Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo tarangligi: tomonlar Malayziyada muzokara o‘tkazadi
AQSh moliya vaziri Skott Bessent kelasi hafta Malayziyada Xitoy vitse-premeri Xe Lifeng bilan uchrashishi kutilmoqda. Uchrashuvning maqsadi - prezident Donald Tramp “barqaror emas” deb atagan Xitoy mahsulotlariga nisbatan keskin oshirilayotgan boj siyosatini yumshatish.
Foto: REUTERS
Reuters agentligining xabar berishicha, AQSh Xitoy mahsulotlariga 100 foizlik boj kiritishidan oldin muzokara o‘tkazadi. Bessent bu haqda Oq uyda o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilgan. Xitoy vitse-premeri Xe Lifeng bilan telefon orqali gaplashib, uchrashuv rejasi tasdiqlanganini bildirgan. Moliya vaziri ijtimoiy tarmoq Xʼda “AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo masalalari yuzasidan ochiq va batafsil muzokaralar olib bordik”, - deb yozgan.
Sinxua agentligining xabar berishicha, tomonlar ikki davlat iqtisodiy va savdo aloqalarining asosiy masalalari bo‘yicha “ochiq va konstruktiv” muloqot o‘tkazgan. Ular imkon qadar tezroq yangi savdo muzokaralarini boshlashga kelishib olgan.
Reuters’ning yozishicha, Bessent va Xe ilgari olti oy davomida Yevropaning bir necha shahrida uchrashib, o‘zaro tariflarni pasaytirish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishgan edi. Bu kelishuvning muddati 10 noyabrda tugaydi.
Malayziyada bo‘lib o‘tadigan yangi uchrashuv Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan va AQSh hamda Xitoy bilan faol savdo qiluvchi mamlakatda o‘tkazilishi bilan ahamiyatli. Tramp hozirda Malayziyadan keltiriladigan tovarlarga 19 foiz boj joriy qilgan, shuningdek, yarimo‘tkazgich va elektron qurilmalarga 100 foizgacha tarif solish bilan tahdid qilgan.
Tramp Pekinni “so‘nggi kelishmovchilik uchun” ayblab, Xitoyning nodir yer elementlari eksportiga qo‘yilgan yangi cheklovlarini tanqid qilgan. Agar Pekin bu cheklovlarni bekor qilmasa, u 1 noyabrdan boshlab Xitoy importiga qo‘shimcha 100 foiz boj joriy qilishini aytgan.
Bessent va AQSh savdo vakili Jyeymison Grir bu cheklovlarni “global ta’minot zanjirlariga xavf soluvchi harakat” deb atagan.
Tramp, shuningdek, ikki haftadan so‘ng Janubiy Koreyada Xitoy prezidenti Si Jinping bilan uchrashishini tasdiqlagan. “Biz Xitoy bilan kelishamiz deb o‘ylayman, lekin bu bitim adolatli bo‘lishi kerak”, degan Tramp Fox Business kanaliga bergan intervyusida.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yangi yirik bojlar e’lon qilinishi ortidan Xitoy Vashingtonni ikki tomonlama standartlarda ayblagandi.
O‘tgan haftada Tramp Xitoyning nodir metallar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishiga javoban Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik tariflarni e’lon qilgandi. Nodir elementlar Pekin va Vashington o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligida asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Xitoy Savdo vazirligi ushbu materiallarni qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq texnologiyalar bo‘yicha qat’iy eksport nazoratini e’lon qildi. Endilikda kompaniyalar nodir tuproq metallarini ishlab chiqarishda qo‘llanadigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni eksport qilishdan oldin ruxsat olishi kerak. Xorijiy firmalar uchun qo‘shimcha cheklovlar mavjud.
Mavzuga oid
18:22 / 20.12.2025
Xitoydan olib kelingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chegarada ushlab qolinayotganiga izoh berildi
14:26 / 20.12.2025
Putin: AQSh Alyaskada taklif qilgan murosalarga rozi bo‘ldik
09:41 / 20.12.2025
AQSh Suriyada IShID obektlariga zarba berdi
07:52 / 20.12.2025