Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada yoqilg‘i ishlab chiqarish 2009 yilgi darajaga tushib ketdi
Ukraina dronlari may oyida Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 16 marta zarba yo‘lladi. Bloomberg baholashiga ko‘ra, bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi katta urush davridagi rekord ko‘rsatkich sanaladi.
Nashrning qayd etishicha, so‘nggi oy davomida zarba ostida qolgan energetik obektlardan kamida sakkiztasi Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlari o‘ntaligiga kiradi. Xususan, Yaroslavldagi «Slavneft-YaNOS» zavodiga uch marta, «Lukoyl»ning Perm va Nijniy Novgoroddagi zavodlariga esa ikki martadan hujum qilingan.
Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish hajmi 2009 yildan keyingi davrdagi minimum ko‘rsatkichga tushib ketgan. OilX tahliliy firmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyidagi o‘rtacha qiymati kuniga 4,58 million barrelni tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa o‘tgan yilning shu davridagi o‘rtacha kunlik ko‘rsatkichdan taxminan 700 ming barrel (yoki 13 foizga) kam va 2009 yil oktyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkichdir.
Berlindagi Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi markazi katta ilmiy xodimi Sergey Vakulenkoning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda Ukraina qurolli kuchlari nafaqat neftni qayta ishlash zavodlariga keladigan barcha neftni distillyatsiya qiladigan qurilmalarga, balki ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish uchun murakkabroq bo‘lgan ikkilamchi qayta ishlash qurilmalariga ham tez-tez zarba bera boshladi.
Ukraina harbiylari eksport terminallari va neft quvurlari infratuzilmasi, shuningdek, yoqilg‘i bazalarini ham nishonga olmoqda. Umuman olganda, may oyida Rossiyaning neft infratuzilmasi obektlariga kamida 30 ta dron hujumi qayd etilgan.
Agar Rossiya yoqilg‘i inqirozi takrorlanishining oldini olish uchun ko‘proq yoqilg‘i ishlab chiqarish va saqlashga qaror qiladigan bo‘lsa, quvvatlar va saqlash hajmi qisqargani hisobga olinsa, bu qiyinroq bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Vakulenko.
Shu bilan birga, Bloomberg ta’kidlaganidek, Rossiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat tufayli dunyodagi energiya taqchilligi sharoitida xom neft eksportini oshirgan.
Biroq hozircha bu omillar Rossiyada o‘tkir yoqilg‘i inqiroziga olib kelmadi. 1 iyun holatiga ko‘ra, faqat Qrimda benzin savdosiga cheklovlar joriy etilgan.
Yil boshidan buyon Rossiyada benzin narxi o‘rtacha 2 rubldan sal ko‘proq oshdi. Biroq, nashr ta’kidlashicha, jiddiy o‘sish bo‘lmagani ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘z yoqilg‘isiga ega bo‘lgan va davlat subsidiyalaridan foydalanadigan yirik ishlab chiqaruvchilarga tegishli ekani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
22 may kuni «Novaya gazeta Yevropa» Rossiyada yoqilg‘i savdosining qariyb 40 foizini tashkil etuvchi mustaqil yoqilg‘i quyish shoxobchalari benzin zaxiralarini to‘ldira olmayotgani haqida yozgan edi. Nashr manbalari ta’kidlashicha, yoqilg‘ini o‘zi qazib oladigan, ishlab chiqaradigan va sotadigan yirik neft kompaniyalari neftni qayta ishlash zavodlari to‘xtashi tufayli Sankt-Peterburgdagi birjada neft mahsulotlarini sotishni deyarli to‘xtatgan – ular hamma mahsulotni o‘z yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yo‘naltirmoqda.
Shuningdek, 1 apreldan Rossiyadan benzin eksport qilishga taqiq qo‘yilgan. 1 iyundan e’tiboran RF hukumati ilk bor aviatsiya kerosini eksportini ham taqiqladi.
Shu bilan birga, Kremldagilar neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar tufayli Rossiyada yoqilg‘i inqirozi xavfi yo‘qligini ta’kidlamoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 may kuni jurnalistlarga yoqilg‘i ishlab chiqarishning qisqarishi «mavsumiy profilaktika ishlari» bilan bog‘liqligini aytdi. «Butun yoqilg‘i balansi hisoblab chiqilgan va zarur kompensatsiya tizimiga ega», – dedi u va energetika vazirligi «bu masalani doimiy nazoratda ushlab turishi»ni qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid
20:16
Ukraina navbatda: Zelenskiy urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirdi
13:58
Iqtisodiy forumning ilk kunida Peterburgga dronlar hujum qildi – suratlar
12:19
Belgiyadan Rossiyaga bemor otasini ko‘rish uchun kelgan shaxs «davlatga xiyonat»da ayblanib, 16 yilga qamaldi
08:48