Jahon | 14:44 / 18.09.2025
6329
5 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni va yadroviy qurolga ega Pokiston mudofaa paktini imzoladi

Muhammad bin Salmon va Shahboz Sharif imzolagan kelishuvga ko‘ra, Saudiya Arabistoni yoki Pokistonga qilingan har qanday hujum ikkisiga ham qilingan hujum sifatida qaraladi. Yangi mudofaa aloqalari arab davlatlarining – AQSh xavfsizlik kafolatlariga shubha kuchaygan paytda paydo bo‘lmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Saudiya Arabistoni va yadroviy qurolga ega Pokiston rasmiy ravishda o‘zaro mudofaa paktini imzoladi. Bu haqda xabar bergan OAVlarga ko‘ra, bu qadam – o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan xavfsizlik sherikligini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Hujjat 17 sentabr kuni Ar-Riyoddagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi.

Kelishuv Isroilning Qatardagi Hamas siyosiy yetakchilariga hujumidan so‘ng chaqirilgan Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma yig‘ilishidan ikki kun o‘tib imzolandi.

Foto: SPA

«Bu kelishuv ikki davlatning xavfsizlikni kuchaytirish, mintaqada hamda jahonda xavfsizlik va tinchlikka erishish yo‘lidagi mushtarak intilishlarini aks ettiradi. U mudofaa sohasida hamkorlikni rivojlantirish va har qanday tajovuzga qarshi qo‘shma to‘siqni mustahkamlashni maqsad qiladi. Kelishuvda aytilishicha, ikki davlatdan qaysi biriga tajovuz qilinsa, bu har ikkalasiga ham qilingan tajovuz hisoblanadi», deyilgan chorshanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.

Bayonotga ko‘ra, mudofaa pakti ikki davlat o‘rtasidagi «tarixiy sheriklik» hamda «umumiy strategik manfaatlar va yaqin mudofaa hamkorligi»ga asoslangan.

Foto: SPA

Pokiston davlat televideniyesi Shahboz Sharif va Saudiyaning de-fakto rahbari Muhammad bin Salmon kelishuvni imzolagandan keyin bir-birini quchoqlagani, marosimda Pokiston armiyasi boshlig‘i, mamlakatning eng nufuzli shaxsi hisoblanadigan feldmarshal Asim Munir ham qatnashganini namoyish etdi.

AQShdan boshqa do‘stlar qidirib…

Kuchaytirilgan mudofaa aloqalari arab ko‘rfazi davlatlari AQShni uzoq yillik xavfsizlik kafolatchisi ekaniga shubhalanishlari kuchaygan bir sharoitda paydo bo‘ldi. O‘tgan hafta Isroilning Qatarga hujumi bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi, deb yozmoqda Reuters.

Foto: Reuters

«Bu kelishuv ko‘p yillik muzokaralarning yakunlanishi. U muayyan mamlakatlar yoki voqealarga javob emas, balki ikki davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli va chuqur hamkorlikni institutsionallashtirishdir», deya saudiyalik yuqori martabali rasmiyning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Lekin ushbu pakt mintaqadagi strategik muvozanatni o‘zgartirishi mumkin. Vashington ittifoqchilari bo‘lgan Ko‘rfaz monarxiyalari uzoq yillik xavfsizlik xavotirlarini hal qilish uchun ham Eron, ham Isroil bilan munosabatlarni barqarorlashtirishga intilib kelayotgan edi.

Biroq G‘azo urushi butun mintaqani izdan chiqardi va Qatar bir yil ichida ikki marta – avval Eron, keyin esa Isroil hujumiga duchor bo‘ldi.

Bundan tashqari, ismi oshkor etilmagan Saudiya rasmiysi Pokistonning raqibi, yadroviy qudratga ega Hindiston bilan munosabatlarda muvozanat saqlash zarurligini tan olgan.

Nashrning yozishicha, jurnalistlar «pakt doirasida Pokiston Saudiya Arabistoniga yadroviy «qalqon» taqdim etishi shartmi?» deya so‘ragan. Rasmiy esa «bu barcha harbiy vositalarni qamrab oluvchi keng qamrovli mudofaa kelishuvi», deb javob berdi.

Pokiston bosh vaziri devoni bayonotiga ko‘ra, kelishuvda «bir davlatga qarshi qilingan har qanday tajovuz ikkisiga qarshi qilingan tajovuz hisoblanishi» qayd etilgan.

Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘tgan o‘n yillar davomida yaqindan savdo va harbiy aloqalarga ega. 1967 yildan beri Pokiston 8200 dan ortiq saudiyalik harbiy xizmatchilarni tayyorlagan va ikki tomon bir nechta qo‘shma harbiy mashqlar ham o‘tkazgan.

Mavzuga oid