Jamiyat | 08:03 / 13.02.2026
2505
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda giyohvandlikka qarshi tezkor tadbirlarda yirik partiyalar fosh etildi

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Andijon viloyati, Toshkent shahri, Namangan viloyati va Sirdaryo viloyatida giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomalasiga oid bir qator holatlar aniqlandi. Jami qariyb 6 kg mefedron, 350 gr klofedron, 1 kgdan ortiq geroin, shuningdek 2516 dona “Regapen” dorisi musodara qilindi.

1-holat (Andijon viloyati):
Xo‘jaobod tumani hududida harakatlanayotgan BYD rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsga tegishli transport vositasining salon qismida 6 dona polietilen o‘ramda jami 5 kg 946 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u ushbu moddani “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga olib ketayotgan bo‘lgan.

2-holat (Toshkent shahri):
Poytaxtda o‘tkazilgan tadbirda xorijdan kur’yerlik jo‘natma orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirilgan 350 gr “klofedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan vaqtida Chilonzor tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi. Tadbir davom ettirilib, uning sherigi — Yashnobod tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan bo‘lib, u yerdan taxminiy og‘irligi 5,3 kg bo‘lgan sintetik moddalar, gashish va marixuana moylariga o‘xshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari hamda laboratoriya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

3-holat (Namangan viloyati bo‘yicha tadbir):
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 1 kg 23 gr “geroin” moddasini shartli xaridorga 18 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvand modda Qirg‘izistondan Andijon viloyatiga noqonuniy olib o‘tilgan.

4-holat (Sirdaryo viloyati):
Sayxunobod tumanidagi “Sayxun” YPX maskanida “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi, 1993, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs harakatlanayotgan ushbu avtomashinaning eshik qismidagi xufiyona joyda 2516 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ular mazkur dori vositalarini Qo‘qon shahrida “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olishgan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid