«Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati ma’lum qilishicha, joriy yilning 7 yanvar kuni 83-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi elektrobusning qarshi yo‘nalishda yurgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan.

Holat o‘rganilishi natijasida mazkur qoidabuzarlik «2-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan «Yutong» (elektrobus) rusumli, saroy raqami 600 bo‘lgan 83-sonli yo‘nalish haydovchisi J.U. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, qoidabuzarlikka nisbatan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va qoida buzgan avtobus haydovchisi belgilangan tartibda jarimaga tortilgan.

«Toshshahartransxizmat» AJ haydovchilarni transport vositasini boshqarish vaqtida nafaqat o‘zining, balki yo‘lovchilar hayoti uchun ham mas’ul ekanini unutmaslikka chaqirdi.