Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«NATO ahmoqona xatoga yo‘l qo‘ymoqda». Tramp AQSh ittifoqchilar yordamiga muhtoj emasligini aytdi
AQSh prezidenti NATOni Eron bilan urushda yordam berishdan bosh tortgani uchun tanqid qildi.
Foto: Evan Vucci/REUTERS
Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilarini Vashingtonga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar va boshqa savdo kemalari o‘tishini blokdan chiqarishda yordam berishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid qildi, shu bilan birga, u AQSh hech kimning yordamiga muhtoj emasligini ta’kidlagan.
Avvalroq AQSh prezidenti dunyoning bir qancha mamlakatlaridan, jumladan, NATO a’zolaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z harbiy kemalarini yuborishni so‘ragandi. Ushbu transport magistrali Eron tomonidan to‘sib qo‘yilishi neft narxi keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.
Seshanba kuni Tramp o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida uzun postlar yozib, «NATO bo‘yicha „ittifoqchilar“ning ko‘pchiligi AQShning Eron terrorchilik rejimiga qarshi harbiy amaliyotiga aralashishni istamasligi» haqida xabardor qilganini bildirgan.
Tramp bundan sira ajablanmagani, chunki NATOga doim «faqat bir tomonlama harakat mavjud bo‘lgan ko‘cha» sifatida qaraganini aytgan: «Biz bu davlatlarni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliard dollar sarflaymiz, lekin ular biz uchun, ayniqsa, og‘ir damlarda hech narsa qilishmaydi».
U AQSh va Isroil Eron armiyasi, floti va harbiy-havo kuchlarini yakson etgani, shuningdek, Eronning «amalda barcha darajadagi» yetakchilarini o‘ldirganini takrorlagan.
«[Yaqin Sharqdagi] harbiy muvaffaqiyatlarimiz tufayli, biz endi NATO mamlakatlari yordamiga «muhtoj» emasmiz va ularning yordamini xohlamaymiz – biz hech qachon bunga muhtoj bo‘lmaganmiz», deya yozgan Tramp.
U bu gaplar Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreyaga ham tegishli ekanini ta’kidlagan.
Besh mamlakatga iltimos
Keyinroq, Oq uyning Oval kabinetida Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuv chog‘ida Tramp NATO davlatlarini urushdagi pozitsiyasi uchun tanqid qilishda davom etdi.
«Bizga hech kimning yordami kerak emas», – deydi AQSh prezidenti jurnalistlardan birining savoliga javoban.
«O‘ylaymanki, NATO juda ahmoqona xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Hamma bizning fikrga qo‘shiladi, lekin hech kim yordam berishni istamaydi. Va biz, AQSh, buni yodda tutishimiz kerak, chunki bu biz uchun juda g‘ayritabiiy ko‘rinmoqda», – degan u.
NATOdagi ittifoqchilariga qarshi javob choralarini ko‘rishi ehtimoli haqidagi savolga javoban, u bunday rejalari yo‘qligini aytgan.
Avvalroq Axios nashri Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini himoya qilish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzish ustida ishlayotgani va Eronning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Xark orolini egallab olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.
Ammo OAV Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Janubiy Koreya o‘z harbiy kemalarini bo‘g‘oz hududiga yuborishga tayyor emasligini ma’lum qildi.
Donald Tramp Financial Times nashriga bergan intervyusida agar alyansdagi ittifoqchilar uning chaqirig‘iga javob qaytarmasa yoki rad etsa, «bu NATO kelajagi uchun juda yomon bo‘lishi»ni aytgan.
Urushdan keyin «ertangi kun» nima qilish bo‘yicha rejasi qanaqaligi haqidagi savolga Tramp shunday javob bergan: «Agar Vashington urushni hoziroq tugatsa ham, Tehronga vayron qilingan narsalarni tiklash uchun 10 yil kerak bo‘ladi».
«Ammo biz hozircha ketishga tayyor emasmiz. Ammo biz yaqin kelajakda ketamiz, biz juda yaqin kelajakda ketamiz», – degan AQSh prezidenti baribir urushdan keyingi harakatlar rejasi haqida hech narsa demasdan.
Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 14 mart kuni yozgan postida Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, shuningdek, boshqa mamlakatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar o‘tishi xavfsiz bo‘lishi uchun o‘z harbiy kemalarini yuborishiga umid bildirgandi. Shu bilan birga, u bu borada qandaydir kelishuvlar borligini aytmagan.
Ittifoqchilar nimalar dedi?
Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas, bu chaqiriq yo‘llangan davlatlarning aksariyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini himoya qilish uchun flot yuborish rejasi yo‘qligini bildirdi.
«Bu bizning urushimiz emas, biz uni boshlamaganmiz», – dedi 16 mart kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius. Germaniya kansleri Fridrix Mers ham shunga o‘xshash fikr bildirdi va bunday harakat uchun uning mamlakatida na BMT, na Yevropa Ittifoqi, na NATO mandati borligini qayd etdi.
Shu kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ma’lum qilishicha, ishtirokchilarning aksariyati hozir Qizil dengizda savdo kemalarini himoya qilayotgan Aspides dengiz missiyasi mandatini Fors ko‘rfaziga kengaytirishga qarshi chiqqan.
«Hech kim bu urushga faol ravishda tortilishni istamayapti va hamma bu urush nimalarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda», – dedi u.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 17 mart kuni mamlakati AQSh va Isroil boshlagan Eronga qarshi urushni tanlamaganini, shuning uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozini himoya qilish operatsiyasida ishtirok etmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki diplomatik yo‘l bilan hal etilishi kerak.