Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yog‘-moy tarmog‘ini boshqarishda bozor mexanizmlari joriy etiladi
O‘zbekiston Prezidenti “Yog‘-moy tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, “O‘zpaxtayog‘” AJ negizida O‘zbekiston Respublikasi yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasi (“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi) tashkil etiladi. Unga “O‘zpaxtayog‘” AJga tegishli bo‘lgan mol-mulk va boshqa mablag‘lar, shuningdek debitor va kreditor qarzdorliklar o‘tkaziladi (“O‘zpaxtayog‘” AJga tegishli xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi ko‘chmas mulk va aksiyalar paketi (ulushi) bundan mustasno). Xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi “O‘zpaxtayog‘” AJning aksiyalar paketi (ulushi) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.
Hujjatga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘lgan yog‘-moy sanoati korxonalari va tashkilotlari “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi a'zolari hisoblanadi.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi yog‘-moy xomashyolarini qayta ishlash va yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yagona kompleks sifatida yog‘-moy sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi, shuningdek zamonaviy bozor munosabatlarini tarmoqqa keng joriy qiladi.
Bundan tashqari, uyushma a'zo-tashkilotlarining huquq va manfaatlarining himoya qilinishini ta'minlaydi.
Ichki va tashqi bozorda marketing tadqiqotlarini tashkil qilish, tarmoqni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, xomashyoni chuqur qayta ishlashda va sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ozuqa-yem bazasini kengaytirish, ichki bozorni yog‘-moy mahsulotlari bilan to‘laqonli ta'minlashda tarmoq korxonalariga ko‘maklashadi.
Qarorga asosan, 2022 yil 1 yanvarga qadar “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi mol-mulk solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi, tashkilotlarning shartnomalar asosida “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasiga ajratmalari yuridik shaxslar foyda solig‘ining soliqqa tortiladigan bazasidan chiqariladi.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar 2021 yil 1 yanvarga qadar:
· o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan yog‘-moy xomashyolari hajmi TIF TN kodlari 1201-1207 guruhi (soya dukkagi, kungaboqar va boshqa moyli o‘simliklar urug‘lari) bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno);
· o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilar import qilingan yog‘-moy xomashyolari hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmlari bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovidan ozod qilindi.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tarkibiga kiradigan yog‘-moy sanoati korxonalariga 2022 yil 1 yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan, yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan TIF TN kodlari 2815, 3802, 3815 guruhi bo‘yicha uskunalar, butlovchi buyumlar, materiallar (kaustik soda, aktivlashtirilgan tabiiy mineral mahsulotlar va katalizatorlar) importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 90 kunga kechiktirish imkoniyati berildi.
Qarorda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bir oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi Yog‘-moy sanoatida amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan “Io‘l xaritasi”ni tasdiqlaydi:
· amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish bo‘yicha 150 mln. AQSh dollari miqdoridagi 37ta investitsiya loyihalarini 2019-2020 yillarda amalga oshirish;
· tayyor o‘simlik yog‘i importini bosqichma-bosqich qisqartirish bilan bir vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni 90 foizgacha yetkazish va yuqori qo‘shilgan qiymatli yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida yog‘-moy xomashyolari olib kirish hajmlarini ko‘paytirish;
· 2021 yilga qadar respublikada muqobil moyli o‘simliklar yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish hisobiga yog-moy xomashyolari jamg‘arish miqdorini 100 ming tonnaga yetkazish;
· 2021 yilga qadar o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hajmlarini 400 ming tonnagacha yetkazish;
· loyiha qiymati 100 mln. AQSh dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish.
b) narxlar barqarorligini va ichki bozorning yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini bir maromda ta'minlash maqsadida 50 ming tonna hajmli zamonaviy yog‘-moy xomashyolari saqlash sig‘imlarini tashkil qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlaydi.
Bir oy muddatda ustav jamg‘armasida davlat ulushi mavjud bo‘lgan yog‘-moy tarmog‘i korxonalarining bo‘sh turgan yer uchastkalari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va ularni ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari zaxirasiga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritiladi.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
10:48 / 12.02.2026