Avgust oyining eng mudhish voqeasi – oqqo‘rg‘onlik bog‘cha bolalarining zaharlanishi, desak adashmagan bo‘lamiz. 30 nafar bolaning shifoxonaga yotqizilishi dastlab shov-shuv bo‘lib, bosh prokuror darajasida nazoratga olinishi aytilgan holat vaqt o‘tishi bilan barchaning e'tiboridan chetda qolib borayotgandek tuyulmoqda.

Konserva mahsulotlari bo‘yicha 12 kunda chiqishi aytilgan tekshiruv natijalari qariyb 1 oy bo‘libdiki, hamon e'lon qilingani yo‘q.

Bir o‘limdan qaytgan bolalar

Biz Oqqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, dastlab zaharlangan bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashdik.

Qizim Ochilqulova Madinani 5-bog‘chaga berib kelamiz. 10 avgust kuni kasalxonaga tushdik, 13 avgust kuni tuzalib chiqdik”, – deydi Nasiba Beshimova.

Nasiba Beshimova

Kasallik haqida eshitganimdan keyin bir kuni Abdullohning tomog‘i qizarib, isitmalagani tufayli uni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘z ixtiyorim bilan olib bordim. Farzandim 3-4 kun yotib, yaxshi bo‘lib ketdi. Hozir alomatlari yo‘q”, – deydi tuzalib chiqqan bolalardan yana birining otasi Hasan Chintashev.

Hasan Chintashev

Kasallikni og‘ir o‘tkazayotgan bolalarning otalari esa farzandlari va o‘zlarining boshidan o‘tgan voqealarni kengroq so‘zlab berishdi.

O‘g‘lim Afzalbekda 1 avgustdan boshlab kasallik simptomlari bilindi. Lekin aynan mana shu kasallik ekanini bilmaganmiz. 6 avgust kuni bola bilan birga Yangiyo‘lga bordik. Bolalar bo‘limiga joylashtirishdi. U yerda aynan ovqatdan zaharlangan degan tashxisni qo‘ya olishmadi. O‘g‘limning holati juda xavfli ko‘rinishga kelib qoldi. Bolam o‘zini bilmay qoldi. 3,5 yashar bola “dada, men o‘lamanmi” deb so‘raganidan so‘ng o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim.