Jamiyat | 20:01 / 16.12.2025
7298
5 daqiqa o‘qiladi

4 mlndan 100 mln so‘mgacha. Humans ilovasi orqali o‘g‘irlangan pullarni kim to‘laydi? 

Dekabr oyining boshida Humans atrofidagi mojaro yanada avj oldi. 4-8 dekabr kunlari kompaniyaning mobil ilovasiga ulangan bank kartalaridan millionlab pullar ommaviy ravishda yechib olindi. Karta hisob raqamidan pullari o‘g‘rilangan bir necha fuqarolar misqollab topgan mablag‘i qachon va kim tomonidan qaytarilishi bo‘yicha aniq javob izlamoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘nggi oylarda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq bahsli holatlar nihoyatda ko‘paydi. Xususan, 4-8 dekabr kunlari kompaniya ilovasiga ulangan yuzlab fuqarolarning plastik kartalaridan tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olindi. Kun.uz bilan bog‘langan murojaatchilar katta miqdorda pulidan ayrilgani, na Humans vakillari, na nazorat qiluvchi tashkilotlar tomonidan ularga tayinli javob berilmayotganidan norozi bo‘lishyapti.

Jabrlanuvchi Ibragim Salaxovning ta’kidlashicha, 8 dekabr kuni tunda uning kartasidan pul yechish boshlangan.

«Dastlab 5-10 daqiqa oralig‘ida 5 mln so‘mdan 4 marta pul yechilgan. Keyin 1 mln so‘mdan yechish boshlangan. Orada 1 mln so‘m qayta kartaga kelib ham tushgan. Umumiy hisobda mendan 23 mln so‘m yechib olingan. Bu narsa tungi 24:00 dan boshlangan bo‘lsa, ertalab 08:30 gacha davom etgan», deydi u.

Boshqa bir jabrlanuvchi Xayrulla Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, pul yechish 5 dekabrdan boshlangan. Undan 6 dekabr kuni 12:13 da 804 ming so‘m pul yechilgan.

«O‘tirgan joyimda SMS keldi. Qaraganimda hech qanaqa SMS-kod kelmagan, faqat Humans ilovasi orqali pul yechilgani ma’lum bo‘ldi. Shu joyning o‘zida 102 qildim. Kompaniyaning Instagram sahifasiga kirganimda jabrlanganlar ko‘p ekanligini ko‘rdim. Telegramda “Stop Humans” degan gruppa ochdim. 7-8 dekabr kunlari odam yig‘ilishi tezlashib ketdi”, deydi Qosimov.

Murojaatchi Ilhom Niyozqulovga ko‘ra, uning kartasida 12 mln 750 ming so‘m pul bo‘lgan. 6 dekabr kuni soat 18:23 dan boshlab 16 urinishda 12 mln 238 ming so‘m pul yechib olingan.

«6 dekabr kuni soat 18:00-19:00 lar atrofida kartamdan 700 ming so‘mga yaqin pul yechilgan. Bundan xabarim bo‘lmagan. 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi 00:40’da 5 mln 24 ming so‘m, keyin 01:57 da yana 5 mln 24 ming so‘m pul yechilgan. Men uxlayotgandim, xabarim bo‘lmagan. SMS, tasdiqlash kodi kelmagan. Hech qanaqa virusli dasturlarni ham ochmaganman. Mazkur holatdan ertalab xabar topdim va 102 ga, bankka ariza berdim. Umumiy yechilgan summa 11 mln 740 ming so‘mlar atrofida», deydi yana bir jabrlanuvchi Anvar Mamadullayev.

Boshqa bir murojaatchi Jaxongir Ahmedovning ta’kidlashicha, u prokuratura va IIBga kiberjinoyat yuzasidan ariza yozgan, ammo hech kim javob bermayotganidan norozi bo‘lyapti.

«Mendan 4 mln 600 ming so‘m pul yechib olingan», deydi Ahmedov.

Avvalroq, 100 mlnga yaqin pulidan ayrilgan jabrlanuvchining Humans operatori bilan suhbat audiosida kompaniya koll-markazi «hozir bu bo‘yicha texnik ishlar olib borilyapti, ariza olib qolyapmiz. Chatga skrinshot tashlab qo‘ying. Elektron pochta va pasport seriyasi ham kerak bo‘ladi. Shuningdek, kartangiz ulangan telefon nomer, kartangizning boshidagi oltita raqam va oxiridagi 4 ta raqamni ham yozing. Ariza 7 kunda ko‘rib chiqiladi», deya javob bergandi

Jabrlanganlarning so‘zlariga ko‘ra, ular kartadan kartaga pul o‘tkazishda imtiyoz taqdim qilingani, shuningdek, Humans sim kartalariga pul o‘tkazish faqatgina kompaniya ilovasi orqaligina amalga oshirilgani uchun plastik kartalarini ulaganini aytishyapti.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, jabrlangan har bir fuqaroning arizasi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi (qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irlik) bilan alohida tartibda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Humans kompaniyasi va Paylov to‘lov xizmati pullarning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq keysda bir-birini ayblab bayonotlar e’lon qildi. Markaziy bank esa jiddiy tekshiruv boshlanganini ma’lum qilib, jabrlanuvchilar huquq organlariga arz qilishi kerakligini bildirgandi

Doston Ahrorov, Kun.uz

Mavzuga oid