Jahon | 21:03 / 03.02.2024
17321
6 daqiqa o‘qiladi

AQShning Yaqin Sharqqa zarbalari, Ozarboyjonning Armanistonga talabi va Rossiyada Ekvador bananlariga taqiq - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.

AQShning Suriya va Iroqqa zarbalari

Kecha tunda amerikaliklarning Iordaniyadagi harbiy bazasiga qilingan hujumga javoban AQSh Suriya va Iroqdagi Eronga aloqador harbiy obektlarga zarba bergan.

B-1 Lancer bombardimonchi samolyoti vositasida amalga oshirilgan aviazarbalari doirasida 85 dan ortiq nishon yo‘q qilingan.

125 dan ortiq yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarbalar asosan Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan bog‘liq bazalar, lagerlar, lashkarlar guruhlari to‘plangan komplekslarga qarata berilgan, degan AQSh markaziy qo‘mondonligi.

AQSh bu zarbalarni 5 kundan beri anons qilib keladi. CNN muxbiriga ko‘ra, 5 kunlik ushlanish tufayli Eron obektlardan asosiy insonlari va qurol-yarog‘larini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Iroq va Suriyada Eron «Amerika qo‘shinlariga hujum qilish uchun» foydalanadigan obektlarga zarbalar o‘zining buyrug‘i bilan amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Baydenga ko‘ra AQSh Yaqin Sharq yoki dunyoning biror nuqtasida keskin mojaroga intilmaydi.

«Lekin bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlarning barchasi bilib qo‘yishi kerakki, agar amerikalikka ziyon yetsa biz, albatta, javob qaytaramiz», — degan Bayden.

AQSh Iroq va Suriyaga berilgan mazkur zarbalar muvaffaqiyatli chiqqanini ta’kidlagan. Hozircha AQShning Suriya sharqidagi zarbalari tufayli kamida 13 kishi o‘ldirilgani haqida xabarlar berildi.

 

Yana Zalujniy haqida

Ukraina hukumati AQShni bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarish borasida ogohlantirgan.

Washington Post nashri o‘zining ikki manbasiga tayanib xabar berishicha, Oq uydagilar bu qarorni qo‘llab-quvvatlamagan, biroq qarshi ham chiqmagan. Bu prezident Zelenskiyning suveren tanlovi ekanini aytishgan.

Zelenskiy hozircha Zalujniyni iste’foga chiqarish haqida rasmiy farmon e’lon qilmagan va bu qachon ro‘y berishi ham noma’lum.

Biroq nashrning yozishicha avvaldan ogohlantirish Vashingtonga Zelenskiydan bunday qilmaslikni so‘rash imkoniyatini yaratgan.

O‘tgan kuni Zelenskiy oliy bosh qo‘mondonlik yig‘ilishini o‘tkazgan, unda Zalujniy ham o‘z dokladi bilan qatnashgan.

Armaniston – Ozarboyjon munosabatlari

Agar Armaniston o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritsa biz tinchlikka erishamiz, degan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev.

«Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida de-fakto tinchlik mavjud, ikki davlat chegarasida bir necha oydan buyon tinch vaziyat hukm surmoqda. Agar Armaniston konstitutsiyasi va boshqa tegishli hujjatlar o‘zgartirilsa sulhga erishish mumkin. Fransiya mintaqada destruktiv siyosat olib borib, olovga yog‘ sepish prinsipi bo‘yicha harakat qilmoqda», — degan Aliyev.

Aliyevning aytishicha, Armanistonning bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarida Ozarboyjonga hududiy da’volar aks etgan havolalar bor, ko‘plab konvensiyalar va boshqa hujjatlarda ular Ozarboyjonning Qorabog‘ ustidan suverenitetini tan olishmaydi. Aliyevning qayd etishicha, Armanistonning Ozarboyjonga xalqaro sudlardagi e’tirozlari Ozarboyjonning hududiy yaxlitligi Armaniston tomonidan tan olinmasligiga, Qorabog‘ning Ozarboyjondan ajralib chiqishiga asoslangan.

Aliyevning fikricha, bu e’tirozlarga chek qo‘yish, Armaniston konstitutsiyasiga va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish lozim. Tinchlik jarayoni yakunlanishi uchun bu ishlar qisqa muddatlarda amalga oshiriladi, deya umid bildirgan Aliyev.

Darvoqe, Armaniston ortiq Rossiyaning harbiy hamkori bo‘la olmaydi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hozirgi vaqtda obektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra bu imkonsiz ekanini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Yerevan 2024 yilgacha o‘z armiyasini rivojlantirishning yangi konsepsiyasini ishlab chiqishni va boshqa davlatlar bilan munosabatini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Rossiyada banan qimmatlaydi

Ekvador Ukrainaga qurol-yarog‘lar yetkazib berishini e’lon qilgach Rossiya ularga qarshi banan urushini boshladi.

Rosselxoznadzor Ekvador qishloq xo‘jaligi vazirligiga murojaat qilib, 5 fevraldan boshlab Rossiyaga banan yetkazayotgan 5 ta kompaniyaning bananlariga sertifikat talab qildi. Rossiya murojaatida yozilishicha, go‘yoki Ekvadordan yetkazilayotgan bananlarda xavfli hasharot topilgan.

Bunday qarorga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tahdidlari va Ekvadorning AQShga Rossiyada ishlab chiqarilgan harbiy texnika va qurol-yarog‘larni yetkazib berish qaroridan so‘ng kelingan.

Ekvador dunyo mamlakatlariga asosiy banan yetkazuvchi hisoblanadi. Rossiyaning bu qarori mamlakatda banan tanqisligi va uning narxi keskin ko‘tarilishi olib kelishi mumkin.

Germaniyada nasha qonuniylashtiriladi

1 apreldan boshlab Germaniyada kannabis, ya’ni oddiy nasha qonuniylashtirishi mumkin, hukumat bunga rozilik bergan.

Germaniyaning koalitsion hukumati kannabisning qisman legallashtirilishi bo‘yicha rejalashtirilayotgan loyihaga oid turli qarama-qarshiliklarni tartibga solishga muvaffaq bo‘lgan. Bu borada koalitsion partiyalar a’zolari xabar bergan va bu chora narkosiyosat sohasida yangi bosqich bo‘lishini ta’kidlashgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Germaniyada nasha ekish, saqlash va o‘tkazish qisman legallashtiriladi. Nazarda tutilishicha, Germaniyadagi marixuana iste’molchilari ortiq jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, qorabozor bilan esa samarali kurash olib boriladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid