O‘zbekiston | 17:44 / 25.02.2026
13029
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada bolalar zaharlangan bog‘chalarga ovqat yetkazib bergan firma ta’sischisi o‘zgarib qoldi

Farg‘ona viloyatidagi “Garden Catering Trade” MChJ ta’sischisi o‘zgardi: 2 kun avval Iqboljon Bozorov egallagan pozitsiya endi rasman Mo‘ydinjon G‘ofurovga o‘tkazildi. Korxona Farg‘ona shahrida bolalar ommaviy zaharlangan bog‘chalarga oziq-ovqat tarqatgan. Viloyat hokimligi bu korxonani tanlashda davlat xaridlari talablarini buzgan, bu haqda Aksilkorrupsiya agentligining ogohlantirishini e’tiborsiz qoldirgan.

Kollaj: Kun.uz

Farg‘onada bolalar zaharlangan bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib bergan “Garden Catering Trade” MChJ ta’sischisi o‘zgarib qoldi.

Korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, 25 fevral holatiga “Garden Catering Trade” MChJ ta’sischisi sifatida G‘ofurov Mo‘ydinjon Abdumo‘minovich ko‘rsatilgan.

23 fevralda esa ushbu MChJ ta’sischisi Bozorov Iqboljon Xabibulloyevich edi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Farg‘ona shahridagi 2, 58 va 61-sonli davlat bog‘chalarining 62 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir diareya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bolalarda qorin sohasida og‘riq, ich ketishi, haroratning ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi kabi sog‘lig‘ida salbiy holatlar kuzatilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Keyinchalik Farg‘ona viloyati hokimligi “Garden Catering Trade” MChJni davlat xaridlari talablariga zid ravishda tanlagani ma’lum bo‘ldi: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, hokimlik bu haqdagi ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirgan va tanlov jarayonlarida ushbu tashkilotga imtiyoz berib kelgan.

Ma’lumot uchun, “Garden Catering Trade” MChJ avvaliga qo‘shma korxona shaklida, Iqboljon Bozorov va Yildirim Ademning teng sherikligida ta’sis etilgan.

Keyinroq MChJ qo‘shma korxona sifatidagi maqomidan voz kechgan va 25 fevralga qadar uning 100 foizlik ulushiga Iqboljon Bozorov egalik qilayotgandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid