bozorning sifatli va hamyonbop takliflar bilan to‘lishiga xalal beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘z ustida ishlamasligiga, har bir mamlakat o‘zining boshqalarga nisbatan nisbiy afzalliklaridan foydalanolmasligiga olib keladi.

Monopoliya haqida uzoq gapirish mumkin, biroq biz bugun uning faqat ikki jihatiga – ikki muhim xulosaga e’tibor qaratishni lozim topdik.

Birinchi xulosa shuki, davlat qo‘llovi bilan vujudga kelgan monopoliyalar borligi xalqni nisbatan qimmat va nisbatan sifatsiz mahsulot sotib olishga majburlaydi. Oqibatlar zanjirining keyingi halqalariga ko‘ra, monopoliyalar aholining qashshoqlashishiga sabab bo‘ladi: agar bozor erkin bo‘lganida, xaridor 10 so‘mlik mahsulotni ehtimol 6 so‘mga sotib olib, qolgan 4 so‘miga o‘ziga zarur boshqa narsa xarid qilgan bo‘lardi.

Ikkinchi xulosa esa yanada ahamiyatli: yuqorida ta’kidlanganidek, rivojlanayotgan davlatlarda gigant monopoliyalar odatda davlat qo‘llovi bilan paydo bo‘ladi.

Ana shuning oldini olish uchun ham ko‘plab rivojlangan davlatlarda davlat amaldorlarining biznes bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Erkin bo‘lmagan bozor, ayrim kompaniyalarga imtiyozlar va manfaatlar to‘qnashuvi – doim birga yuradigan fenomenlar.

O‘zbekistonda davlat mansabdorlarining biznes qilishi qog‘ozda taqiqlangan, xolos. Buni amalda ham ta’minlashga va’da berishyapti. Bu yaxshi albatta, biroq hukumatning monopoliyalarga qarshi (yoki monopoliyalarga xayrixoh deyish ham mumkin) siyosatiga nisbatan jamoatchilikda savollar yetarlicha.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid