Jahon | 09:50 / 01.12.2025
6794
4 daqiqa o‘qiladi

Zalujniy Ukrainada urushni “to‘liq g‘alabasiz” tugatish imkonini inkor etmadi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi qanday yakun topishi mumkinligiga oid ehtimoliy ssenariylarni Ukraina Qurolli Kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, «nafaqat to‘liq g‘alaba», balki boshqa variantlarda ham tinchlikka erishish mumkin, chunki «keyingi urushni kutgan holdagi» tinchlik ham siyosiy o‘zgarishlar va tiklanish uchun imkoniyat yaratadi.

Valeriy Zalujniy Foto: Alberto Pezzali / AP / TASS

Ukraina o‘zining asosiy maqsadi bo‘lgan «to‘liq g‘alaba»ga erishmasa ham, Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzishi mumkin, deb hisoblaydi Ukraina Qurolli Kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, hozirda Buyuk Britaniyadagi Ukraina elchisi Valeriy Zalujniy. Liga.net nashri uchun yozgan mualliflik maqolasida, shanba kuni, 29 noyabrda urushni yakunlashning ehtimoliy ssenariylarini tasvirlab, bir necha yilga cho‘ziladigan uzoq muddatli "muzlatish" variantini ham istisno qilmadi.

«Biz, ukrainlar, albatta, to‘liq g‘alabaga — Rossiya imperiyasining parchalanishiga intilamiz. Biroq urushni uzoq muddatli (yillab) to‘xtatib turish variantini ham istisno qila olmaymiz, chunki tarixda urushlarni tugatishning eng keng tarqalgan usullaridan biri aynan shu, — deb yozadi Zalujniy. — Shu bilan birga, keyingi urushni kutgan holda bo‘lsa ham tinchlik siyosiy o‘zgarishlar, chuqur islohotlar, to‘liq tiklanish, iqtisodiy o‘sish va fuqarolarning qaytishi uchun imkoniyat beradi».

Uning ta’kidlashicha, urushni «navbatdagi axborot shov-shuvlari bosimi» ostida tugatib bo‘lmaydi. Ayniqsa, hozirgi kabi urushni to‘xtatish yoki yakunlash «harbiy, iqtisodiy va siyosiy frontlarda erishilgan yutuqlar yoki yo‘qotishlar majmuasi»ga bog‘liq bo‘ladi. General qo‘shimcha qilganidek, shunday frontlardan biridagi «qulash» urushni tugatish uchun faqatgina ma’lum shart-sharoitlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin, xolos. Shu bilan birga, Zalujniy Ukrainaga taklif etilayotgan tinchlik kelishuvi variantlarida «har gal sharoitlar yaxshilanmayapti», deya tan oldi.

Sobiq bosh qo‘mondon ta’kidlashicha, «urush doimo bir tomonning g‘alabasi va ikkinchi tomonning mag‘lubiyati bilan tugamasligini» esdan chiqarmaslik muhim. «Ikkinchi jahon urushida shunday bo‘lgan, lekin bu — qoidadan istisno, chunki insoniyat tarixida deyarli biror marta shunday bo‘lmagan. Urushlarning mutlaq ko‘p qismi yo ikki tomon uchun o‘zaro mag‘lubiyat, yoki har biri o‘zini g‘olib deb hisoblaydigan holat, yo boshqa variantlar bilan tugaydi», — deya ta’kidlaydi Valeriy Zalujniy.

Uning ta’rifiga ko‘ra, Ukraina uchun g‘alaba faqatgina zamonaviy Rossiya imperiyasining parchalanishi bo‘lishi mumkin, mag‘lubiyat esa — davlatning ichki qulashidan so‘ng Ukrainaning to‘liq okkupatsiya qilinishi. Qolgan barcha variantlarni u «urushning boshqa shaklda davom etishi» deb atadi.

Shu bilan birga, tinchlikka erishilgandan keyin «innovatsiyalar va texnologiyalar tufayli xavfsiz, maksimal darajada himoyalangan davlatni shakllantirish boshlandi, deb gapirish mumkin bo‘ladi», deya ta’kidlaydi general. Shu qatorda u «korrupsiyaga qarshi kurash va adolatli sud tizimini barpo etish orqali adolatli davlat asoslarini yaratish va mustahkamlash», shuningdek, «mamlakatni tiklash bo‘yicha xalqaro iqtisodiy dasturlar asosida iqtisodiy rivojlanish» imkoniyatlariga ishora qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid