Avto | 11:08 / 19.12.2025
15719
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda eko-stikerlar: kimlarga shart emas va qanday olinadi?

Atmosfera havosini muhofaza qilish va transportdan chiqadigan zararli moddalarni nazorat qilish maqsadida O‘zbekistonda “Ekologik transport” tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, avtoulovlar ekologik darajasiga qarab yashil, sariq va qizil rangdagi eko-stikerlar bilan belgilanadi. Eko-stiker bepul beriladi. 

Eko-stiker kimlarga shart emas?

Nizom talablari quyidagi transport vositalariga nisbatan qo‘llanmaydi: 

  • O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanayotgan transportlar;
  • O‘zbekistonda 90 kungacha vaqtincha bo‘lib turgan transport vositalari;
  • elektromobillar va elektromototsikllar;
  • mototsikl, skuter, moped va uch g‘ildirakli transportlar;
  • tezkor va maxsus xizmat transportlari;
  • jamoat transporti (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari);
  • qishloq xo‘jaligi texnikalari;
  • “nogironligi bo‘lgan shaxs” belgisi o‘rnatilgan transport vositalari. 

Qanday qilib olinadi?

Eko-stikerni olishning asosiy ikki yo‘li bor: Yangi/qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda — ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida bepul beriladi. Foydalanishdagi avtoulovlar — egasi xohishiga ko‘ra, ixtiyoriy murojaat asosida rasmiylashtiriladi. 

Qayd etilishicha, stiker old oynaning pastki o‘ng burchagiga, salon tomondan yopishtiriladi. 

Eko-stiker muddati qancha?

Eko-stikerlar muddatsiz beriladi. Biroq quyidagi holatlarda qayta rasmiylashtiriladi: 

  • transport egasi yoki davlat raqami o‘zgarsa;
  • old oyna almashtirilsa;
  • stiker shikastlansa yoki o‘chib ketsa. 

Diagnostika qachon kerak bo‘ladi?

Ekologik toifa, odatda, ishlab chiqaruvchi tasdiqlagan “Yevro” standartiga ko‘ra belgilanadi. Agar ekologik sinf aniq bo‘lmasa, diagnostika tekshiruvlari natijasi asosida belgilanadi; tekshiruvlar IIV huzuridagi maxsus ekologik operatorlar tomonidan o‘tkazilib, ma’lumotlar yagona elektron tizimda qayd etiladi. 

Shuningdek, transport egasi yilda bir marta bepul qayta diagnostika o‘tkazib, ekologik toifani yaxshilash huquqiga ega ekani ham ko‘rsatilgan. 

Mavzuga oid