O‘zbekiston | 17:37 / 12.03.2021
4704
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayrim avtobus yo‘nalishlari harakati o‘zgaradi, 52-avtobus liniyasi yopiladi

 12 mart sanasidan boshlab Toshkent shahridagi 5 ta avtobus yo‘nalishida o‘zgarish yuz berdi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi «Toshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 157-sonli qaroriga asosan Toshkent shahridagi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari faoliyati muvofiqlashtiriladi. Jumladan, Toshkent shahri aholisidan va korxonalardan kelib tushgan murojaatlar asosida 2021 yil 12 mart kunidan boshlab 36, 52, 59, 78, 184-sonli avtobus yo‘nalishlari faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritildi.

  • 36-sonli TTZ AShB – Zenit zavodi yo‘nalishida harakatlangan avtobus liniyasi Zenit zavodi bekatidan Tiklanish mahallasi hududigacha uzaytiriladi;
  • 52-sonli Yunusobod 17-dahasi – Chorsu savdo markazi yo‘nalishidagi avtobus liniyasi mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatgan xususiy korxonaning tashabbusi asosida yopiladi;
  • 59-sonli Sergeli 12-dahasi – Karvon bozori avtobus yo‘nalishidagi jadvallar soni 7 tadan 8 taga (+1) oshirildi;
  • 78-sonli Beruniy metrosi – Toshkent vokzali avtobus yo‘nalishining harakati Iftixor, M.Turg‘unboyeva, Bog‘i ravon, Usta Shirin ko‘chalari orqali ikki tomonlama qisman o‘zgartirildi;
  • 184-sonli Binokor qo‘rg‘oni – Qipchoq AShB avtobus yo‘nalishining harakati Qipchoq so‘nggi bekatidan Qipchoq, Yangi Sergeli yo‘li, So‘g‘diyona, Obihayot, Fayzli ko‘chalari orqali Sergeli 4-dahasigacha uzaytirildi.

2021 yil 10 mart kunidan boshlab 12-sonli Qo‘yliq dehqon bozori – Boshliq mavzesi avtobus yo‘nalishining ikki tomonlama harakati Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Tolimarjon, Sariko‘l, Yangi zamon, A.Fitrat, A.S.Banokatiy, G.Aliyev, Temiryo‘lchilar, Sariko‘l, KHY, Turkiston, T.Shevchenko, Nukus ko‘chalari orqali o‘z yo‘nalishini davom ettirgan holda o‘zgartirilgan edi. Shuningdek, yangi 196-sonli Obod makon majmuasi – Gulobod ko‘chasi avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan.

Avvalroq Toshkentda ikki yo‘nalishda metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi aytilgan edi.

Mavzuga oid