Vashingtondagi Hilton mehmonxonasida Tramp ishtirokidagi kechki ovqat mahali otishma chiqdi. Prezident jabrlanmagan, hujum qilgan shaxs ushlangan. Xuddi shu mehmonxona atrofida 1981 yilda Reyganga ham suiqasd uyushtirilgandi.

Vashingtonda 25 aprel kuni kechqurun Oq uy muxbirlari va prezident Donald Tramp ishtirokidagi tadbir chog‘ida otishma ro‘y berdi. Prezident jarohat olmagan, Maxfiy xizmatning bir xodimi jarohatlangan. O‘t ochgan shaxs – 31 yoshli Koul Tomas Allen – qo‘lga olingan. «Meduza» hozirgacha nimalar ma’lumligi haqida yozdi.

Vashington matbuot vakillari bilan kechki ovqatni Oq uy huzuridagi muxbirlar uyushmasi (WHCA) tashkillashtirgandi, bu tadbir an’anaviy ravishda aprel oyining oxirgi shanbasida Washington Hilton mehmonxonasida o‘tkaziladi. Birinchi prezidentligi davrida uyushma taklifini e’tiborsiz qoldirgan Tramp shu kuni tadbirga ilk bor tashrif buyurgandi.

Vashington vaqti bilan soat 20:36 da (Toshkent vaqti bilan 5:36) Maxfiy xizmatning mehmonxona hollida o‘rnatilgan nazorat-o‘tkazish punktiga bir necha qurolga ega bo‘lgan shaxs bostirib kirib, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan otishmaga kirishgan. Ammo uni tezda yerga yotqizib, qo‘liga kishan taqishgan. Politsiya keyinroq uning yonida sochma miltiq, to‘pponcha va bir nechta tig‘li qurollar bo‘lganini ma’lum qildi.

Hujum chog‘ida Maxfiy xizmatning bir xodimi yengil jarohat olgan (zirhli nimcha uning hayotini saqlab qolgan). Unga allaqachon shifoxonadan javob berilgan.

Maxfiy xizmat xodimlari qurshovidagi Donald Tramp, Washington Hilton mehmonxonasi zali
Alex Brandon / AP / Scanpix / LETA
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniya Tramp Maxfiy xizmat agentlari tomonidan olib ketildi, qolganlar esa stollar ostiga kirib yashirindi
Evan Vucci / Reuters / Scanpix / LETA