O‘zbekiston | 17:34 / 09.02.2024
9154
3 daqiqa o‘qiladi

Binance O‘zbekistonda jarima to‘lashdan bosh tortgan. Ish sudga oshiriladi

Binance kriptovaluta birjasi O‘zbekistonda litsenziyasiz ishlagani uchun belgilangan 102 mln so‘m jarimani to‘lamagan. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi raisi o‘rinbosari Vyachaslav Pakning aytishicha, agentlik sudga murojaat qilmoqchi. Sud qarori kriptobirja ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiyaga yuboriladi.

Foto: AOKA

Dunyodagi eng yirik kriptovaluta birjasi – Binance O‘zbekistonda litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun belgilangan jarimani to‘lamagan. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi.

“Ofshor zonada ro‘yxatdan o‘tgan Binance'ni O‘zbekistonda litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun jarimaga tortgandik. Kutganimizdek, ular jarima to‘lashdan bosh tortdi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqib, sudga da’vo bilan murojaat qilamiz va tegishli qaror qabul qilinadi”, – dedi Pak 6 fevral kungi matbuot anjumanida.

Uning aytishicha, sud qarori rasmiy kanallar orqali Binance ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiyaga ijro etish uchun yuboriladi va birja O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq ishlashi ta’minlanadi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Binance'ni O‘zbekiston tegishli provayder litsenziyasini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmagani uchun yanvar oyida 300 BHM – 102 mln so‘m miqdorida jarimaga tortgandi.

Bundan tashqari, kriptobirja faoliyatida bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan. Binance platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yo‘l orqali olingan kripto-aktivlar va mablag‘lar (o‘g‘rilik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilgani, kompaniya yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti emasligi, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron platforma mavjud emasligi shular jumlasidan.

Shu bilan birga, birja O‘zbekiston Respublikasining kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etmaganlikda ayblangan. Bir qismi O‘zbekiston Respublikasi tijorat bankida alohida hisobvaraqda saqlanishi zarur bo‘lgan ustav jamg‘armasi (kapitali) mavjud emasligi ham ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid