O‘zbekiston | 21:33 / 19.02.2026
3620
4 daqiqa o‘qiladi

Avtobanga aylantiriladigan magistral yo‘llar va hakamlar hay’ati sudi – mahalliy dayjest

2026 yil davlat dasturiga ko‘ra, umumiy uzunligi 4 ming kilometr magistral yo‘llar xalqaro talablarga mos avtobanga aylantiriladi. O‘ta og‘ir jinoyatlarni hakamlar hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish dastlab Toshkent shahri va viloyatida yo‘lga qo‘yiladi. Fuqarolarga nechta bank kartasi va nechta SIM-karta rasmiylashtirilganini ko‘rish va bu kartalarni yopish bo‘yicha bevosita portal yoki ilova orqali ariza berish imkoniyati yaratiladi. Pensiya yoshiga yetgan shaxslarga jamg‘arilgan pensiya avtomatik to‘lab beriladi.

O‘zbekistonda avtobanlar tashkil etish vazifasi davlat dasturiga kiritildi

Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bog‘laydigan uzunligi 4 ming kilometrlik magistral yo‘llar xalqaro talablarga mos avtobanga aylantiriladi. Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida shunday vazifa qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, 2026–2030 yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturi 2026 yil 1 martgacha tayyor bo‘lishi kerak. Dastur doirasida yil oxirigacha magistral yo‘llarni xalqaro talablarga moslashtirish loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

O‘ta og‘ir jinoyatlarni hakamlar hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil noyabrdan boshlab, birinchi bosqichda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘ta og‘ir jinoyatlarni xalq vakillari hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etiladi (tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bundan mustasno). Bu prezident tomonidan tasdiqlangan va 2026 yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturida nazarda tutilgan.

Shuningdek, jinoyat ishlarida xalqaro tan olingan Xabeas korpus instituti doirasida tergov sudyalariga qamoqqa olish, uy qamog‘i tarzidagi va boshqa ehtiyot choralarini o‘zgartirish va bekor qilish vakolati beriladi. Buning natijasida jinoyat protsessida majburlov choralari qo‘llanishi, inson huquqlariga rioya etilishi ustidan sud nazorati kuchaytirilib, respublikadagi barcha tergov sudyalari vakolatlari kengaytiriladi.

MyGov orqali bank kartasi va SIM-karta sonini ko‘rish imkoniyati joriy qilinadi

Davlat dasturiga asosan, fuqarolarga nechta bank kartasi va nechta SIM-karta rasmiylashtirilganini YaIDXP orqali ko‘rish va bu kartalarni yopish bo‘yicha bevosita portal yoki ilova orqali ariza berish imkoniyati yaratiladi.

Bunday xizmatni ishga tushirish 2026 yil dekabr oyiga reja qilingan.

2026 yilgi davlat dasturida belgilangan bu vazifa ijrosi uchun Raqamlashtirish vazirligi mas’ul qilib belgilangan.

Pensiya yoshiga yetgan shaxslarga jamg‘arilgan pensiya avtomatik to‘lab beriladi

O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar shaxsning murojaatisiz (proaktiv tarzda), vakolatli organning tashabbusi asosida to‘lab beriladi. Bu prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan. Tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish muddati 2026 yil sentabr deb belgilandi.

Hozir fuqarolar shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘ miqdorini davlat xizmatlari portalida ko‘rishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yozida qabul qilingan prezident farmoniga asosan, 2026 yil 1 dekabrdan boshlab pensiya miqdorini oldindan aniqlash xizmati joriy etilishi kerak.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid