O‘zbekiston | 16:47 / 17.08.2019
42388
11 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi avtobus haydovchilariga aloqador yangi qaror qabul qiladi

Foto: Toshshaxartransxizmat

Vazirlar Mahkamasining “Avtobus haydovchilarining ish vaqti, dam olish vaqti va unga amal qilinishini nazorat qilish to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Nizom shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishlarda xamda turistik yo‘nalishlarda avtobuslar orqali yo‘lovchilarni, umumta'lim maktablari va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida o‘quvchi bolalar guruhlarini tashuvchi yuridik shaxslarga tegishli avtobus haydovchilariga, tashkiliy-huquqiy shakli va mulk shakllari, idoraviy mansubligidan qat'iy nazar yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Avtobus haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqtini nazorat qilish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga asosan ish beruvchilarga yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta'minlashga doir” 482-sonli Qaroriga muvofiq:

mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar avtobuslarda yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchilarning xavfsizlikni ta'minlashdagi asosiy vazifasi haydovchilar tomonidan ish vaqtining yo‘l qo‘yiladigan muddatiga rioya etilishi, shuningdek ularning dam olishi va ovqatlanishi tashkil etilishini nazorat qilish hisoblanadi;

yo‘lovchilarni shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro tashuvchi avtobuslar servis ustaxonasi plombasi bo‘lgan nazorat priborlari (taxograf) bilan jihozlangan, xalqaro tashishlarda esa O‘zbekiston Respublikasining tanitish belgisiga ham ega bo‘lishlari kerak;

shaharlararo-viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishlarda, sayohat-ekskursiya yo‘nalishlarida avtobuslar harakati jadvalida avtobusni har 1,5 soat boshqarishdan keyin haydovchining kamida 15 minut yoxud 4,5 soat boshqarishdan keyin 45 minut dam olishi majburiy tartibda nazarda tutiladi;

avtobus haydovchisi nazorat punktlarida (avtovokzallar, avtostansiyalar, dispetcherlik punktlari), harakat jadvalida nazarda tutilgan hollarda, chipta-hisobga olish varaqasida kelgan va jo‘nab ketgan vaqti to‘g‘risida belgi qo‘ydirishi kerak.

Avtobusda xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi haydovchilarning mehnat va dam olish tartibi va me'yorlari O‘zbekiston Respublikasi qatnashchi hisoblanuvchi “Avtomobilda xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi transport vositalari ekipaji ish faoliyati to‘g‘risida”gi Yevropa kelishuvi asosida tartibga solinadi.

Nizomda nazarda tutilgan avtobus haydovchilarining mehnat va dam olish vaqti normalari haydovchilarning ish grafigini (smena) tuzishda qo‘llaniladi.

Ushbu Nizomda ko‘rsatib o‘tilmagan avtobus haydovchilarining mehnat va dam olish tartibi bo‘yicha masalalar avtobuslarda yo‘lovchi tashish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va xalqaro shartnomalar asosida tartibga solinadi.

Avtobus haydovchilari uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.

Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha avtobus haydovchilari uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Avtobus haydovchisining ish kuni kelishuv asosida ikki qismga bo‘linishi va ular orasidagi tanaffus 5 soatdan kam bo‘lmasligi kerak.

Avtobus haydovchilariga tungi vaqtdagi ishlarning muddati soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt hisoblanadi.

Agar haydovchi uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi.

Ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra zarur bo‘lgan hollarda, xususan ishlab chiqarish uzluksiz bo‘lgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena bo‘lib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi.

Avtobus haydovchilarining bir sutkadagi boshqaruv davri to‘qqiz soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmaydigan shart bilan ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin. Bunda hisobga olinadigan davr bir yildan, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati esa o‘n ikki soatdan ortib ketmasligi lozim.

Shaharlararo tashishlarda avtobus haydovchisining avtobusda o‘n ikki soatdan ortiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan hollarda, haydovchi dam olishi uchun joy jihozlangan bo‘lishi va reysda ikki nafar haydovchi bo‘lishi lozim.

Avtobus haydovchisining ish vaqti tarkibiga quyidagilar kiritiladi:

liniyaga chiqish oldidan va liniyadan qaytgandan so‘ng ishlarni bajarish vaqti;

shaharlararo tashishlarda borish yoki qaytish maskanida, smena boshlanishi oldidan va yakunlanganidan so‘ng yo‘lda (to‘xtab turish joyida) ishlarni bajarish uchun tayyorgarlik va yakunlash ishlarini bajarish vaqti;

haydovchilarni bir smenada besh daqiqaga qadar reys oldi tibbiy ko‘rikdan o‘tish vaqti;

avtobusning liniyada harakatlanish vaqti;

to‘xtab turish vaqti; 

yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish joylaridagi vaqti;

avtobus haydovchisining aybisiz bo‘sh turib qolingan vaqti;

yo‘nalishdagi yakuniy punktlarda qatnov jadvalida ko‘zda tutilgan qisqa muddatli to‘xtagan vaqti.

Avtobus haydovchilari shaharlararo tashishlarda avtotransport vositasining uzluksiz bir yarim soat boshqaruvidan so‘ng o‘n besh daqiqa yoki to‘rt yarim soatdan so‘ng qirq besh daqiqa dam olishi uchun to‘xtashlari kerak.

Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa tashkilotlarda texnologik jarayondagi tashishlarda band haydovchilar uchun smena grafiklari xizmat ko‘rsatilayotgan obektlardagi ishlarning smena grafiklariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Avtobus haydovchilari shaharlararo yo‘lovchilar tashish ishlarini bajarish uchun reyslarga jo‘natilganda (haydovchi grafik bilan belgilangan smenada doimiy ish joyiga qaytishga ulgura olmaganda), haydovchilarga tashuvchi tomonidan topshiriq (jadval, grafik) bilan belgilangan vaqt ish vaqti sifatida hisobga olinadi.

Ish vaqtidan tashqari ishlar avtobus haydovchisining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Avtobus haydovchilari quyidagi huquqlarga ega:

ish smenasi mobaynida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga chiqish (tushlik tanaffusi);

har kunlik (smenalararo) dam olish;

har haftalik dam olish (dam olish kunlari);

bayram kunlarida dam olish;

o‘rnatilgan tartibda ta'tilga chiqish.

Dam olish joyi avtobuslarning harakat jadvaliga mos ravishda ish beruvchi tomonidan tanlanadi va haydovchi undan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishi mumkin.

Avtobus haydovchilarining har haftalik dam olishi uzluksiz qirq ikki soatdan kam bo‘lmasligi kerak.

Bir haftadan ortiq davomiylikdagi shaharlararo tashishlarda band bo‘lgan avtobus haydovchilariga, safar davrida har haftalik dam olish kunidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, haydovchi doimiy ish joyiga qaytib kelganidan so‘ng ishlangan vaqt uchun dam olish kuni (otgul) berilishi lozim.

Ish vaqtini umumlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilish avtobus haydovchilariga, har kunlik dam olish kunlari smena grafiklariga asosan haftaning turli kunlarida belgilanishi mumkin.

Avtobus haydovchilari bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashlari man etiladi. Avtobus haydovchilarini shu kunlari ish beruvchining farmoyishi bilan ishga jalb etishga alohida hollardagina O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘lq o‘yiladi.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlari bajarilgan ishlar uchun kompensatsiya va haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Avtobus haydovchilariga yillik ta'tillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar tashuvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.

Avtobusda tashuvlarni amalga oshiruvchi korxonalar qo‘l ostidagi barcha hujjatlardan: haydovchining ish grafigi, yo‘l varaqasi, shaxsiy nazorat kitobchasi, taxograf yozuvlarining tahlili  natijalaridan foydalangan holda avtobus haydovchisini boshqaruv vaqti, ish va dam olish vaqtini nazorat qilishlari kerak. Mehnat va dam olish tartibi buzilgan hollarda korxona darhol ularni bartaraf etishi va kelajakda ularga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Avtobuslar yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida ish beruvchi tomonidan haydovchilarni yo‘nalishdagi harakat vaqtida charchog‘ini aniqlash qurilmalari bilan jihozlanishi zarur.

Haydovchining mehnat va dam olish tartibini ta'minlamagan ish beruvchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Liniyaga taxografi yo‘q yoki nosoz taxograf bilan avtobuslarni chiqargan ish beruvchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Korxona haydovchining haqiqiy ishlash va dam olish tartibini tasdiqlovchi hujjatlarni, taxograf yozuvlarini, foydalanilgan shaxsiy nazorat kitobchalarini oxirgi yozuv qayd etilgan kundan boshlab o‘n ikki oy davomida saqlashi va nazoratchi talabiga binoan unga taqdim etishi kerak.

Har bir avtobus haydovchisi kun davomida shaxsiy nazorat kitobchasiga dam olish soatlarini qayd etib borishi kerak. U o‘z yonida nazorat kitobchasini olib yurishi va nazoratchi talabiga ko‘ra taqdim etishi kerak. Agar avtobus elektron yoki raqamli nazorat moslamasi (taxograf) bilan jihozlangan bo‘lsa nazorat kitobchasi bo‘lishi talab etilmaydi.

Avtobus haydovchilarining smenalar orasidagi dam olish vaqtini aniqlash yo‘l varaqasidagi haqiqiy garajdan chiqish ma'lumotlari bilan avvalgi kun uchun garajga kirib kelganlik ma'lumotlarini taqqoslash yo‘li bilan Chipta-hisob va yo‘l varaqalarini to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomaga mos ravishda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid