O‘zbekiston | 12:04
2918
13 daqiqa o‘qiladi

Ish tashlash huquqiga nisbatan 30 yillik “qonun sukuti” tugayaptimi?

Bugun 1 may – Mehnatkashlarning xalqaro birdamlik kuni dunyo davlatlarida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Tadqiqot markazi rahbari, PhD Miryoqub Rahimov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida O‘zbekistonda mehnatkashlar birdamligining huquqiy asosida bo‘shliq borligi va uni to‘ldirishga qaratilgan qonun Senatdan o‘tgani haqida so‘z yuritadi.

Foto: Dreamstime

Kunning qisqacha tarixi

XIX asr oxirlarida ishchilar kuniga 10–12 soat ishlashga majbur bo‘lar, ularning mehnati esa yetarli darajada qadrlanmas edi. Shu bois ular 8 soatlik ish kuni uchun kurashni boshladilar.

1886 yil 4 may kuni Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan namoyish Haymarket voqeasi nomi bilan tarixda qoldi. Tinch o‘tishi kerak bo‘lgan yig‘ilish kutilmaganda fojiaga aylangan. Noma’lum shaxs tomonidan tashlangan bomba oqibatida politsiya va oddiy fuqarolar halok bo‘ldi. Voqea dunyoni larzaga soldi.

O‘sha voqea 1 mayni xalqaro miqyosda mehnatkashlar birdamligi ramziga aylantirdi.

Jahon mehnat bozori raqamlarda

Xalqaro Mehnat Tashkilotining World Employment and Social Outlook 2024 hamda McKinsey Global Institute ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib dunyo bo‘yicha mehnat kuchi taxminan 3,5 milliardga yetishi kutilmoqda.

Jahonda 2 milliarddan ortiq ishchi norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgani mehnat sifatining pastligini ko‘rsatadi. Xususan, 241 million ishchi o‘ta qashshoqlik (kuniga 2,15 dollardan kam daromad bilan) sharoitida yashamoqda.

O‘zbekiston statistikasi

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 5,5 million nafar xodim rasmiy bandlikda faoliyat yuritmoqda. Shundan 2,2 millioni davlat tashkilotlarida, 3,3 millioni esa xususiy sektorda ishlaydi. Bu – xususiy sektorning mehnat bozoridagi ustun ulushini ko‘rsatadi.

Band aholining 553,7 ming nafari bandlik organlari orqali, qolgan 4,9 millioni mustaqil ravishda ishga joylashgan.

Ish tashlashga nisbatan jahon mamlakatlari yondashuvlari

Dunyo davlatlarida ish tashlash huquqiga nisbatan uch xil yondashuvda munosabat qiladi: ruxsat beradi va mustahkamlaydi, qat’iy taqiqlaydi va jazolaydi, sukut saqlaydi va qonunchilikda bu masalani ochiq qoldiradi.

Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Kanadada ish tashlash huquqi mehnat munosabatlarining muhim elementi sifatida e’tirof etiladi.

Saudiya Arabistoni, Qatar hamda Birlashgan Arab Amirliklarida ish tashlash deyarli mumkin emas. Bunday harakatlar jarima, deportatsiya yoki boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Oxirgi toifaga kiruvchi O‘zbekiston va Xitoy kabi davlatlar ish tashlash huquqini qonunchilikda aniq tartibga solmagan.

O‘zbekistonda ish tashlash huquqi yo‘q

Xalqaro Mehnat Tashkilotining O‘zbekistonga nisbatan ayrim e’tirozlari asosli. Sababi bugungi kungacha mamlakatda ish tashlash huquqi qonunda mustahkamlanmadi.

1995 yil 25 dekabrda qabul qilingan eski Mehnat kodeksida ish tashlash huquqi haqida birorta norma yo‘q edi. 2016 yildan boshlangan islohotlar doirasida ishlab chiqilgan yangi Mehnat kodeksi loyihasi uch marta umumxalq muhokamasiga chiqarildi. E’tiborli jihati, loyihaning 2019 yil 23 sentabrdagi birinchi va 2019 yil 14 oktyabrdagi ikkinchi variantida ish tashlash tushunchasi kiritilib, uni tashkil etish va o‘tkazish tartibi batafsil belgilangan edi. Biroq uchinchi variant, ya’ni 2020 yil 16 sentabrdagi tahrirda ushbu normalar biror sabab ko‘rsatilmasdan chiqarib tashlandi.

Shu tariqa, 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida ish tashlash huquqi va uni o‘tkazish tartibi nazarda tutilmadi.

Vaziyatdan chiqish yo‘li bor

O‘zbekistonda xodimlarning ish tashlash huquqi to‘g‘ridan to‘g‘ri va batafsil tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u mutlaqo inkor etilmagan. Davlat ushbu huquqni xalqaro majburiyatlar doirasida tan oladi.

Xususan, “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt”ning 8-moddasida har bir ishtirokchi davlat ish tashlash huquqini ta’minlash majburiyatini oladi deyilgan. O‘zbekiston mazkur hujjatga 1995 yil 31 avgustda qo‘shilgan. Amaldagi Mehnat kodeksining 10-moddasiga muvofiq, agar mamlakatning xalqaro shartnomasida xodimlar uchun milliy qonunchilikka nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Shunday ekan, ish tashlash huquqi bilvosita tan olinadi va ma’lum darajada qo‘llanishi mumkin.

Ish tashlash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan

1995 yil 1 aprelda qabul qilingan va hozir amaldagi Jinoyat kodeksining 218-moddasiga ko‘ra, taqiqlangan ish tashlashga boshchilik qilish yoki favqulodda holat vaqtida korxona va tashkilotlar ishiga xalaqit berish jinoyat hisoblanadi.

Bunday harakatlar uchun jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash, hatto 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Bu esa amalda ish tashlash masalasi qat’iy tartibga solinganini va ayrim hollarda jinoiy javobgarlikka olib kelishini ko‘rsatadi.

Natijada, mehnat huquqlaridagi nomutanosiblik yoki parodoks bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda. Yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi, biroq ish tashlash huquqi yana unda aks ettirilmadi.

Xalqaro tashkilotning e’tirozlari

Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona, restoran, umumiy ovqatlanish, tamaki va turdosh sohalar xodimlari xalqaro uyushmalari federatsiyasi (IUF) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xodimlar asosiy mehnat huquqlarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Xususan, hisobotga ko‘ra, mehnatkashlar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida jamoaviy yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar tashkil eta olmaydi. Davlatga aloqador O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ta’siri tufayli mamlakatda mustaqil kasaba tashkilotlari mavjud emas.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksi va kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunchilik xodimlarning ish tashlash huquqini kafolatlamagan.

O‘zbekiston ehtiyotkorlik bilan yondashadi

Davlat nafaqat ish tashlashga, balki boshqa ommaviy tadbirlarga nisbatan ham juda ehtiyotkor. Konstitutsiyaning 33-moddasida fuqarolarning mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazish huquqi kafolatlangan. Biroq ushbu huquqni amalga oshirish tartibini belgilovchi maxsus qonun hanuz qabul qilinmagan. 1991 yildan boshlab o‘tgan qariyb 35 yil davomida bu sohada yagona va kompleks qonunning mavjud emasligi – konstitutsiyaviy huquqning amaliy ijrosini cheklab kelmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2025-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti huzuridagi Uyushmalar erkinligi bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etgan hisobotida bu masalaga alohida to‘xtalgan. Unga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti talablari inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazish tartibini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani hamda hozirda ko‘rib chiqilayotgani qayd etilgan. Biroq bugungi kungacha mazkur qonun qabul qilinmadi.

Ish tashlash tartibsizlik emas

Ish tashlash – xodimlarning iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan jamoaviy huquqiy vosita. U o‘z mohiyatiga ko‘ra zo‘ravonlik yoki tartibsizlik emas, balki mehnat nizolarini hal etishning tinch shakli hisoblanadi.

Demokratik davlatlar ish tashlashni xalqaro standartlar asosida fundamental huquq sifatida tan oladi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti ushbu huquqni uyushmalar erkinligining ajralmas qismi sifatida e’tirof etadi.

Garchi O‘zbekiston “Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi to‘g‘risida”gi konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, ish tashlash masalasida hamon sukut saqlamoqda.

Bugun rejalashtirib, ertaga ish tashlab bo‘lmaydi

Ko‘pchilik ish tashlashni birdaniga boshlanadigan tartibsiz harakat deb hisoblaydi. Aslida esa u jamoaviy mehnat nizosini hal etishning qonunda qat’iy belgilangan bosqichlariga ega murakkab jarayondir. Xodimlar talablarini rasmiy tartibda bildiradi, ish beruvchi ularni rad etsa yoki javob bermasa, aynan shu kundan boshlab jamoaviy nizo boshlangan hisoblanadi. Shundan keyin nizoni darhol keskinlashtirish emas, balki uni tartibga solish mexanizmlari ishga tushadi.

Keyingi bosqichlarda nizo majburiy yarashtiruv tartib-taomillaridan o‘tadi. Avvalo yarashtirish komissiyasi tuziladi va qisqa muddatlarda kelishuvga erishishga harakat qilinadi. Natija bo‘lmasa, mediator jalb etilishi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri mehnat arbitrajiga o‘tilishi mumkin. Eng asosiysi, barcha bosqichlar majburiydir. Yarashtirish komissiyasini tashlab mediatorga yoki mediatorni tashlab mehnat arbitrajiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib bo‘lmaydi. Jarayon odatda bir ikki kunda yakuniga yetmaydi, hatto bir necha oy davom etishishi ham mumkin.

Faqat shu barcha imkoniyatlar tugab, kelishuvga erishilmasa, ish tashlash oxirgi chora sifatida yuzaga keladi. U ham tartibsiz emas. Xodimlar o‘z vakillari, ayniqsa kasaba uyushmalari orqali harakat qiladi. Ish beruvchi hamda tegishli davlat organlariga oldindan ish tashlash rejalashtirilgan sana, joy va boshqa ma’lumotlarni berib ogohlantiradi. Shu bois ish tashlash bir kunlik hissiy qaror emas, balki uzoq davom etgan muzokaralar, rasmiy tartib-taomillar va huquqiy jarayonlarning yakuniy bosqichi hisoblanadi.

Misol bilan tushuntiramiz

Ish tashlash jamoaviy nizoni hal etish vositasi sanaladi. Jamoaviy mehnat nizosi individual nizodan farqli ravishda bitta xodim va ish beruvchi o‘rtasida emas, balki bir guruh xodimlar bilan ish beruvchi o‘rtasida yuzaga keladi. Masalan, tashkilotda ishlaydigan barcha xodimlar oyiga 1 271 000 so‘m evaziga mehnat shartnomasi asosida ishlaydi. Bu miqdor qonundagi minimal talabga mos.

Biroq ushbu summa xodim va uning oilasi xarajatlarini qoplamaydi. Bir nafar xodim ish beruvchiga murojaat qilib, ish haqini oshirishni so‘radi. Ammo ish beruvchi taklifni rad etdi. Rad etish – ish beruvchining huquqi. Chunki ishga kirishda taraflar aynan shu miqdorga kelishgan va uni o‘zgartirish uchun yana o‘zaro kelishuv talab qilinadi. Xodim holat yuzasidan sudga murojaat qilsa ham, yutqizish ehtimoli yuqori.

Shundan so‘ng barcha xodimlar birlashib, ish beruvchiga yagona jamoaviy talab bilan chiqadi va ish haqini oshirishni so‘raydi. Agar ish beruvchi bu talabni rad etsa, nizo jamoaviy tus oladi. Aynan shunday vaziyatda ish tashlash jamoaviy nizoni hal etish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Va bu xodimlarning umumiy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Yangi kutilmalar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2025 yil 9 sentabr kuni ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi. Mazkur hujjatning asosiy maqsadi milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari, xususan birlashmalar erkinligi va jamoa muzokaralari bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirishdan iborat. Bu orqali mehnat munosabatlarida xodimlar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur qonun 2026 yil 8 aprel kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ma’qullandi. Ushbu hujjat Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda belgilangan me’yorlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Endilikda qonunning kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va rasmiy e’lon qilinishi talab etiladi.

Xulosa

Ish tashlash huquqining Mehnat kodeksida aniq normativ mustahkamlanishi O‘zbekistonda qariyb 35 yil davom etgan “qonun sukuti”ni institutsional darajada yakunlashni anglatadi.

Bu bir tomondan 5,5 million xodimning fundamental mehnat huquqlarini kafolatlaydi, ikkinchi tomondan esa jamoaviy mehnat nizolarini tartibli mexanizmlar orqali hal etish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, milliy huquq tizimini xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlab, davlatning xalqaro-huquqiy majburiyatlarini amalda bajarganligini ko‘rsatadi.

Rahimov Miryoqub Aktamovich,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Tadqiqot markazi rahbari,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (Phd), dotsent

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid