O‘zbekiston | 22:28 / 01.04.2019
9772
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kuniga 850 tonnadan ortiq non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Bugungi kunda Toshkent shahrida kuniga o‘rtacha 850 tonnadan ortiq non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati “O‘zbekistonda non va qandolat mahsulotlari bozorini rivojlantirish” mavzusida birinchi xalqaro biznes-forumi doirasida taqdim etilgan ma'lumotlar asosida shu haqida xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Forumda Germaniya, Rossiya, Chexiya, Sloveniya, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlarning ushbu sohaga texnika va texnologiyalar yetkazib beruvchi 20 ga yaqin kompaniyasi ishtirok etmoqda.

Non shahri hisoblangan Toshkentda tayyorlanayotgan non mahsulotlari ko‘rinishi va sifati bilan nafaqat aholi, balki sayyohlarning ham e'tibori va e'tirofiga sazovordir. Ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunda Toshkentda kuniga o‘rtacha 850 tonnadan ortiq non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. “Toshkent non” Non ishlab chiqarish uyushmasi tizimida faoliyat yuritayotgan 59 ta tashkilot tomonidan kuniga 56 turdagi non va qandolat mahsulotlari tayyorlanmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Korxonalar faoliyatining asosiy yo‘nalishi qolipli non ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bir kunda ushbu mahsulotdan 530dan 550 tonnagacha tayyorlanmoqda.

Shuningdek, Toshkentda kuniga o‘rtacha 200 tonna milliy non va 100 tonnadan ortiq qandolat mahsuloti tayyorlanmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Tizimdagi korxonalarda uzluksiz ravishda yangi texnika-texnologiyalar joriy etilmoqda. Ammo bu ko‘rsatkich hali yetarli darajada emas. Xususan, sohada mahsulot turini yanada ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport ko‘rsatkichlarini yuksaltirish uchun innovatsion texnologiyalar kerak.

Tadbirda Rossiya, Chexiya, Italiya, Sloveniya va Qozog‘iston kompaniyalarining non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan eng yangi texnika texnologiyalari taqdimoti rejalashtirilgan bo‘lib, bu yurtimiz vakillariga o‘z yo‘nalishida xorijiy hamkorlikni o‘rnatish, mustahkamlash va rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Anjumanning ikkinchi kunida “Non va qandolat mahsulotlari ko‘rgazmasi” o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar hokimligi va Turizmni rivojlantirish departamenti hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan biznes forum 2 aprel kuni ham davom etadi.

Mavzuga oid